Jahon | 09:54 / 07.01.2021
6735
3 daqiqa o‘qiladi

Hongkongda davlat to‘ntaruvini amalga oshirishga urinish uchun 53 muxolifatchi ushlandi

Hongkongda mingga yaqin politsiyachi hokimiyatga tajovuz qilish va milliy xavfsizlik haqidagi qonunni buzganlikda gumon qilingan muxolifatchilarni ushlash bo‘yicha amaliyotda ishtirok etdi. Amaliyot vaqtida 23 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan 53 kishi, jumladan 45 erkak va 8 ayol ushlangan.    

Muxolifatchilarning hibsga olinishi 2020 yil iyulda muxolifatning sentyabrda o‘tishi kerak bo‘lgan qonunchilik kengashiga saylovlar uchun nomzodlarni tanlab olish bo‘yicha o‘tkazgan praymerizi bilan bog‘liq holda o‘tkazilgan. Biroq ushbu saylovlarni pandemiya sababli bir yilga qoldirishga qaror qilingandi. Pekinda muxolifatning ushbu tadbiri “noqonuniy manipulyatsiyalar” deb atalgan. 

Hongkongning xavfsizlik masalalari bo‘yicha kotibi Jon Lining ta'kidlashicha, hibsga olinganlar til biriktirish va noqonuniy praymeriz o‘tkazish yordamida qonunchilik kengashi tarkibiga o‘z nomzodlarini ilgari surishga harakat qilishgan. Ular shu yo‘l bilan kengashdagi o‘rinlarning yarmidan ko‘pini egallab, budjet qabul qilinishida taqiqlov qo‘llab, ijrochilik hokimiyati rahbari iste'foga ketishga majbur bo‘ladigan, hukumat esa faoliyat yurita olmaydigan vaziyatni yuzaga keltirishga urinishgan.

Lining ta'kidlashicha, muxolifatchilarning 10ta qadamdan iborat bo‘lgan ushbu “qo‘poruvchi rejasi” ko‘chalarda ommaviy tartibsizliklar uyushtirish va jamiyatni falajlashga olib keluvchi boshqa harakatlarni ham ko‘zda tutgan.

Qo‘lga olinganlar orasida qonunchilik kengashining sobiq deputatlari, norozilik namoyishlari faollari hamda amerikalik huquqshunos bor.

O‘tkazilgan amaliyot 2020 yil iyunda Xitoy parlamenti tomonidan Hongkongda milliy xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha qonun qabul qilingandan keyin eng yirigi bo‘ldi. Pekinda ta'kidlanishicha, ushbu qonun ayirmachilik, terrorchilik, hokimiyatni qo‘porish, xorijiy kuchlar bilan til biriktirish kabi jinoyatlar oldini olishga qaratilgan.

Ushbu qonun qabul qilingandan keyin Hongkongda ko‘plab radikal muxolif faollar hukumatga qarshi faoliyatini to‘xtatgan, ba'zilari esa xorijga qochgan.

Avvalroq Hongkongda ushbu qonunni buzganlikda gumon qilinib 40 kishi qo‘lga olingandi. Ular orasida muxolifatchi mediamagnat Jimmi Lay ham bor. Hozircha ulardan birortasiga hukm chiqarilmagan.

Mavzuga oid