O‘zbekiston | 07:52 / 22.01.2021
7405
4 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi «Muruvvat-2020» xayriya loyihasi 800ta oilaga muntazam ko‘mak bermoqda

Loyiha tashabbuskorlari jami 800 ta xonadon, 1700 nafardan ziyod yetim bolalarga har ikki haftada oziq-ovqat mahsulotlari tarqatmoqda.

O‘zbekistonda pandemiya kuchaygan davrda moddiy tomondan qiynalib qolgan oilalarga ko‘mak berish maqsadida tadbirkorlar va faollar xayriya loyihalari tashkil etishgandi. Shunday aksiyalardan biri – Andijondagi «Muruvvat-2020» loyihasi hozir ham faoliyatini davom ettiryapti.

Loyihaga 2020 yil avgust oyida, Andijon shahrida 7 nafar yosh tadbirkor tashabbusi bilan start berilgan. Tashkilotchilar boquvchisini yo‘qotgan ko‘plab oilalarga saxovatpesha insonlarning ehsonlarini yetkazib bermoqda.

«Muruvvat-2020» xayriya loyihamiz 7 avgustda ish boshlagan. O‘shanda ilk marta 50 ta xonadonga yordam ko‘rsatgandik. Bugunga kelib, saxovatpesha insonlarning ehsonlari tufayli yordam olayotgan xonadonlar soni 800 taga yetdi.

Asosiy maqsadimiz – boquvchisini yo‘qotgan oilalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash. Bitta oilaga bir oyda ikki marta boramiz. Ikki jumada bir marta. Bu hafta 400 ta xonadonga borsak, keyingi hafta yana 400 ta xonadonga boramiz. Jami 800 ta xonadon, 1700 nafardan ziyod yetim bolalar, ya'ni otasini, boquvchisini yo‘qotgan bolalar bor.

Bu ishni dastavval 7 ta sinfdosh boshlaganmiz. Avval boshida hamma ishni o‘zimiz qilar edik. Hatto yordamchilar ham yo‘q edi. Bugungi kunda esa, mana ko‘ryapsiz, 100dan ziyod volontyorlarimiz bor. Hammasi xolis xizmatda. Ularning orasida juma kuni o‘zining mashinasida kelib, xonadonlarga borishda yordam beradiganlar juda ko‘p.

Ehson sifatida tarqatilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari turlari esa 33 xilga yetdi», – deydi loyiha tashkilotchilaridan biri Sardorbek G‘ofurov.

Ish jarayonini kuzatib, volontyor yoshlar bilan ham suhbatlashdik.

«Har payshanba kuni kelib, yetimlar va miskin insonlar holidan xabar olish uchun mahsulotlarni qadoqlash ishlariga o‘z hissamizni qo‘shyapmiz. Hozir xonadonlar uchun mo‘ljallangan shakarni bir kilogrammdan qadoqlash ishlari olib borilyapti.

Asli ishimiz tadbirkorlik. Bo‘sh vaqtimizda har payshanba, juma kunlari kelib, xayriya ishiga hissamizni qo‘shamiz», – dedi Muhammadmirzo Malikov.

Makaron qadoqlash bilan band Diyorbek Niyozov bu mahsulotlarni «Damas» avtomobilida tashishda ham yordam beradi.

«Har payshanba kuni do‘stlarimiz bilan shu yerga kelib, qadoqlash ishlari bilan shug‘ullanamiz. Juma kuni bu mahsulotlarni oilalarga tarqatish uchun o‘zimning «Damas» avtomashinamda yordamga kelaman. O‘zi bizning kasbimiz savdogarchilik. Bo‘sh paytimizni ezgu ishga sarflayotganimizdan xursandmiz. Xolis yordam berishni o‘zimiz xohlab, shu yerga kelyapmiz», – deydi u.

«Muruvvat-2020» loyihasi tashkil etilganidan buyon ko‘plab saxovatli insonlarning moddiy va ma'naviy ko‘magida o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Tashkilotchilar kelgusida ham ezgu ishlar ko‘lamini kengaytirishni maqsad qilishgan.

Ehson loyihasiga siz ham o‘z hissangizni qo‘shishingiz mumkin. Saxovatingiz ko‘plab oilalarga quvonch olib kirishini, dalda berishini unutmang. Yaxshilik qilishdan charchamang, aziz vatandosh.

Xayriya qilmoqchi bo‘lganlar uchun ma'lumotlar:

Uzcard : 8600 1404 4016 5448 (Axmedov Sardorbek nomida)

Humo: 9860 0301 6510 8553 (Axmedov Sardorbek nomida)

Murojaat uchun telefon: +998 91 600 55 55 (Sardorbek G’afurov)

Mavzuga oid