O‘zbekiston | 10:06 / 24.01.2021
14909
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi texnopark monopol korxonaga aylanishi mumkin

Ko‘p qavatli uylardagi eskirgan liftlarni yangisiga almashtirish va ta'mirlash, yangi qurilayotgan uylarga lift o‘rnatish yakka «Texnopark» MChJga topshirilishi mumkin. Hukumat qarori loyihasiga Aksilmonopol qo‘mita e'tiroz bildirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylarning lift uskunalarini ta'mirlash va yangilash dasturi boshlanmoqda.

2021–2027 yillarga mo‘ljallangan dastur 2020 yil iyunida, hukumat qarori bilan tasdiqlangan edi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bu qarorga o‘zgartish kiritish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqdi.

Loyihada Toshkent shahar hokimligi ta'sis etgan «Texnopark» MChJga eksklyuziv huquqlar berilishi belgilangan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bunga qarshi chiqdi.

Qo‘mita ma'lumotiga ko‘ra, loyihaga asosan:

  • respublika bo‘yicha mavjud ko‘p kvartirali turar joylardagi eskirgan liftlarni yangisiga almashtirish va ta'mirlash, yangi qurilayotgan uylarda lift uskunalarini o‘rnatishda «Texnopark» MChJni bosh pudratchi etib belgilash;
  • ko‘p kvartirali uy-joy fondidagi lift uskunalarini monitoring qilish, zamonaviy dispetcherlik xizmatini ko‘rsatishni «Texnopark» MChJga topshirish;
  • «Ta'mirlash-tiklash xizmati» DUKlarining lift uskunalariga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislarini «Texnopark» MChJ ochgan kurslarda o‘qitish;
  • Ipoteka bank va O‘zsanoatqurilishbankka «Texnopark» MChJga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun zarur miqdorda kredit berishni tavsiya etish nazarda tutilgan.

Aksilmonopoliya qo‘mitasi xulosasida ta'kidlanishicha, bu bandlar qonunchilikka zid.

Qayd etilishicha, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasiga asosan, davlat organlariga:

  • shartnomalar tuzishda ustunlik berish;
  • ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berish;
  • ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilash mumkin emas.

Bundan tashqari:

  • prezident farmoni bilan tasdiqlangan Ma'muriy islohotlar konsepsiyasida sog‘lom raqobat muhitining rivojlanishini cheklayotgan alohida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar va preferensiyalar berish amaliyotidan voz kechish belgilangan;
  • prezidentning 2019 yildagi PF-5780-sonli farmoni bilan, vazirlik va idoralarga davlat xaridlarini amalga oshirishda istisno tarzida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va hukumatga kiritish taqiqlangan.

Aksilmonopol qo‘mitaga ko‘ra, 2ta bankka «Texnopark» MChJga kredit berishni tavsiya etish – «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida», «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida» hamda «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarga to‘g‘ri kelmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda lift va eskalatorlar ishlab chiqaruvchi korxona 2020 yilda ishga tushirilgandi.

«Texnopark» MChJ rahbari Sarvar Ahadov muqaddam «Dream Production» QKni boshqargan. Bu korxona hududida Artel konditsionerlari ishlab chiqariladi. «Dream Production»ning yagona ta'sischisi – Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Mavzuga oid