O‘zbekiston | 11:35 / 13.01.2021
25502
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda qulab tushgan bino ishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov xabar bermoqda.

Joriy yil 10 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Jizzaxda yangi qurilgan ko‘p qavatli bino qulab tushganligi haqida xabarlar tarqalgan va bu borada dastlabki rasmiy bayonot berilgan.

“Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda”, - deyiladi xabarda.

Joriy yilning 10 yanvar kuni soat 17:10da Jizzax shahridagi «Zilol» mahallasi Mustaqillik ko‘chasida yangidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan biri kutilmaganda, hech bir tabiiy ofat ta'sirisiz qulab tushdi.

Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Foydalanishga topshirilmagan bino 6 qavatli bo‘lib, xususiy tadbirkor tomonidan ustki 4 qavati turar joy, dastlabki 2 qavati noturar joy sifatida qurilayotgan bo‘lgan.

Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida hukumat komissiyasi tuzildi.

Komissiya zimmasiga 6 qavatli uyning qulab tushish sabablari, bunga omil bo‘lgan holatlar, loyiha hamda pudratchi tashkilot tomonidan uyning barpo etilishi davrida shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilgani, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amaldagi normativ-me'yoriy huquqiy hujjatlarni o‘rganib chiqib, taklif kiritish vazifasi yuklatilgan.

Mavzuga oid