Karim Bahriyev - chala so‘z erkinligi, Islom Karimovni cho‘chitgan loyiha va jurnalist sha’ni haqida
Ijtimoiy jarayonlar va o‘zbek adabiyotiga doir mavzularda turkum suhbatlar tashkil etib kelayotgan Kun.uz'ning navbatdagi suhbatdoshi jurnalist, shoir, tarjimon va media huquqi mutaxassisi Karim Bahriyev bo‘ldi.
— Bugun «uchinchi renessans» o‘zbekistondagi amaldorlar orasida ko‘p qo‘llanilayotgan atamaga aylandi. Siz bu atamani aslida qanday tushunasiz va umuman, renessans haqida hozirdan gapirishimiz qanchalik to‘g‘ri?
— Biz Navoiy, Jomiy yashagan, yoki undan oldinroq – Beruniy davri, ilm davrini renessans deymiz. Bu juda katta tushuncha. Masalan, hozir G‘arbda ulkan tadqiqotlar qilinyapti. Ayrim universitetlarda o‘nlab Nobel mukofoti laureatlarlari chiqdi.
Renessans davrida 50ga yaqin daho chiqishi kerak. Masalan, biz Navoiyni daho deymiz, qisinib, qimtinib Abdulla Oripovni daho shoir deymiz. Xo‘sh, bizning she’riyatimizda 50 nafar Abdulla Oripov, ilmimizda 50 nafar Beruniy chiqyaptimi?
Bizda qachonki, dunyoni lol qoldirgan kashfiyotlar bo‘lsa, shundagina renessans bo‘ladi. Shuning uchun renessans – bizga ideal. Bugungi foydalanayotganimiz esa Islom Karimovning «Buyuk kelajak» iborasiga o‘xshaydi. Men buni bir kitobimda ham yozganman: «Nabiralar, evaralarga ayting, «buyuk kelajak» albatta keladi, kutishsin». Biz uni ko‘rmaymiz, lekin evaralarimiz ko‘rishar balki.
Bugunini yaxshilay olmaydigan odamlar ertaning umidi bilan yashaydi. Shuning uchun biz shu paytda, shu yurtni obod va farovon qilishimiz kerak. Qandaydir olisdagi narsani orzu qilib yashamasligimiz kerak.
Men Amerikaning buyuk shoiralari Emili Dikinson va Edna Sent-Vinsent Milleyning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilganman. Dikinsonning «Qari qiz» nomli she’ri bor. Shu she’rdagi obrazlar silsilasiga qarasangiz, «Qari qizning eri qabr. Qari qiz erini juda uzoq kutadi va go‘riga gulchambar ham taqdim qiladi», deydi. Qarang, qanday kutilmagan obraz, kutilmagan o‘xshatish. Millat o‘sha qari qiz holiga tushib qolmasligi kerak. Renessans ertaga bo‘ladi deb, kutib yashamasligi kerak. Bugun harakat qilish kerak.
Renessans bir shior, ideal sifatida qayerdadir turishi kerak. Unga borish oson emas. Yuzta tovuq boqqan bilan renessansga borish qiyin.
— Ayrim paytda biror jurnalistning nimadir bo‘lib, o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgani, kasbiy sobitligini yo‘qotishiga guvoh bo‘lamiz. Siz ustoz jurnalist sifatida bu kasbda sha’n masalasini qanday toza saqlab qolish mumkin deb hisoblaysiz? Vijdon emas, aynan sha’n haqida so‘ramoqchiman.
— Jurnalistlar ijodiy uyushmasi ishlab chiqqan «Ahloq kodeksi» bor. Bu o‘sha kodeksning bir qismi. Jurnalistning birinchi vazifasi – kasbining sharafini himoya qilish.
Kommunistik partiya davrida kommunistik mafkura bo‘lardi. Shu paytlarda kommunistik mafkuraga to‘g‘ri kelgan narsa haqiqat, unga to‘g‘ri kelmagani esa haqiqat emas deb qaralardi. Keyin mustaqil bo‘ldik. Konstitutsiyada hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilmaydi, fikrlar xilma-xilligiga asoslanamiz, deb belgilandi.
Albatta, bu degani har bir jurnalist o‘zi bilganini, o‘zi e’tiqod qilgan narsalarni qilar ekan degani emas. Inson huquqlari mafkurasi, umuminsoniy qadriyatlar, millat, madaniyat, til, tarix, yashash huquqi, axborot, so‘z erkinligi huquqi jurnalistning ma’lum ma’nodagi e’tiqodi bo‘ladi.
Ikkinchi tomondan – ijtimoiy mas’uliyat. Jurnalistning mas’uliyati 5–6 qatlam. Birinchidan, o‘zining oldida mas’uliyati, o‘zi ishlayotgan OAV sha’ni va uchinchidan, jurnalistlik va kasb sha’ni.
Agar jurnalist pora olsa, qaysidir jurnalist hokimiyatdan uy olsa yoki boshqa sabab bilan rost so‘zni yozmay qo‘ysa, bu boshqa jurnalistlarning sha’niga kelib tegadi.
Bilasiz, vazirliklar 27 iyun, 3 may yoki yangi yilga yaqin o‘z sohasini yoritgan jurnalistlarni taqdirlaydi. Aslida bu – biz aytgan ishlarning boshlanishi. Haqiqiy jurnalist hech kimdan sovg‘a olishi mumkin emas.
Kasb etikasiga zid ishlar ichida uy, avtomobil olishdan tashqari, zimdan bo‘ladigan jihatlari ham bor. Masalan, kasbingiz tufayli bo‘ladigan biror yangilikdan oldinroq xabardor bo‘lishingiz mumkin. Ammo siz bu yangilikdan shaxsiy manfaatingiz yo‘lida foydalanmasligingiz kerak.
Masalan, siz iqtisodiy gazeta yoki internet saytda ishlaysiz. Sizga yaqin atrofda falon kompaniyaning aksiyalari narxi ko‘tarilishi haqida xabar keldi. Siz hamma eshitishidan avval shu kompaniya aksiyalarini sotib olib, keyin ommaga e’lon berishingiz, bu orqali boyib ketishingiz mumkindir, lekin siz kasbingiz orqali xabardor bo‘lgan ma’lumotdan o‘z manfaatingiz yo‘lida foydalangan bo‘lasiz.
Jurnalistning kasb axloqi – shunday chuqur narsa.
Ikkinchi tarafdan, «paxta teraman» deb to‘rt satr she’r yozgan yigitga Andijonda mashina berildi. Yoki yaqinda rahbarni maqtagan, jo‘qicha bir she’r yozadigan shoir Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilindi. Bunday hodisalar tinimsiz bo‘lyapti.
Jurnalist sovg‘a-salom olishdan tiyilishi kerak. Yoki sovg‘a olgandan keyin ham tanqid yozishdan to‘xtamasligi kerak.
Umuman olganda, hukumatdan sovg‘a-salom olgan jurnalistlarning tanqidini avval ham kam ko‘rardik, keyin esa ular umuman jim bo‘lib ketishdi.
— Oxirgi vaqtlarda turli minbarlarda turli shaxslarga qarata eng ko‘p berilayotgan savollardan biri: siz O‘zbekistonda so‘z erkinligi darajasini qanday baholaysiz?
— Bu ko‘p faktorlarga bog‘liq holat. Bir og‘iz, ha, yo‘q yoki chala deyish mumkin. Hozir bizda chala so‘z erkinligi bor.
Chuqurroq fikrlaydigan bo‘lsak, so‘z erkinligi qonunchilikka bog‘liq. Bu birinchi faktor. Bizni erkin qiladigan darajada qonunchilik bormi? Hali yo‘q.
Boshqa mamlakatlarga qaraganda, bizda jurnalistikaga oid qonunlar ko‘p, 5–6ta. AQShda masalan bitta ham qonun yo‘q. Faqat Konstitutsiyasida bitta modda bor. U ham keyinroq tuzatish sifatida kiritilgan. Amerikalik jurnalistlar o‘sha modda asosida faoliyat ko‘rsatadi. Bizda qonunlar ko‘p va ular ko‘proq tartibga solish, chegaralash uchun xizmat qiladi.
Bizda «Davlat sirlari to‘g‘risida»gi qonun bor. O‘sha qonunda «Davlat sirlarini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi», deb yozib qo‘yishgan. Ya’ni qonunning o‘zida havola qiladigan me’yor bor. Qonunning o‘zida davlat siri nima ekani belgilanmagan. Axir bu qonunda bo‘lishi kerak. Aytishingiz mumkin, qonunda bo‘lsa, uning sirligi qoladimi, deb. Yo‘q, unda shunchaki nimalar davlatning siri ekani belgilanadi. Uzoqqa bormaylik, Tojikistonda bu ro‘yxat qonun bilan belgilangan.
Qaysidir yili o‘zbek jurnalistlaridan biri Amerika elchisi bilan intervyu qilgan. Intervyuda u «Zarafshan-Nyumont» Amerika-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi yiliga 70 tonna oltin ishlab chiqaradi, degan gapni aytgan. Senzura esa shu jurnalist ishlaydigan gazetada shu maqolaning chiqishiga ruxsat bermagan. Ularning fikricha, o‘sha paytda oltin davlat siri hisoblangan.
Gazeta bunga norozilik sifatida gazetadagi o‘sha maqolaning o‘rnini oppoq, hech nima bosilmagan holda chiqargan. Bir kundan keyin esa o‘sha muharrir ishdan olingan.
Men sizga qonunchilikdagi nomukammalliklarni o‘nlab sanashim mumkin. Hozir faqat qonunchilik haqida gapirdim. Bundan tashqari, so‘z erkinligi – siyosiy iroda, mustaqil sud tizimining borligi, odamlarda so‘z erkinligi, huquqiy madaniyatning borligi kabi ko‘plab omillarga ham bog‘liq.
Bizda so‘z erkinligi qaysi darajada, deb so‘radingiz. Javobim shundayki, so‘z erkinligi avvalgi Karimov davriga nisbatan bor va juda yaxshi, lekin umumiy, xalqaro mezonlarga qaraganda hali chala. Bu borada bizning muammolarimiz hali juda ko‘p.
— Ko‘pchilik davlat telekanallari xususiylashtirilishi kerak, degan fikrni aytadi. Albatta, buning o‘ziga xos sabablari bor. Masalan, davlat telekanallari hukumatning siyosat quroliga aylanib qolishi. O‘z ishini qo‘yib, shunchaki quruq maqtovlar bilan shug‘ullanishi. Lekin OAVning alohida shaxslar manfaatlariga xizmat qilib qolishi ham, nazarimda, xavotirli holat. Shu ma’noda biz «oltin o‘rtaliq»ni qayerdan topamiz?
— Bu xavotir mustaqillikning boshlarida Islom Karimovda ham bor edi.
O‘shanda parlamentda deputat edim. Erkin Vohidov qo‘mita raisi edi. Biz «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunni tayyorlaganmiz. O‘sha qonunning ilk loyihasida OAV ta’sis etish huquqini ham yuridik, ham jismoniy shaxslarga berish kerakligini ko‘rsatgandik. Ammo Islom Karimov bu huquqni jismoniy shaxslarga ham berish bandini olib tashlagan.
Hozir so‘zim davomida eslaydigan xotiram, Islom Karimovni xarakterlaydi ham. Xullas, o‘sha band olib tashlangan kunning ertasiga Erkin Vohidov qo‘mitaga kirib keldi-da, kulib yubordi. Men «Ha, nega kulyapsiz?» deb so‘radim. Shunda Erkin aka Islom Karimov kechasi unga telefon qilgani va o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan suhbat haqida aytib berdi.
Islom Karimov suhbatda: «Erkin aka, sizlar xalq sevgan shoirsizlar. O‘zbek xalqi adabiyotining tarixida qolasizlar. Men tarixda qolamanmi-yo‘qmi, xudo biladi, lekin hozir 18–20 mln aholining issiq-sovug‘i, yaxshi-yomoniga javobgarman. Menda shuning mas’uliyati bor.
Men o‘zimning sariq jahlim bilan sizlarni xafa qilib qo‘ydimda, mana endi uxlolmay o‘tiribman. Lekin tushuning, hali shunday kunlar keladi, har bir odam gazeta chiqaradigan bo‘ladi. Lekin hozir biz bu imkoniyatni bersak, gazetalarni mafiya, boylar sotib oladi. Keyin gazetani o‘z manfaatiga ishlatadi. Hozir shu huquqni faqat yuridik shaxslarga berib turaylik», – degan.
Bu gaplarning tag sababi shundaki, o‘sha paytda gazeta keskinroq chiqsa, yuridik shaxsni borib bo‘g‘ish mumkin bo‘lgan. Bu ularni ushlab turishning bir yo‘li edi.
Lekin karangki, Islom Karimov va’dasida turdi. Bir muddat o‘tib: «Endi gazetalarni ham yuridik, ham jismoniy shaxslar ochadigan qilinglar», dedi. O‘sha paytda O‘tkir Hoshimov qo‘mita raisi bo‘lgandi.
Shundan keyin jismoniy shaxslar ham gazeta ocha boshladi. Lekin jismoniy shaxslar faqat sport haqida yozadigan va asosan «Darakchi», «Hordiq», «7x7»ga o‘xshagan sariq matbuotni tashkil qilishdi.
Hozirga kelib bu sariq matbuotning bir qismi Mirziyoyev oshkoraligidan foydalangan holda dadillashdi va siyosiy nashrlarga ham aylanyapti.
Siz bildirgan xavotir o‘sha yerdan keladi. Bunda bir o‘rtaliq yo‘q, bunda birgina prinsip bor. Prinsip shundayki, har qanday matbuot, sayt, har qanday inson va bloger ham muayyan manfaatga ega. Albatta, u xalqning manfaatini ham o‘ylaydi, lekin har bir muassis va har bir nashrning o‘z manfaati bor.
Shu jumladan, har bir boy o‘z televideniyesini va o‘z matbuotini ochayotgan bo‘lsa, bu uning manfaatini himoya qiladi. Biz qo‘rqishimiz kerak bo‘lgani, davlat amaldori o‘z sayti va manfaatiga ega bo‘lishi. Davlat amaldori o‘z ommaviy axborot vositasiga ega bo‘lar ekan, u boshqa OAVni chetlaydi, shuningdek, davlat moliyaviy va ma’muriy resurslaridan foydalanish xavfi yuzaga keladi.
OAVga egalik qiladigan shaxs biznesmen yoki mafiya bo‘lsa bu yomon emas. Biz istaganimiz, har qanday boy, mafiya, shaxs o‘z gazetasini qila olsin. Agar o‘sha boy yoki mafiya o‘z OAVida kimgadir qarshi maqola chiqarsa, ikkinchi tomon ham o‘z ommaviy axborot vositasi orqali unga javob berish imkoniyatiga ega bo‘lsin. Agar kimdir sizni urishsa, tanqid qisa, sizda unga javob beradigan minbar bo‘lmasa, bu so‘z erkinligi uchun katta fojia.
Men turfa xil gazeta va saytlar bo‘lishi tarafdoriman. Faqat ular yagona qonun asosida ishlashi kerak.
Davlatga tegishli OAV bilganini qilib, tanqidiy yozadigan xususiy OAV taqiqqa uchrasa, buning oqibati yaxshi bo‘lmaydi.
Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
22:06 / 01.11.2024
Turkiya parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi
13:34 / 07.10.2024
Turkiyada Islom Karimov haqida kitob nashr qilindi
21:29 / 01.10.2024
Julian Assanj: «Men jurnalistikada o‘zimni aybdor deb tan olishga majbur bo‘ldim»
10:40 / 07.09.2024