O‘zbekiston | 13:56 / 18.01.2021
20780
12 daqiqa o‘qiladi

“Kirill yozuvida rus tili qoidalaridan chiqib ketolmaymiz” - lug‘atshunos olim bilan suhbat

Bugungi o‘zbek tili, uning jamiyat va davlat oldidagi ahamiyati, imloviy xatolar va savodsizlik oqibati, lotin-kirill alifbolari ustidagi bahslar, imlo lug‘atlari va umuman, o‘zbek lug‘atshunosligidagi muammo va kamchiliklar-u erishilgan yutuqlar haqida filologiya fanlari nomzodi Ravshan Jomonov bilan suhbat tashkil etdik.

Suhbat davomida olim savodsizlikka olib kelayotgan omillar, ularni bartaraf etish yo‘llari, kirill va lotin alifbolari o‘rtasidagi farqlar, ularning to‘g‘ri transliteratsiyasi borasidagi fikrlarini bildirdi.

“Savod degani faqat harfni tanish-u, o‘qishgina emas”

— To‘g‘ri yozish, savodxonlik haqida ko‘p gapiramiz. Imlo masalasi jamiyat uchun qay darajada muhim?

— O‘zini anglagan har bir xalq o‘z yozuvi bo‘lishiga, uni to‘g‘ri yozishga va boshqalarga yetkazishga harakat qiladi. Uning ahamiyati shu qadar buyukki, biror-bir taraqqiyotni yozuvsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki u orqali ma'lum bir bilim va mahoratga ega bo‘lamiz, boshqa bir kishining fikrini o‘qiymiz, uqamiz.

O‘zbek xalqi azaldan o‘z yozuvining chiroyli bo‘lishiga, uning husnixat shakliga jiddiy e'tibor qaratgan. Yozuvda kishining nafaqat bilimi, balki uning tafakkuri, ichki olami, did-farosati namoyon bo‘ladi. Biz yozuvning ham bosma, ham yozma shaklidan foydalanamiz. Ayrim xalqlar esa faqatgina bosma shaklni qo‘llaydi.

Savod deganda faqat harfni tanish, o‘qish tushunilmaydi. Savod o‘sha so‘zning to‘g‘ri qo‘llanishi va to‘g‘ri yozilishi bilan bog‘liq. Ayniqsa, tarjima asarlarimizda juda ko‘p so‘zlar noto‘g‘ri tarjima qilinadi. Aniqrog‘i, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilinadi, bu esa tarjima mahorati yo‘qligi, ikkinchidan, tarjima nazariyasidan bilim yetishmasligidan darak beradi.

“Ko‘pchilik men yetarlicha bilimni oldim, menga endi yetadi deb hisoblaydi”

— Savodsizlikni yo‘qotish yoki imlo savodxonligini oshirish uchun, menimcha, uni targ‘ib qilish kerak, targ‘ib qilish uchun esa ilmiy asoslar yetarlicha ishlangan bo‘lishi kerak. Shu uzviylikda qaysi tomon ko‘proq oqsayapti deb hisoblaysiz?

— Yuqorida ham ta'kidladim, savodxonlik o‘ta muhim masala, buni avvalo, bolalikdan o‘rgatib borish kerak. Bog‘chadan boshlab, maktab, universitet — hammasida uzluksiz davom etadi.

Bizda o‘rta maktabni tugatgan yoxud biror oliy ta'lim muassasasini bitirgan odamlarda shunday bir tasavvur bor: men yetarlicha bilimni oldim, menga endi yetadi, deb hisoblaydi. Bu noto‘g‘ri qarash. Chunki til bir joyda qotib qoladigan dogma emas. U to‘xtovsiz o‘sib boradi. Istaymizmi-yo‘qmi, har kuni bitta yangi so‘z qo‘shiladi. Qaysidir so‘zning ma'nosi torayadi yoki tildan chiqib ketadi. Yangi kirib kelayotgan so‘zning yozilishi esa munozarali. Real qaraydigan bo‘lsak, ko‘chalardagi yozuvlarda juda ham ko‘p xatoliklar bor. 

Mutaxassis sifatida mushohada qilamanki, shu xatoliklarning asosiy sabablari nimada? Birinchidan, o‘sha yozuvlar xoh kirill, xoh lotin alifbosida bo‘lsin — biror biladigan odamga shu to‘g‘rimi yo xatomi deb ko‘rsatib olinmaydi. Kirill yozuvida rus tilidagi shakl to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chib o‘tadi. Lotin yozuvi esa o‘zbek tilining milliy tabiatidan kelib chiqib yondashishni talab qiladi. Xususan, kirill alifbosidagi “yolashgan” unlilar degan 4 ta harf: “ye”, “yo”, “yu”, “ya”larning lotin yozuvida berilishi ancha murakkab, ayni paytda “ts” harfli so‘zlar imlosi ham bor — mana bularda xato ustiga xato ketmoqda.

Biz odatda kirill yozuvida yozganda muammo yo‘qligi shundaki, rus tilidagi variantni to‘la-to‘kis ko‘chirib olamiz. Masalan, “yanvar” so‘zi oxirida “” yumshatish belgisi qo‘yiladi, vaholanki u o‘zbek tilida fonologik (ma'no farqlash) vazifa bajarmaydi. Bu belgi qo‘yilishidan qat'i nazar biz “yanvar” so‘zini sof o‘zbekona talaffuz etamiz. O‘zbek lotin alifbosida esa bu so‘z “yanvar” tarzida yoziladi.

E'tibor qaratiladigan ikkinchi jihat bu “ya” harfining qo‘llanishi bilan bog‘liq. Bu harf rus tilida ikkita vazifa bajaradi: birinchisi, yuqoridagi kabi ikkita tovushni ifodalash; ikkinchisi, o‘zidan oldingi tovushni yumshoqroq talaffuz etilishini ifodalash, masalan, “sentabr”“sentabr”, “oktabr” — “oktabr”, “Finlyandiya” — “Finlandiya”.

Lekin bu kabi so‘zlarni biz lotin yozuvida xato tarzda yozib kelyapmiz: “sentyabr”, “oktyabr” tarzida. Bu “ya” harfining vazifasini tushunmaslikdan kelib chiqadi.

Boshqa “yolashgan” harflar misoli ham shunday: “iyun” — “iyun”, ammo “budjet” — “budjet” tarzida. Talaffuz jihatidan ham “byudjyet” deyish xato, biror-bir o‘zbek bunday talaffuz etmaydi.

Shu kabi nozik nuqtalar borki, bularga e'tibor bermaslik savodsizlikka olib boradi. Lotin yozuviga o‘tar ekanmiz, mamlakatlar, shaharlar nomlari — toponimlar, kishi ismlarini o‘zbek lotin alifbosi imkoniyatidan kelib chiqib yozishimiz lozim.

“Biz faqat o‘zimizning shaxsiy manfaatimizni emas, balki umummilliy manfaat nuqtai nazaridan kelib chiqishimiz kerak”

— Alifbo islohoti borasidagi fikringiz qanday? To‘g‘risi, yurtdoshlarimiz bundan bezib ham qolishdi, ba'zilar xato bo‘lsa ham qolaversin qabilida fikr bildiradi.

— Alifboning tez-tez o‘zgartirilishi savodsizlik tomon boshlaydi. Ba'zi mutasaddilar alifboga 3-4 o‘rinda o‘zgartirish kiritmoqchi, loyiha e'lon ham qilindi. Lekin 1995 yilgi variantga o‘zgartirish kiritishga hojat yo‘q. Biz faqat o‘zimizning shaxsiy manfaatimizni emas, balki umummilliy manfaat nuqtai nazaridan kelib chiqishimiz kerak. Bundan tashqari, kamida ikki avlod unda savod chiqarib bo‘ldi va shu yillar davomida necha ming nomda, necha million nusxada darsliklar chop etildi.

O‘sha o‘lik lotin tilidan meros qolgan 26 ta harfdan har bir xalq o‘zicha, ehtiyojidan kelib chiqib foydalanadi. Jumladan, o‘zbeklar ham. Uchta harflar birikmasi: “sh”, “ch”, “ng” uchun avvaldan ma'lum belgilar olinganda edi, bu o‘zlashib ketgan bo‘lardi. Shuningdek, “o‘” va “g‘” ning yoniga qo‘yiladigan diakritik belgi ham qiyin narsa emas.

Mening nazarimda 1995 yilda tasdiqlangan variant: 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi bugungi kunimiz talablariga to‘la javob beradi.

“Imlo lug‘atlarisiz savodxonlikni oshirib bo‘lmaydi”

— Imlo masalasida ilmiy konferensiya yoki qurultoy o‘tkaziladimi, oxirgi marta qachon o‘tkazilgan? Mustaqillik yillarida lotin yozuvidagi joriy imlo bo‘yicha nega muhokama majlislari bo‘lmagan?

— O‘zbek ziyolilari har doim bu borada o‘z fikrini aytib kelgan va kelmoqda. Lekin negadir so‘nggi 30-40 yilda o‘sha miqdorda bildirilayotgan fikrlar, mulohazalar bir joyda yig‘ilib muhokama qilinganini eshitmadim. Albatta, imlo anjumanini o‘tkazish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri.

O‘zbek tili tarixida imlo anjumanlari avval bir necha marta o‘tkazilgan. Masalan, XX asrning boshlarida Toshkentda, Buxoroda, Samarqandda shunday yig‘inlar bo‘lgan. 1969 yilda oxirgi marta imlo bo‘yicha maxsus kengash — konferensiya o‘tkazilgan. Uning qarorlari esa 1970 yilda kitob holatida nashr etilgan. Shundan keyin bu umumdavlat miqyosida muhokama qilingan emas.

Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU va FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida tor doirada muhokama qilinadi. Lekin u juda tor muhokama. Imlo bo‘yicha anjuman yoki qurultoy chaqirilishi va unga nafaqat tilshunos, adabiyotshunoslar, balki barcha ziyolilar: jurnalistlar, muharrirlar, shuningdek, blogerlar ham taklif etilishi lozim.

O‘rta maktabda 30 yildan beri dars o‘tilayotgan bo‘lsa, o‘qituvchi muammo nimada, o‘quvchi qaysi harfni yoki so‘zni yozishda qiynaladi — bu masalalarni yaxshi tushunadi. 

Yoki nashriyot xodimlari qaysi so‘zlarni yozish qiyinligi, uning yechimiga takliflarini bildiradi. Masalan, o‘zlashtirilgan so‘zlarni qanday yozamiz, ayniqsa, aniq fanlardagi terminlar Yevropa tillaridan kirgan, ularning yozuvi qanday bo‘ladi?

Hamma sohani yig‘ib, har bir muammo muhokama etilgandan, ma'lum qaror qabul qilingandan keyin, imlo lug‘atlari va boshqa lug‘atlar nashr etilishi kerak. Imlo lug‘atlarisiz savodxonlikni oshirib bo‘lmaydi.

Afsus bilan aytaman, 2013 yilda “Akademnashr” nashriyotida 2 ta imlo lug‘ati nashr qilindi: kirill va lotin alifbosida. Bu nashrlarga e'tibor bersangiz, ayniqsa, lotin yozuvidagi nashrda juda katta chalkashliklarga yo‘l qo‘yilgan, bu esa natijada o‘zibo‘larchilikka olib keldi. Men yuqorida ham ba'zi misollarni keltirib o‘tdim, aynan shu lug‘atlar asosida biz “sentyabr”, “oktyabr” deb yozadigan bo‘ldik.

Imlo va yozuv masalasi qo‘pol qilib aytganda hech kimning mahriga tushgan ish emas. Shunday bir mutaxassislarimiz borki, o‘zining lavozimidan, mavqeyidan foydalanib, go‘yo o‘zininggina ishi deb o‘ylaydi. Har bir so‘z maxsus muhokamani talab qiladigan joylari bor, shuning uchun imlo lug‘atlari umumdavlat ahamiyatiga ega ish deb qaraladi.

— Kirill yozuvi o‘zbek tilining rus tiliga qaramligini oshirmayaptimi? Odatda shaxslar ismlari bo‘lsin yoki joy nomlari — asosan, rus tilidan aynan ko‘chirma qilib yoziladi.

— Kirill yozuvi o‘zbek xalqi tarixida katta ahamiyatga ega. 1940 yil 8 maydan boshlab biz shu yozuvda savod chiqardik, shaxsan bizning avlod shu alifboda o‘qib-o‘rgandik va ko‘z ko‘nikmasi hosil bo‘lgan. Kirill yozuvi ancha sodda, qulay hamda imkoniyatlari katta yozuv — buni tan olish kerak.

Lekin ayni paytda masalaga jiddiyroq e'tibor qaratsak, kirill yozuvida biz imkon qadar rus tili qoidalaridan chiqib ketolmaymiz: u kishi ismi-sharifi bo‘lsin, joy nomlari bo‘lsin yoki oddiy termin — ruslar qanday yozsa, o‘sha shaklda berishga majbur bo‘lamiz. Ya'ni rus tili orfografiyasida qanday yozilsa, xuddi o‘shanday yozamiz. Bu hatto kulgili, hatto uyatli holat.

Suhbatdosh: Yigitali Mahmudov
Tasvirchi: Nuriddin Nursaidov

Suhbatni to‘liq Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid