Fiat Chrysler va Peugeot avtokompaniyalari birlashdi
Italiya-AQSh avtokonserni Fiat Chrysler Automobiles NV (FCA) hamda Peugeot va Citroen avtomobillarini ishlab chiqaruvchi PSA Group fransuz kompaniyasi birlashish bo‘yicha bitimni yopishdi. Natijada dunyodagi eng yirik avtomobil kompaniyalaridan biri Stellantis NV vujudga keldi.
Yangi kompaniyaning aksiyalari Parij va Milanda 18 yanvardan, Nyu-Yorkda 19 yanvardan boshlab sotiladi.
2019 yil ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniya dunyoda savdo hajmi bo‘yicha 3-raqamli kompaniya hisoblanadi. Ayni vaqtda FCA va PSA’ning umumiy kapitallashuvi 51 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qiladi.
Ikki kompaniya 2019 yil dekabrda birlashishga kelishib olgan. 2020 yil sentyabrda kompaniyalar pandemiya sababli vaziyat o‘zgargani uchun birlashish shartiga o‘zgartirishlar kiritishgan. 2021 yil yanvarida esa ikki kompaniya aksiyadorlari birlashuvni ma'qullashgan.
Yangi kompaniyaga PSA bosh direktori Karlos Tavares rahbarlik qiladi. Uning asosiy vazifalaridan biri dunyoda 50taga yaqin zavodga ega ikki kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlarini birlashtirish hisoblanadi.
Bundan tashqari, Tavares yangi kompaniyaning Xitoydagi pozitsiyalarini mustahkamlash va Fiat Chrysler’ning Yevropadagi operatsiyalari ziyonliligi muammosini hal qilishi kerak bo‘ladi. 2020 yilda FCA va PSA’ning Xitoy avtomobil bozoridagi umumiy ulushi 1 foizdan kamroqni tashkil qilgan.
Stellantis’da birlashuv natijasida tejalgan mablag‘larning katta qismini yangi texnologiyalarga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Tejaladigan mablag‘lar yiliga 56 mlrd dollarni tashkil qilishi kutilmoqda. Biroq bundan avval kompaniya brendlardan voz kechmay va zavodlarni yopmay, ishlab chiqarish operatsiyalari takrorlanishi va modellar qatori muammosini hal qilishi lozim bo‘ladi. Tahlilchilarning fikricha, ushbu vazifaning uddasidan chiqish pandemiya ortida talab susaygan sharoitda oson bo‘lmaydi.
Mavzuga oid
12:12 / 02.08.2022
Fiat Chrysler zararli gazlar ko‘rsatkichi bilan bog‘liq hiyla uchun 300 mln dollar to‘laydi
20:24 / 21.12.2020
Yevrokomissiya Fiat Chrysler va Peugeot avtokompaniyalarining birlashishini ma'qulladi
20:30 / 18.12.2019
Fiat Chrysler va Peugeot kompaniyalari birlashish haqidagi kelishuvni imzoladi
22:19 / 31.10.2019