Jahon | 20:12 / 30.12.2020
10928
3 daqiqa o‘qiladi

Ug‘ur Shahin: koronavirus yana 10 yilcha hayotimizni tark etmaydi

Koronavirusga qarshi mRNA usulida vaksina ishlab chiqishga bosh-qosh bo‘lgan germaniyalik Ug‘ur Shahin pandemiya haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ayni kunlarda butun dunyoni o‘ziga qarata olgan BioNTech laboratoriyasi asoschisi va rahbari professor Ug‘ur Shahin 1 million 800 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan koronavirus pandemiyasi haqida o‘z qarashlarini bayon etdi. Uning fikricha, Covid-19 hayotimizdan to‘liq chiqib ketishi uchun yana kamida 10 yil muddat kerak.

Koronavirus pandemiyasining eng ayanchli oqibati hayot tarzimizni butkul o‘zgartirib yuborganidir. BioNTech CEO’si Shahin «normal hayot tarzi» degan narsa o‘zgarib, o‘zgacharoq ma'no kasb etishi lozimligini ta'kidlagan. Bu juda o‘yga toldiradigan fikr emas. Zero, masofadan ta'lim olish va uydan turib ishlash hayotimizga kirib kelib bo‘lgan amaliyotlar. Boshqacha qilib aytsak, endi tom ma'noda hayotning bir qismiga aylana oldi. 

BioNTech va Pfizer vaksinasi 95 foiz samaradorlik qayd etyapti

Ug‘ur Shahin nomi hayotimizga koronavirus pandemiyasi bilan birgalikda kirib keldi. Pandemiya boshlangach, u Pfizer kompaniyasi bilan hamkorlikda mRNA usulida vaksina ishlab chiqishni boshladi va dunyoda birinchilardan bo‘lib koronavirusga qarshi xavfsiz va samarali preparat yarata oldi. Hozirga kelib, jahonning 30dan ortiq davlatida Ug‘ur Shahin laboratoriyasida yaratilgan vaksinadan foydalanishga ruxsat berildi.

Milliardlab dozadagi preparatlarga buyurtmalar olindi va yirik davlatlar bir necha yillik ishlab chiqarish quvvatlariga pul to‘lab qo‘yishdi. 

Nihoyatda samarali deb topilgan vaksinaga savollar tug‘ila boshladi. Dekabr oyi boshida koronavirusning Britaniyada paydo bo‘lgan yangi shtammi ko‘pchilikni o‘yga toldirib qo‘ydi. Ug‘ur Shahin esa, o‘zi yaratgan vaksinani ham, boshqa vaksinalarni ham virusning mutatsiyaga uchragan shakliga ta'sir ko‘rsata olishiga ishonchi komilligini ma'lum qilgan. Ta'siri kamayadigan bo‘lsa, yangi versiyaga qarshi samarador vaksinani ishlab chiqish 6 hafta ichida amalga oshirish mumkinligini aytgandi.

Mavzuga oid