Jamiyat | 15:52 / 08.01.2021
27119
5 daqiqa o‘qiladi

Nos chekish saratonga olib kelishi mumkin - SSV mutaxassisi

O‘zbekistonda tutunsiz tamaki mahsulotlari, jumladan, nos aylanmasini taqiqlovchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlab, tutunsiz tamaki mahsulotlarining inson organizmiga zararli ekanligi borasida aholi orasida muntazam targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti, tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat Shukurov SSV matbuot xizmati bilan suhbatda O‘zbekistonda keng tarqalgan nosvoyning inson salomatligiga salbiy ta'sirlari, O‘zbekistonda qancha odam bu illatga ruju qo‘ygani, jahon mamlakatlaridagi holat bo‘yicha ma'lumotlar berdi.

— Nos to‘q yashil yoki sarg‘ish yashil murakkab tarkibli moddalar aralashmasidan iborat. Asosan bu mahsulot uy sharoitida sanitariya qoidalariga rioya qilinmagan holda turli usullarda tayyorlanadi. Uni tayyorlash usulini ko‘rgan, tarkibida qanday moddalar borligi bilgan kishi nos chekishdan voz kechishi turgan gap. Uning tarkibida tamaki yaprog‘i, kul (g‘o‘zapoya yoki boshqa o‘tinlar kuli), o‘simlik moyi (paxta yoki kunjut moyi), so‘ndirilgan ohak hamda shirin ta'm beruvchi qo‘shimchalar bo‘ladi. Agar insonga ushbu mahsulotlar: qurilish ohagi, kul, tamaki yaprog‘ini bersangiz iste'mol qilishni xohlarmidi? Ammo mamlakatimizda nos chekuvchi insonlar soni juda ko‘p, ayniqsa yoshlar orasida.

— Nosning inson organizmiga salbiy ta'sirlari qanday?

— Nos psixoaktiv moddalar qatoriga kiradi va markaziy asab tizimiga ta'sir ko‘rsatib, ruhan va jismonan kuchli qaramlikni yuzaga keltiradi. Nos og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, qizilo‘ngach va oshqozonga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir etib, shilliq qavatlarni doimiy shikastlaydi va shu ta'sir natijasida shilliq qavatlarda saraton kasalligi rivojlanishiga olib keladi. Bu kasallikka uchraganlarning 95 foizi nosga ruju qo‘ygani ilmiy jihatdan isbotlangan. 

Nos qonga so‘rilib, bosh miya, jigar, buyrak, oshqozonosti bezi va boshqa organlar faoliyatiga salbiy ta'sir etib, shu a'zolarning kasallanishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, og‘iz bo‘shlig‘ida so‘lak bezlari faoliyatining buzilishini yuzaga keltiradi. 

Bundan tashqari, nosvoy iste'mol qiladigan erkaklarda bepushtlik, og‘iz va milklarning yallig‘lanishi, milklar atrofiyasi, kariyes kabi kasalliklar kuzatiladi. 

Nos o‘smirlarning ruhiy rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatib, xotira yomonlashishi, jizzakilik hamda darslarni o‘zlashtirish keskin pasayishiga olib keladi. 

— O‘zbekistonda nos chekuvchilar soni qancha? U qay darajada ommalashib bormoqda?

— Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda katta yoshdagi kashandalarning soni 1,1 milliard bo‘lib, ularda kamida 367 million kishi tutunsiz tamaki iste'mol qiladi. Mamlakatimizda erkaklarning qariyb har to‘rtdan bittasi nosvoy iste'mol qilishi kuzatiladi. 

O‘zbekistonda nosvoy bozorlarda, ko‘chalarda va ta'lim muassasalari oldida ochiq sotiladi. Uni ishlab chiqarish va sotishni cheklash bo‘yicha hech qanday qonun hujjati va ko‘rsatma mavjud emas. Eng achinarlisi, muntazam tutunsiz tamaki iste'mol qiluvchi minglab insonlar bevaqt o‘lim xavfiga duchor bo‘lmoqda. 

— Tutunsiz tamaki mahsulotlari ommalashishini cheklash bo‘yicha dunyo tajribasi qanday? 

— Avstraliya, Singapur, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarda tutunsiz tamaki mahsulotlarini sotish taqiqlangan. Bir qator MDH mamlakatlari (Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Turkmaniston)da ham nosvoy ishlab chiqarish va sotishga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Nosvoy inson salomatligiga katta zarar keltirayotgani uchun tegishli idoralar tomonidan mamlakatimizda tutunsiz tamaki mahsulotlarini, jumladan, nos aylanmasini taqiqlovchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlab, tutunsiz tamaki mahsulotlarining inson organizmiga zararli ekanligi borasida aholi orasida muntazam targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.

Xulosa qilib aytganda, avvalo, bunday mahsulotlarning inson salomatligi uchun xavfli ekanini aholining o‘zi teran anglab yetishi zarur. Shundagina bu borada ijobiy natijalarga erishishimiz mumkin.  

Mavzuga oid