O‘zbekiston | 11:21 / 16.01.2021
52888
3 daqiqa o‘qiladi

Qayroqqum suv ombori o‘pirilgani haqida xabar tarqatganlar qo‘lga olindi

14 yanvar kuni yarim tunda ijtimoiy tarmoqlarda Tojikiston hududida joylashgan Qayroqqum suv ombori o‘pirilgani to‘g‘risida mish-mishlar tarqalgan, FVV bu xabarlarni rad etgandi. Ammo bu mish-mishlar rasman rad etilguniga qadar aholi orasida vahima ko‘tarilib ulgurgan, juda ko‘pchilik yashash hududini tark etishga oshiqqan edi.

Sirdaryo viloyat telekanali yangiliklar dasturining ichki ishlar boshqarmasiga asoslanib xabar berishicha, aholi orasida vahima uyg‘otuvchi noto‘g‘ri ma'lumot tarqatganlar qo‘lga olingan. Lavhadan ko‘rinadiki, ular jami 10 kishi. Qo‘lga olinganlar orasida ayol kishi va mahalliy bloger ham bor.

Qo‘lga olinganlardan biri shu xabarni eshitishi bilan o‘z ayoliga zudlik bilan akasinikiga borib turishni, o‘zi ham tez orada yetib borishini tayinlaydi. Keyinchalik Tojikistonda yashovchi tog‘asidan bu xabar noto‘g‘riligini eshitadi, ammo bunga qadar hamma joyda vahima tarqalishga ulgurgani, qilgan ishidan afsusdaligini bildiradi.

Oqoltinlik bloger esa “Yutub” va “Telegram” tarmoqlaridagi o‘z sahifalarida “Qayroqqum suv ombori urib [o‘pirilib] ketdi, tezkor tarqating” sarlavhali ma'lumot joylagan.

“Ko‘proq odamlarga xabar berish maqsadida o‘zim tasvirga olgan videoni “Yutub”ga joyladim. Keyin qarasam ichki ishlar xodimlari ovoz kuchaytirgichlar orqali aholini tinchlantirib yurgan ekan. Darhol kirsam joylagan lavham “prosmotr” yig‘ishga ulgurgan ekan. Ya'ni bu lavham odamlar ko‘ngliga g‘ulg‘ula solishi mumkin. Blogerlarga maslahatim, biror xabarni tarqatishdan oldin yaxshilab tekshiring”, – deydi u.

Yana bir erkak esa o‘zi yashovchi pod'yezddagi qo‘shnilari eshiklarini taqillatib chiqqani, bu orqali ularga tezroq xabar berishni istaganini, qilgan ishidan afsusdaligini bildiradi. 

Eslatib o‘tamiz, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasi (Yolg‘on axborot tarqatish) ikkinchi qismiga ko‘ra jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 244-6-moddasi (Yolg‘on axborot tarqatish) ikkinchi qismiga ko‘ra jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Mavzuga oid