Jamiyat | 10:31 / 01.02.2021
23916
6 daqiqa o‘qiladi

Urgutda harbiy xizmat uchun o‘qituvchi va shifokorlardan majburiy pul undirilmoqda

Urgutlik maktab o‘qituvchilari va shifokorlar bir oylik harbiy chaqiruv uchun shartnoma tuzishga majburlanayotganliklari haqida shikoyat yo‘llashgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Navro‘z Rizayev va G‘ayrat Abdiyev mazkur murojaatni o‘rganish uchun tumanga yetib borishdi.

Murojaatga ko‘ra, tuman hokimligi tomonidan ma'lum miqdordagi o‘qituvchi va shifokorlarni zudlik bilan safarbarlik chaqiruv rezervi (xalq tilida bir oylik harbiy xizmat)ga yuborish, mazkur harbiy xizmat turi uchun to‘lanadigan mablag‘ni ularning oylik maoshidan ushlab qolish topshirig‘i berilgan.

Mazkur murojaatni bevosita joyida o‘rganish uchun Urgut tumaniga yetib kelgan deputat Navro‘z Rizayev Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida holatga o‘z munosabatini bildirdi.

«Qonunchilikka ko‘ra, safarbarlik chaqiruv rezervi shunday tushunchaki, fuqaro o‘zi harbiy xizmatga ketishni xohlasa tumanlardagi harbiy bo‘linmalarga murojaat qiladi. Belgilangan miqdorda qonuniy ravishda pulini to‘laydi. Keyin bir oylik harbiy xizmatga borib keladi. Shu tarzda harbiy majburiyatini bajargan bo‘ladi.

Endi Urgutda nima bo‘lyapti? Bizga fuqarolar murojaat qilishyapti. Ular bilan suhbatlashib, o‘rganish o‘tkazmoqdamiz. Vaziyat quyidagicha: tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilarga SChR majburiyatini to‘ldirib berasizlar, degan ozgina bosim bo‘lgan. Agar harbiy xizmatga jalb etilgan fuqaroning mablag‘i bo‘lmasa, oyligidan ushlab qolish hisobiga qoplanarkan.

Lekin bugun, pandemiya sharoitidan endi chiqqan vaqtimizda, davlatimiz rahbari hammani har tomonlama qo‘llab turgan bir sharoitda SChR uchun mablag‘i bo‘lmagan odamlarni majburlashning nima hojati bor ekan? Mana shunga hayron qolyapmiz.

Keyin yana topshiriq berilyapti: Bizdagi ma'lumotga ko‘ra, tumandagi harbiy bo‘linmada jadval qilib berilgan ekan. Ya'ni reja shunday bo‘lgach, albatta, uni bajarish kerak-da.

Kechirasiz-u, bunday reja qilishga kimning haqi bor? Bu masalaga o‘zi ozgina maosh olib turgan tibbiyot xodimi bilan o‘qituvchining qanday aloqasi bor? Kim bundan manfaatdor?

Mana shu savollar ochiq qolyapti. Biz, albatta, o‘rganishda davom etamiz va savollarga aniqlik kiritamiz.

Odamlarda ozgina istihola ham bor, ayrimlar masalani ochiq aytishga cho‘chib turgani ham bor gap. Ammo biz ularning yonida turamiz va masalani to‘liq o‘rganib yana natijalar bilan o‘rtoqlashamiz», — dedi deputat.

Kun.uz holat yuzasidan Urgut tuman xalq ta'limi bo‘limi vakilidan izoh oldi. Shaxsi sir qolishini istagan XTB vakiliga ko‘ra, tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu haqda so‘z borgan.

«Yig‘ilishda rahbariyat (aynan qaysi rahbariyat ekani ochiqlanmagan) tomonidan tuman «voyenkom» boshlig‘iga topshiriq berildi. Tumanning SChR bo‘yicha rejasi bajarilmagan ekan chog‘i, harbiy xizmat bo‘yicha tegishli hujjatlar ijrosiga e'tibor qaratildi va yoshi to‘g‘ri keladigan, harbiy xizmatga layoqatli, davlat tashkilotlarida ishlaydigan xodimlar vatan oldidagi harbiy majburiyatini o‘tash kerak, deyildi.

Shundan so‘ng, «voyenkomat» bizdan (tuman xalq ta'limi bo‘limidan – tahr.) harbiy xizmat yoshidagilarning ro‘yxatini olib, yosh bo‘yicha ajratib olib, o‘zlari chaqirishgan.

Tuman hokimligi bir oylik harbiy xizmatga mablag‘i yetmaganlarga imtiyozli kredit berish bo‘yicha banklarga topshiriq berdi. Chunki hali oyliklar chiqqan emas.

Shu tarzda harbiy xizmatga bormoqchi bo‘lganlar o‘zlari harbiy bo‘limga borib, shartnoma tuzib, bu uchun bankdan kredit olishga ham majbur bo‘lmoqda, tumandagi ayrim maktab o‘qituvchilari ham hokimlik tomonidan har bir maktabdan ikki nafar o‘qituvchi zudlik bilan bir oylik harbiy xizmatga jo‘natish talabi qo‘yildi», — dedi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Urgut tuman XTB xodimi.

Urgut tuman hokimligi axborot xizmati esa hokimlik tomonidan bu bo‘yicha hech qanday topshiriq bo‘lmaganini ma'lum qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining joriy o‘rganishlari nihoyasiga yetgach bu masalaga yana qaytamiz.

2019 yil dekabr oyida ham Urgut tumanida yashovchi fuqarolar tahririyatga murojaat qilib, hokimlik tomonidan o‘qituvchilarning maoshlaridan bir oylik harbiy xizmatga chaqirilganlarning shartnomasi uchun pul o‘tkazish topshirig‘i berilganini aytgandi. Bu bo‘yicha maqola e'lon qilingan, ma'lum muddat o‘tib, asossiz ravishda to‘langan 45 million so‘m pullar egalariga qaytarilgani aytilgandi.

Eslatib o‘tamiz, safarbarlik chaqiruv rezervi uchun to‘lov bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarini tashkil etadi va u 4 million 706 ming so‘mga teng.

Kun.uz muxbirlari:
Shuhrat Shokirjonov,
Anvar Mustafoqulov.

Mavzuga oid