Jamiyat | 12:57 / 28.01.2021
18727
2 daqiqa o‘qiladi

DXX davlat chegarasidan dron yordamida o‘tkazilgan «Makarov» to‘pponchasini musodara qildi

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari Qozog‘iston chegarasidan mamlakat hududiga dron yordamida o‘qotar qurolni o‘tkazishga uringan shaxslarni qo‘lga oldi. Bu haqda DXX matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarning respublika hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilishiga qarshi kurashish doirasida tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan.

Tadbir davomida kuzatuvga olingan Toshkent shahrida yashovchi ikki nafar fuqaro poytaxt viloyatining Toshkent tumanidan o‘tuvchi o‘zbek-qozoq davlat chegarasi yaqiniga kelib, Qozog‘iston Respublikasi hududidan noqonuniy yo‘l bilan o‘tkazilgan o‘qotar qurolni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu qurol o‘q otish uchun yaroqli holatdagi «Makarov» nomli to‘pponcha hisoblanib, uning o‘qdonida 6 dona jangovar o‘qlar bo‘lgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, ushbu qurol Qozog‘iston Respublikasida yashovchi shaxsdan 4 ming AQSh dollariga sotib olingan bo‘lib, sotuvchi uni uchuvchisiz uchish apparati, ya'ni dron yordamida davlat chegarasidan o‘tkazib bergan.

«Ta'kidlash lozimki, qo‘lga olingan fuqarolarning biri 2012 yilda Jinoyat Kodeksining 97-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2019 yilda 169-moddasi bilan aybli, deb topilib, unga nisbatan 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilib, Jinoyat Kodeksining 246-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», deyiladi DXX matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid