Ikki sinf uchun bir doska va qishdagi «o‘tin solig‘i» - Chortoqdagi maktab filiallari haqida
Namangan viloyati Chortoq tumanining chekka hududda joylashgan «Beshtol» va «Qumrobod» mahallalari aholisi hududdagi filial maktablarda o‘quvchilar sifatli bilim olishi uchun umuman sharoit yo‘qligini bildirib, murojaat qilishgan.
Beshtolda Chortoq tumani xalq ta'limi bo‘limiga qarashli 39-umumta'lim maktabining Buloqboshi filiali faoliyat yuritadi. Muassasa binosi va hovlisini ko‘rib uni ta'lim dargohi deyishning o‘zi qiyin. Yomg‘ir yog‘sa botqoqqa aylanadigan, quyosh chiqsa changiydigan hovli, asosiy va qo‘shimcha binolar esa ko‘rinishidan omborxonaga o‘xshaydi.
Qiz va o‘g‘il bolalar uchun bittagina sharoiti bo‘lmagan hojatxona. O‘quvchilar qo‘l yuvishi uchun suvning o‘zi yo‘q.
Filialda ikkita sinfxona mavjud. Xonalarning birida umumlashgan holda 1 va 3-sinflar, yana birida esa 2 va 4-sinf o‘quvchilariga dars o‘tiladi. Bir sinfxonada bir o‘qituvchi bir vaqtda bir doskani ikkiga bo‘lib ikki sinfga dars o‘tishi biz uchun kutilmagan holat bo‘ldi.
«Sinfimizda 9ta 2-sinf va 8ta 4-sinf o‘quvchilari o‘qiydi. Komplekt sinf. Oldindan shunday tartibda o‘qitib kelganmiz. Men o‘zim ham yoshligimda mana shu filialda o‘qiganman. 30 yildan buyon mana shu holat. Lekin «Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash» shiori ostida bo‘layotgan o‘zgarishlar jarayonida turli mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, tuman hokimi, viloyat hokimi, hattoki xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ham tashrif buyurdi.
2021-2022 o‘quv yilida yangi maktabda o‘qishni niyat qilyapmiz. Biz ham yaxshi imkoniyatlarda, yaxshi sharoitlarda, zamonaviy jihozlangan, isitilgan sinfxonalarda ishlashni orzu qilyapmiz.
Bir xonada ikkita sinfga dars berish qanchalik qiyinligi haqida aytmasam ham bo‘ladi. 2000 yilda o‘qishni bitirib kelib, 2004 yilda mana shu maktab filialida o‘qituvchilik faoliyatimni boshlagandim. 16 yildan beri shu yerda ishlayman. O‘quvchilarim maktabni bitirib, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiryapti. 1-kurs talabalari, 2-3-kurs talabalari orasida bizning sobiq o‘quvchilar bor.
O‘qituvchilarni-ku, mayli, qo‘yavering, bechora bolalarni ko‘rib rahmim keladi. Chunki bular ham O‘zbekiston bolalari. Ular ham chiroyli, zamonaviy tipdagi maktablarda bilim olish huquqiga ega», deydi sinf rahbari Gulnora Abdurazzoqova.
Maktab o‘qituvchilari bo‘lgan Baxtiyorjon Ahmedov va Nilufar Dehqonboyeva ham maktabda birlamchi sharoitlar, isitish tizimi yo‘qligi, filialda boshlang‘ich sinflarni tugatgan o‘quvchilar katta qiyinchiliklar bilan 5 kilometr uzoqlikdagi 39-maktabga borib o‘qishini aytib o‘tishdi.
O‘qituvchilar atrofdagi «Buloqboshi», «Qumriobod», «O‘rikzor» va «Boyqishloq» mahallalarining har birida 100dan ziyod xonadonlar borligi, hududga allaqachon yangi maktab qurish zaruriyati tug‘ilganini bildirishdi.
Qishloq ulug‘laridan Abdurazzoq Arslonbekov va Buhajal Mamayunusova farzandlari, nabiralari o‘qiyotgan maktabning ahvoli juda yomonligidan arz qilishdi. «Qish faslida o‘quvchilarga «o‘tin solig‘i» solinadi. Shunaqa ham bo‘ladimi? Axir bu davlat maktabi-ku?», deydi Abdurazzoq Arslonbekov.
Qumrioboddagi filialning ahvoli yanada og‘irroq
«Beshtol» mahallasidagi maktabda bo‘lib turganimizda qo‘shni «Qumriobod» mahallasida yashovchi aholi vakillari kelib qolishdi. Ular o‘z hududlaridagi maktab-filialning holati bundan-da og‘irligini aytib, u yerga borishimizni iltimos qilishdi.
10-maktabga qarashli bu filialning holati ham o‘ta achinarli edi. Maktab binosi va hovlisi xarob holatda. Sinfxonalar sovuq, bolalar qishki kiyimlarda o‘tirishibdi. Hojatxona va gigiyena masalasi bir ahvolda...
«Biz qumriobodliklar ham mustaqil O‘zbekiston fuqarolarimiz. Bolalarimiz qanday sharoitda o‘qishini ko‘rdinglar. Bitta xonada ikkitadan sinf o‘qiyapti. Hojatxonaning ahvolini ko‘ring. Qo‘l yuvishga sharoit yo‘q. Hojatdan chiqib, qo‘lni yuvmay, to‘g‘ri darsga kirib ketaverishadi.
Yo‘llarimiz ham abgor. Farzandlarimiz 4-sinfdan keyin 8 kilometr joyga piyoda borib 39-maktabda o‘qib kelishadi. Hozir quruqchilik, borib kelishyapti. Yomg‘ir yoki qor yog‘sa yo‘l atalaga aylanadi. Ikkinchi smenada qolib ketgan bolalarimizga juda qiyin bo‘ladi. Ular qorong‘ida qaytishadi.
Bog‘cha yo‘q. Mahalladagilar yig‘ilib, nevaralarimizni 10 kilometr uzoqdagi yasliga berdik. Navbat bilan ertalab soat 8da olib borib, kechki soat 4da olib kelamiz», deydi Tojimirza Rahmonberdiyev.
Mahalla ayollari ham o‘z dardlarini to‘kib-sochishdi. Qumriobod muammolar ichida qolgan. Mahallada ichimlik suvi, maktabgacha ta'lim muassasasi, tibbiyot maskani yo‘q.
«Sizlarga 30 yillik muammolarni aytsam. Na maktabimiz bor, na meditsina va na suv. Patronaj 8 kunda bir keladi. Katta yoshdagilar ko‘p. Ko‘pchilikda qon bosimi bor», deydi Dilbarxon Turg‘unova.
Maktab o‘qituvchilari ota-onalarga yaqinda hokimiyat vakillari kelib, qishloqqa 2021 yilda yangi maktab binosi qurilishi haqida ma'lumot berishganini aytishdi. Lekin ota-onalar ko‘p yillardan beri mutasaddilarning shu kabi va'dalaridan charchab, ishonmay qo‘yishgan.
«O‘qituvchilar «Yangi qaror chiqdi. Qishlog‘imizga 2021 yilda yangi maktab tushadi» deyishdi. Bunga bitta men emas, butun xalq ishonmaydi. Ishonmayotganimning sababi shuki, 2005 yilda men shu maktabda 4-sinfda o‘qirdim. O‘shanda ham yangi maktab qurilishi, 2006 yilda ikki qavatli zamonaviy maktabda o‘qishimizni aytishgan. Lekin oradan 15 yil vaqt o‘tdi, endi o‘zimning farzandim ham men o‘qigan maktabga borishni boshladi.
Xalqning ishonmayotgani shundaki, bundan 15 yil oldin ham xuddi hozirgi gapirilayotgan gaplar, va'dalar bo‘lgan. Lekin natija ko‘rinmadi, maktab o‘sha ikki xonali maktabligicha qoldi», deydi Ahmadjon Ahmadjonov.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bitta sinfga birlashtirilishi mumkinmi?
Ma'lumki, sinflar Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga asosan komplektlashtiriladi.
Kam komplektli umumta'lim muassasalarida (filiallarda) boshlang‘ich sinf o‘quvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin - o‘quvchilar soni 8 nafargacha bo‘lgan I ― IV sinflar, o‘quvchilar soni 12 nafargacha bo‘lgan uchta boshlang‘ich sinf, o‘quvchilar soni 24 nafargacha bo‘lgan ikkita boshlang‘ich sinf (I va III, II va IV sinflar).
Yana tegishli hujjatlarda «Namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilmagan, moslashtirilgan binolarda joylashgan, o‘quvchilar soni yetarli bo‘lmagan umumta'lim muassasalarida, olis (tog‘li, cho‘lli) hududlarda joylashgan umumta'lim muassasalarida, shuningdek, o‘zbek tilida o‘qitilmaydigan umumta'lim muassasalarida o‘quvchilar soni sinflarni komplektlashning o‘ziga xos shart-sharoitlaridan kelib chiqib, hududiy xalq ta'limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlari bilan kelishilgan holda belgilanadi», deya ko‘rsatib o‘tilgan.
Ko‘rinib turibdiki, sinflarni birlashtirib o‘qitish qonunda belgilab qo‘yilgan.
Biz shuning uchun maktab filiallarida o‘quvchilar yaxshi ilm olishlari uchun umuman sharoit yo‘qligiga urg‘u berdik. Chekka qishloq aholisi farzandlarini davlat budjetidan moliyalashtiriladigan ta'lim muassasalariga berib, boshqa maktablardagidek sharoit talab qilishga haqqi bor-ku?
Bundan tashqari, bir-biriga yaqin bo‘lgan uchta mahallada 300dan ziyod xonadon istiqomat qiladi. Uch mahallaga 350 o‘rinli yangi maktab qurilishi mumkin.
Viloyat va tuman hokimligi hududda maktabgacha ta'lim va tibbiyot muassasalari yo‘qligi, ichimlik suvi, yo‘l muammolarini hal qilishga bel bog‘lasa bo‘lar edi.
Umid qilamizki, «Beshtol» va «Qumriobod» mahallasi farzandlari ham barcha qulayliklarga ega ta'lim dargohlarida bilim olishni boshlaydi...
Elmurod Ermatov, Kun.uz maxsus muxbiri
Tasvirchi - Jahongir Mahmudov
Mavzuga oid
20:16 / 19.10.2024
Tundagi o‘q ovozi – Chortoqdagi qotillik tafsiloti
12:19 / 07.10.2024
Namanganda o‘zganing fotosuratlarini internetda tarqatishini aytib pul talab qilgan shaxs ushlandi
18:33 / 02.10.2024
Namanganda qadimiy yerosti yo‘laklari, isitish tizimi va sopol quvurlar topildi
10:23 / 14.09.2024