O‘zbekiston | 13:40 / 13.01.2021
18515
2 daqiqa o‘qiladi

ID-kartani respublikaning istalgan hududidan olish mumkin - IIV rasmiysi

2021 yil 4 yanvardan boshlab, O‘zbekistonda biometrik pasportlarni ixtiyoriy asosda ID-kartalarga almashtirish boshlandi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

O‘zbekiston Respublikasining shaxs guvohnomasi (ID-karta)ni berish jarayoni eksterritorial tartibda yo‘lga qo‘yilgan.

«Respublikaning istalgan tumanidagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limidan ID-kartani olish imkoniyati bor», – dedi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshqarma boshlig‘i Fazliddin Usmonov 12 yanvar kungi matbuot anjumanida.

ID-karta olish uchun fuqarolar pasport yoki u yo‘qolgan yoxud zarar yetgan bo‘lsa, uning o‘rnini bosuvchi hujjatni taqdim etishi lozim.

Guvohnomani olish uchun my.gov.uz portali orqali onlayn ariza berish ham mumkin. U zarur hujjatlar qabul qilib olingan va to‘lov qilinganidan so‘ng, 1 ish kuni mobaynida rasmiylashtirib beriladi.

Ayni paytda to‘lov miqdori BHMning 89 foizi (198 470 so‘m)ni tashkil etadi. BHM miqdori 1 fevraldan o‘n foizga ko‘tariladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi, 10 yil muddatga beriladigan biometrik pasporti 2031 yildan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.

4 yanvardan 12 yanvargacha 16 471 nafar fuqaroga ID-karta rasmiylashtirilgan.

Mavzuga oid