Jahon | 09:02 / 14.01.2021
27240
4 daqiqa o‘qiladi

Tarixda birinchi marta: AQSh vakillar palatasi Trampga ikkinchi marta impichment e'lon qildi 

Foto: EPA

AQSh kongressi vakillar palatasining aksariyat a'zolari AQSh prezidenti Donald Trampga impichment e'lon qilish haqidagi rezolyutsiyani ma'qulladi. E'tiborlisi, kongressning quyi palatasi AQSh tarixida birinchi marta amaldagi prezidentga ikkinchi marta impichment e'lon qilmoqda.

Endilikda hujjat kongressning yuqori palatasi – senatga ko‘rib chiqish uchun o‘tadi.   

O‘z lavozimidan ketishiga bir hafta qolgan amaldagi prezidentga impichment e'lon qilish uchun 232 kongressmen, jumladan 10 respublikachi ovoz berdi, 197 nafari qarshi chiqdi.     

Rezolyutsiyada Tramp o‘tgan hafta Kapitoliyda yuz bergan tartibsizliklar ortida isyonga chaqirishda ayblangan.

Hujjat senatga topshirilgach, u yerda sud jarayoni boshlanadi. Biroq senatda ko‘pchilikni Trampning partiyadoshlari tashkil qiladi va u yerda rezolyutsiya yoki rad etilishi, yoki ko‘rib chiqilishi keyingi prezident kelgunicha cho‘zilishi mumkin. Senatdagi ko‘pchilik yetakchisi, respublikachi Mitch Makkonell impichment masalasini ko‘rib chiqish uchun shoshilinch yig‘ilish chaqirtirmasligini aytgan. Senatning reja bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 19 yanvarga, saylangan prezident Jo Baydenning inauguratsiyasi esa 20 yanvarga belgilangan.  

AQSh OAVda ta'kidlanishicha, ushbu masala tezkor shaklda ko‘rib chiqilishiga qaramay, senatorlar uni Baydenning inauguratsiyasigacha ko‘rib chiqishga ulgurishlari dargumon.

Biroq senat impichment bo‘yicha sud jarayonidan foydalanib, Trampni yana prezident lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surish huquqidan mahrum etish bo‘yicha ovoz berish o‘tkazishi mumkin.

6 yanvarda Tramp tarafdorlari Vashingtondagi Kapitoliy binosiga bostirib kirib, u yerda tartibsizliklar uyushtirgandi. O‘sha vaqtda kongress binosida Baydenning g‘alabasi bilan yakunlangan prezident saylovlari natijalarini tasdiqlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tayotgan bo‘lgan. Yuz bergan voqealar natijasida yig‘ilish to‘xtatilib, kongressmenlarning bir qismi evakuatsiya qilingandi.

O‘sha kuni bu voqealardan avvalroq Tramp Vashingtonda tarafdorlari bilan uchrashib, unda to‘planganlarni Kapitoliyga kelib, qonun chiqaruvchilarni “o‘g‘irlangan saylovlar” bo‘yicha o‘z noroziliklarini bildirishga chaqirgan. 

Kapitoliyda tartibni tiklashga muvaffaq bo‘lgach, kongress o‘z ishini davom ettirib, Baydenning g‘alabasini tasdiqlagan. 

E'tiborlisi, Tramp vakillar palatasi ikkinchi marta impichment e'lon qilgan AQSh tarixidagi birinchi prezident bo‘ldi. Amaldagi prezidentga birinchi impichment 2019 yil dekabrida e'lon qilingandi. O‘shanda kongressmenlar Trampni hokimiyatni suiiste'mol qilish va kongress o‘tkazgan tergovga to‘sqinlik qilishda ayblashgan. Biroq senat impichmentga qarshi ovoz bergan.

O‘shanda impichment e'lon qilinishiga Trampning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon suhbati asos bo‘lgan. Suhbat davomida AQSh prezidenti ukrainalik hamkasbidan Jo Bayden va uning o‘g‘li Xanterga qarshi tergov boshlashni talab qilgan. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Zelenskiy rad javobini bersa, Tramp Kiyevga harbiy yordamni to‘xtatish bilan po‘pisa qilgan. 

Mavzuga oid