Jamiyat | 12:15 / 26.01.2021
41820
5 daqiqa o‘qiladi

Pul ham yo‘q, «Damas» ham: Samarqandda fuqarolar avtomashina uchun to‘lov qilib chuv tushishdi

«Samarqandda yangi ochilgan firma fuqarolarga foizsiz, lizingga avtomashina olib berarmish. Hammasi qonuniy, shartnoma bilan...» Mana shu gap bilan Samarqandda bir qancha fuqaro avtomashina uchun dastlabki to‘lovni amalga oshirib «kuyib» qolganini aytmoqda.

Tahririyatimizga murojaat qilib kelgan Samarqand shahrida yashovchi Lola Vafayeva ham ana shu haqda so‘zlab berdi.

«Bugungi kunda firibgarlar tuzog‘iga tushish oson. Buni bilganimiz uchun rasman ro‘yxatdan o‘tgan korxonadan, ikki tomonlama shartnoma tuzib avtomashina olishga qaror qilgandik. Dastlabki to‘lovni esa qo‘lga bermay aynan bank orqali to‘ladik. Ammo shunda ham chuv tushib o‘tiribmiz. Na prokuratura, na ichki ishlar organlari muammomizni hal qilib beroldi. Nima qilishimiz kerak?» — deydi Lola Vafayeva.

Murojaat egasining aytishicha, u Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor ko‘chasida joylashgan «Avtohamkor 0 foyiz» MChJning Samarqand shahri Gagarin ko‘chasida joylashgan binolardan birida joylashgan bo‘limi vakillari bilan lizing asosida «Damas» avtomashinasi olish uchun shartnoma imzolagan. Shu hujjatga asosan bank orqali salkam 16 million so‘m dastlabki to‘lovni amalga oshirgan. Shartnomaga ko‘ra avtomashina 5 oy ichida yetkazilishi kerak bo‘lgan.

Belgilangan muddat o‘tgach, 2020 yil oktyabr oyida korxona bo‘limiga borganda bu yerda hech qanday «Avtohamkor 0 foyiz» MChJ vakillarini topolmaydi. Ular vaqtinchalik binoni ijaraga olib ishlaganini aniqlashadi. Ko‘p o‘tmay, shartnomada ko‘rsatilgan Toshkent shahrida joylashgan bosh manzilida ham korxonaning hech qanday vakili yo‘qligi aniq bo‘ladi.

Shundan so‘ng L.Vafayeva huquq-tartibot idoralariga bir necha marta murojaat qilgan. Jumladan, Samarqand shahar prokuraturasi fuqaroning murojaatiga ariza hududiylik bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahri, Chilonzor tuman prokuraturasiga yuborilganini ma'lum qiladi. Chilonzor tuman prokuraturasi esa arizani Chilonzor tuman IIO FMBga yuboradi.

Nihoyat, L.Vafayevaning Ichki ishlar vazirligiga qilgan murojaatiga ham shu mazmunda javob keladi: «hududiylik bo‘yicha Chilonzor tuman IIO FMBga yuborildi».

Chilonzor tuman IIO FMBdan esa fuqaroning aytishi bo‘yicha javob ham kelmaydi.

L.Vafayeva esa huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishni to‘xtatmaydi. 2020 yil 11 dekabr kuni Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi fuqaroga to‘plangan hujjatlar bo‘yicha mazkur ishda jinoyat tarkibi yo‘qligini ma'lum qilgan.

Lola Vafayeva esa endilikda korxonaning shartnomada ko‘rsatilgan manzilida ham, Samarqandda faoliyat olib borgan bo‘limida ham bugun hech kim bo‘lmasa, kimni sudga berish kerak, deya boshi qotgan.

Tahririyatga murojaatida Vafayeva mazkur muammoni yoritishimizni, chunki mashina olaman deb bu holatga tushib qolganlar Samarqandda oz emasligini aytmoqda.

Darhaqiqat, oradan ko‘p o‘tmay yana bir fuqaro tahririyatga murojaat bilan keldi. Samarqand shahrida yashovchi M.Normuhammedova 2020 yilning 26 fevralida «Avtohamkor 0 foyiz» MChJga «Damas» uchun 7,5 million so‘m dastlabki to‘lov qilgan ekan. Endi na pulini, na mashinani ololgani, korxona vakillarini ham topolmayotganini bildirmoqda.

Kun.uz «Avtohamkor 0 foyiz» MChJning fuqarolar bilan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan bog‘lanish raqamlariga ulana olmadi. Samarqanddagi manzilni ham ular allaqachon tark etishgan.

Masalaning yana bir jihati bor. Toshkent shahrida bir necha yildan beri ishlab kelayotgan xuddi shu nomdagi boshqa bir korxona ham mavjud. Faqat bu ikki korxonaning nomida bittagina harf farq qiladi. Ehtimol, boshqa shaxslar o‘xshash nomda firma ochib fuqarolarni chuv tushirgan bo‘lishi ham mumkin. Aftidan bu voqealar rivojiga qaraganda huquqni muhofaza qiluvchi organlar e'tibor qaratishiga arziydigan holat yuzaga kelganga o‘xshaydi.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid