Saylov qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarishlar: deputatlar qanday takliflar berishmoqda?
27 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosida Akmal Saidov boshchiligida saylov qonunchiligini takomillashtirishning dolzarb masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Unda deputatlar, qo‘mita a'zolari saylov qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha o‘z takliflarini berishdi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 83-moddasiga muvofiq, bir guruh deputatlar qonunchilik tashabbusi huquqi asosida «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritdi.
Ushbu qonun loyihasi bilan:
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga,
– «Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonunning 3-moddasiga,
– O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 29ta moddasiga,
– «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi Qonunning 6ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga muvofiq, Prezident saylovi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.
Xuddi shunday norma «Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonunning 3-moddasida ham bor.
Saylov kodeksiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilmoqda:
– saylov komissiyalarining nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlanmoqda.
– saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlanmoqda.
– saylov natijalarini e'lon qilish muddatlari asossiz cho‘zilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirilmoqda.
Shuningdek, «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi Qonunga siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalanishning shaffofligini ta'minlash maqsadida ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so‘ng yakuniy moliyaviy hisobotni hamda Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e'lon qilish tartibi kiritilmoqda.
Qonun loyihasi muhokamasida partiya rahbari va faol deputatlar ham o‘z takliflarini berishdi.
O‘zMTDP raisi Alisher Qodirov Siyosiy partiyalar faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunning 8-moddasiga kiritilayotgan ayrim o‘zgarishlarda siyosiy partiyalar ustavida nazarda tutilgan faoliyatni moliyalashtirish to‘g‘risidagi hisobot shakli Adliya vazirligi tomonidan belgilanishiga e'tibor qaratdi.
«Albatta, bu norma shu bugungi kunga qadar ishlatib kelinayotgan norma. Hech kim e'tiroz bildirmagan va Adliya vazirligi siyosiy partiyalar bilan maslahatlashgan holda ushbu formani amalga oshirgan hamda hisobot jarayoni davom etib kelgan. Lekin amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, xalqaro jamoatchilik har bir saylovdan keyin O‘zbekistonda saylov jarayonlariga qandaydir o‘zining e'tirozlarini bildirmoqda. Bizning taklifimiz bo‘yicha Adliya vazirligiga shu vakolatni berayotgan ekanmiz, bitta jumlani qo‘shib ketsak - «siyosiy partiyalar bilan maslahatlashgan holatda hisobot shaklini amalga oshiradi». Bu orqali kelgusida bo‘ladigan e'tirozlarning oldini olib ketgan bo‘lar edik», dedi Qodirov.
Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ham kiritilayotgan o‘zgartirishlarga o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.
«Men siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunning 6-10-moddasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar, ya'ni g‘aznachilikda hisob varaqa ochilish masalasini ko‘targan edim. G‘aznachilikda ijroning o‘z talablari bor. G‘aznachilikda hisob varaqa ochilib, xarajatlar g‘aznachilik orqali amalga oshiriladigan bo‘lsa, birinchi navbatda shartnoma imzolanganda g‘aznachilikka berish kerak va pulni chiqarayotganda ham buyurtma asosida g‘aznachilik, ya'ni ijro hokimiyati vakili tomonidan tugma bosilgandan keyingina to‘lov amalga oshiriladi.
Bu qaysidir ma'noda siyosiy partiyalar mustaqilligiga ta'sir qilmaydimi degan savol tug‘dirdi. Chunki istaymizmi yo‘qmi g‘aznachilik bu ijro hokimiyatining bir organi. Ya'ni Moliya vazirligining qoshidagi bir organ. Siyosiy partiya Oliy Majlisga saylanadigan bo‘lsa, Moliya vazirligini kerak bo‘lganda tanqid qiladigan darajada mustaqil bo‘lishi kerak. Biz bu orqali uning mustaqilligiga cheklov qo‘ymayapmizmi degan savol bor», dedi deputat.
Mavzuga oid
18:14 / 11.12.2024
Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi
16:50 / 03.12.2024
Sudyalar Oliy kengashi tarkibi Senat tomonidan saylanishi mumkin
16:10 / 03.12.2024
Qaysi deputat qanday ovoz bergani ochiq bo‘lishi kerak - Bobur Bekmurodov
10:19 / 03.12.2024