O‘zbekiston | 09:46 / 13.01.2021
9629
1 daqiqa o‘qiladi

«Abu Saxiy»dan olib qochilgan mashina Bekobod tumanidan topildi

2021 yilning 7 yanvar kuni taxminan soat 11:30dan 12:00gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma'lum shaxs Toshkent shahri Chilonzor tumani THAY ko‘chasining “Toshkent savdo markazi” bozoriga tutashgan qismida qarovsiz qoldirilgan, 35 yoshli A.K.ga tegishli bo‘lgan oq rangli “Neksiya 2” avtomashinasining eshigi ochiq holda turganidan foydalanib, mazkur avtoulovni noma'lum tomonga olib qochib ketgan.                   

Foto: Tergov departamenti

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, holat yuzasidan Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida oq rangli “Neksiya 2” avtomashinasi Toshkent viloyati Bekobod tumani hududidan topilgan va ushbu jinoyatni 36 yoshli Sh.X. sodir etgani aniqlangan.   

Dastlabki tergov jarayonida Sh.X. protsessual tartibda ushlanib, unga nisbatan ayblov e'lon qilingan va “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.

Mavzuga oid