O‘zbekiston | 22:21 / 15.01.2021
37831
4 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shfuqarolikka ruxsat yo‘q: IIV rasmiysi batafsil izoh berdi

Agar O‘zbekiston fuqarosi boshqa davlat fuqaroligini olsa, unga ikki fuqarolikdan birini tanlash sharti qo‘yiladi.

Chet elga chiqib ketgan O‘zbekiston fuqarosi mamlakat fuqaroligidan chiqmagan holda chegaradan chet davlat pasporti bilan kirib kelsa, u O‘zbekiston fuqarosi sifatida tan olinadi, deb ma'lum qildi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Dilshodbek Murodbekov.

U 12 yanvar kungi matbuot anjumanida aytdiki, boshqa davlat fuqaroligini olgan shaxs O‘zbekiston fuqaroligidan chiqmagan taqdirda, uning pasporti yo‘qolgan yoki amal qilish muddati tugagan bo‘lsa, ushbu holatda unga fuqarolikni tasdiqlovchi ID-karta berilishi mumkin.

«O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunga binoan, agar shaxs ixtiyoriy ravishda chet davlatning fuqaroligini olgan bo‘lsa, u O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotadi.

Dilshodbek Murodbekovning yuqoridagi bayonotidan so‘ng, ko‘plab vatandoshlarda O‘zbekiston fuqarosi bir vaqtning o‘zida chet el fuqaroligiga ham ega bo‘lishi mumkin ekan, degan fikrlar kelib chiqmoqda.

Kun.uz muxbiri holatga aniqlik kiritish maqsadida IIV MFRBB rasmiysi Dilshodbek Murodbekov bilan bog‘landi.

Uning bildirishicha, yuqorida aytgan fikrlarining barchasi to‘g‘ri hamda «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunda o‘z aksini topgan. Ya'ni chet elga chiqib ketgan O‘zbekiston fuqarosi fuqarolikdan chiqmagan holda chegaradan chet davlat pasporti bilan kirib kelsa, uning faqat O‘zbekiston fuqaroligi tan olinadi.

Ammo bu – shaxsning doimiy ravishda ham O‘zbekiston, ham boshqa davlat fuqaroligida yurishi mumkinligini anglatmaydi. Ya'ni ichki ishlar organlari shaxsning boshqa davlat fuqaroligini olganini eshitishi yoki undagi boshqa davlat pasportini ko‘rishi hamon O‘zbekiston fuqaroligidan avtomatik tarzda chiqarib yuborish masalasini ko‘rmaydi.

Bunda, dastlab ushbu shaxsning rostdan ham boshqa davlat fuqaroligini olganiga tegishli tashkilotlar yordamida aniqlik kiritiladi. Shundan so‘ng, ushbu shaxsdan agarda boshqa davlat fuqaroligidan o‘z vaqtida voz kechmasa, O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilinishi haqida tilxat olinadi.

Bunda, shaxsga fuqarolik to‘g‘risidagi qonunchilik batafsil tushuntiriladi va chet el fuqaroligidan voz kechmaslik oqibatlaridan ogohlantiriladi.

Berilgan muddat davomida shaxs chet el fuqaroligidan voz kechmasa, uning O‘zbekiston fuqaroligi prezident farmoni bilan tugatiladi. Ushbu holatda shaxs hech qanday ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

  • Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda «Buyuk kelajak» eksperti Nur Parpiyev rasmiy nashrdagi maqolasida O‘zbekistonda qo‘shfuqarolikni joriy etishni taklif qilgandi.
  • Bu taklifga javoban, «Yuksalish» umummilliy harakati «O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot bosqichida qo‘shfuqarolik dolzarb masala emas»ligini bildirgan; Ichki ishlar vazirligi esa ikki fuqarolikni qonuniylashtirish masalasi kun tartibida emasligini qayd etgan edi.

Mavzuga oid