O‘zbekiston | 23:23 / 23.01.2021
134553
2 daqiqa o‘qiladi

Nurmat Otabekov fevral oyida karantin cheklovlari qayta tiklanishiga oid xabarlarga izoh berdi

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusning yangi shtammi O‘zbekistonda ham aniqlangani, bu kasallik oldingisidanda og‘ir kechishi to‘g‘risidagi audio tarqaldi. Shuningdek, Toshkent davlat pedagogika universitetida ham virusning yangi shtammi qayd etilgani aytiladi.

“Gap bundoq, fevral oyidan boshlab karantin qaytarkan. Kovid markazlar yana ochilarkan. Yangi shtammda burun bitib, tomoq yiringlashi, ich ketishi bilan kecharkan. Kasallik juda keskin kecharkan. Kimda kuzatilsa darhol shifokorga murojaat qilsin”, – deydi kimligi noma'lum bo‘lgan erkak. 

Kun.uz mish-mishlar bo‘yicha izoh olish uchun Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov bilan bog‘landi.

“O‘zbekistonda koronavirusning yangi shtammi qayd qilinmagan. Yuqoridagi audioda aytilgan belgilar oldingi shtammga ham xos bo‘lishi mumkin. Yangi shtamm qayd qilinmagani tufayli ehtiyot choralarini susaytirish yaramaydi. Biz hamon pandemiya davrida yashayapmiz.

Karantin choralarining fevral oyida kuchaytirilishi haqidagi gaplar o‘rinsiz. Bu borada faqat respublika maxsus komissiyasi qaror chiqarishi mumkin. Bunday qaror chiqarilganda esa rasman e'lon qilinadi.

O‘zbekistonda har kuni turli hududlarda koronavirus aniqlanmoqda. Shu jumladan, Toshkent davlat pedagogika universitetining talabasida ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgani rost. Ammo bu yangi shtamm emas, umuman epidemiologik vaziyat ham barqaror. O‘sha fakultet talabalariga ma'lum muddat javob berilgani esa standart amaliyot. 

Takror aytaman, kasallik bizga kirib kelmabdi, deya xotirjamlikka berilish, himoya va gigiyena qoidalarini unutish to‘g‘ri emas. Ehtiyot choralari hamon amalda”, – dedi Nurmat Otabekov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Mavzuga oid