Jahon | 18:28 / 20.01.2021
14547
2 daqiqa o‘qiladi

Pekinda koronavirus tarqalishi avj olmoqda: bog‘cha-maktablar va savdo markazlari yopildi

Oxirgi sutkada shaharda yettita yangi holat aniqlangan bo‘lib, ularning oltitasi Dasin rayonida qayd etilgan. Hukumat mazkur rayon aholisiga Pekindan chiqishni taqiqladi.

Foto: AP Photo / Andy Wong

Pekin hukumati shaharda epidemiologik vaziyat yomonlashgani sababli bolalar bog‘chalarini yopdi va 23 yanvardan maktablar onlayn-ta'limga o‘tadi. Bu haqda shahar qo‘mitasi vakili Li I ma'lum qildi.

 "23 yanvardan shahardagi o‘rta maktablar o‘quvchilari maktabga kelmaydi. Barcha mashg‘ulotlar onlayn shaklga o‘tkaziladi. Ertadan bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilarni qabul qilmaydi", - dedi u.

 Xabar qilinishicha, Xitoy poytaxtidagi shifoxonalarda 40 nafarga yaqin bemor bor. Oxirgi sutkada shaharda yettita yangi holat aniqlangan bo‘lib, ularning oltitasi Dasin rayonida qayd etilgan. Hukumat mazkur rayon aholisiga Pekindan chiqishni taqiqladi.

 Dasin hududidagi barcha savdo markazlari yopildi. Bundan tashqari, Pekinga xorijdan yoki Xitoyning boshqa hududlaridan 10 dekabrdan keyin kelgan barcha shaxslar koronavirusga tekshirilmoqda.

 Avvalroq hukumat Xebey provinsiyasidagi Shitszyachjuan va Sintay shaharlarida yashovchi aholini bir hafta davomida uylaridan chiqmaslikka chaqirgandi. Bu shaharlarda bir hafta ichida koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 350ga yaqin holat aniqlangan bo‘lib, bundan 200ga yaqini simptomsiz bo‘lgan.

Mavzuga oid