O‘zbekiston | 17:00 / 01.02.2021
26004
2 daqiqa o‘qiladi

«Karantinga qaytishga umuman asos yo‘q» – Otabekov O‘zbekistonda britancha shtamm bilan bog‘liq vaziyat haqida

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov O‘zbekistonga koronavirusning britancha shtammi kirib kelishi qat'iy karantinga qaytishga asos emasligini bildirdi.

«Aynan hozirgi holat bo‘yicha karantin qaytishiga umuman asos yo‘q deb hisoblaymiz. Agar haddan ortiq xotirjamlikka berilsak, hammamiz O‘zbekistonni tashlab, chet davlatlarda sayr qilishni boshlasak, kasallikning katta oqimda kelishiga yo‘l qo‘yib beradigan bo‘lsak, cheklovlar kiritilishiga asos bo‘lishi mumkin.

Xalqimiz mutaxassislarning tavsiyalariga to‘g‘ri rioya qilib, hayot tarzini shakllantirsa, jiddiy karantinga ro‘baro‘ kelmaymiz.

Hozirda ba'zi davlatlar qayta karantinga kiryapti, ba'zilari esa cheklovlarni yumshatyapti. Nima bo‘lganda ham vaziyatga qarab ish tutiladi», dedi Nurmat Otabekov jurnalistlarga bergan intervyusida.

U britancha shtamm bolalar orasida ko‘proq tarqalayotgan bo‘lsa-da, ta'lim muassasalarining yopilishi bo‘yicha hozirda hech qanday fikr mavjud emasligini aytib o‘tdi.

«Ta'lim muassasalari yopilishi bo‘yicha umuman fikr yo‘q. Karantin tadbirlari joriy qilinarkan, xavf ostida bo‘lgan guruhga alohida e'tibor beriladi. Shuning uchun ham mabodo karantinga ehtiyoj bo‘lsa, aholining qaysi qatlami xavf guruhida ekanligini aniqlab, bir qarorga kelinadi», deya ta'kidladi shtab a'zosi.

Eslatib o‘tamiz, 30 yanvar kuni O‘zbekistonda koronavirusning britancha shtammi qayd etilgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid