O‘zbekiston | 12:13 / 26.01.2021
40869
4 daqiqa o‘qiladi

Marhum olim Andrey Kubatin va uning oilasiga yetkazilgan zararni undirish bo‘yicha sud boshlandi

Da'vo summasi – 3,5 milliard so‘m. Poytaxt moliya boshqarmasining fikricha, marhumning oilasiga yetkazilgan zararni davlat budjetidan emas, tergov organlari va ayblov hukmini chiqargan suddan undirish kerak.

Kecha, 2021 yilning 25 yanvar kuni, marhum turkolog olim Andrey Kubatinning nohaq qamalgani, qamoqxonada unga nisbatan amalga oshirilgan bosim, shuningdek, buning ortidan Kubatinning turmush o‘rtog‘i, farzandi, onasi va opasiga yetkazilgan ma'naviy zararni qoplash yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida sud majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarova

Ma'naviy zarar undirish bo‘yicha da'voni marhumning opasi Klara Saxarova kiritgan. Javobgar sifatida Toshkent shahar Moliya boshqarmasi sudga jalb etilgan va yetkazilgan ma'naviy zarar uchun 3,5 milliard so‘m mablag‘ undirish so‘ralgan.

Sud muzokaralari davomida Andrey Kubatinning opasi va turmush o‘rtog‘i da'vo summasini qo‘llab-quvvatladi. Javobgar, Toshkent shahar Moliya boshqarmasi vakili ushbu summa davlat budjeti hisobidan emas, balki marhumga ma'naviy zarar yetishiga sabab bo‘lgan organlar, uni tergov qilgan tashkilotlar, prokuratura va ayblov hukmini chiqargan sud tomonidan qoplanishi kerakligini aytdi.

Taraflarning fikrini eshitgan sudya Hilola Ergasheva ish bo‘yicha boshqa masalalarni o‘rganib chiqish maqsadida sud majlisida tanaffus e'lon qildi.

Sudya Ergasheva Hilola

Klara Saxarovaning aytishicha, u 2020 yilda O‘zbekiston harbiy sudiga 560 mln so‘m miqdorida moddiy zararni qoplash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. 560 mln so‘mlik moddiy zarar – marhum olimning 2,5 yil qamoqda o‘tirgan davridagi oylik ish haqlari, turli ilmiy ishlari uchun to‘langan moddiy rag‘batlantirishlar, shu davr davomida qamoqxonaga olib borilgan dori-darmon va kiyim-kechaklar, olimning yaqinlari tomonidan yuzlab davlat tashkilotlariga arz qilish uchun ketgan yo‘lkira va boshqa xarajatlarni hisobga olgan holda hisoblangan.

Sud Klara Saxarovaning da'vosini qisman qanoatlantirib, sud xarajatlari uchun sarflangan 462 ming so‘mni undirish to‘g‘risida qaror chiqargan. Hozirda Klara Saxarova ushbu sud qarori ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat bergan, sud jarayonlari davom etmoqda.

Harbiy sud qarori

Eslatib o‘tamiz, Toshkent davlat sharqshunoslik institutining katta o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan turkolog olim Andrey Kubatin 2017 yili Jinoyat kodeksining 157-moddasi (Davlatga xoinlik qilish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblanib, hibsga olingan edi.

“Chet el olimiga noyob kitoblarning skaner qilingan nusxalarini topshirgani” haqidagi ayblov xulosasi bilan olimga nisbatan o‘sha yili 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, apellyatsiyadan so‘ng bu muddat 5 yilga tushirildi.

Bu orada Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va Kubatinni tanigan dunyodagi yirik boshqa olimlar bu ish uyushtirilganini aytib, prezidentga murojaat qildi.

2019 yil 26 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida Andrey Kubatinning ishi qayta ko‘rib chiqilgan va olim to‘liq oqlanib, sud zalidan ozod etilgandi.

2,5 yillik qamoqdan so‘ng Kubatin 2019 yil dekabrdan buyon O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazida faoliyat yuritib keldi.

Andrey Kubatin va uning turmush o‘rtog‘i, olima Feruza Jumaniyozova Kun.uz'ga intervyu berib, suhbat davomida hayotlarining ommaga ma'lum bo‘lmagan qirralari, ilm va olim tiynati, tarixchi olimni qiynagan muammolar, shuningdek, ilmiy faoliyatlari haqida so‘zlab berishgan edi.

2020 yil 29 oktabr kuni turkolog olim Andrey Kubatin koronavirusdan xastalanib, shifoxonada vafot etdi.

Farrux Absattarov, Kun.uz
Tasvirchi – Jamshid Abdiyev

Mavzuga oid