Jahon | 21:50 / 03.02.2021
27284
9 daqiqa o‘qiladi

Lancet «Sputnik-V» vaksinasining uchinchi bosqich natijalarini e'lon qildi. Xulosalar

Dunyodagi nufuzli ilmiy jurnallardan biri Lancet anchadan beri kutilayotgan va har xil qarashlar nishoniga aylangan «Sputnik-V» vaksinasining so‘nggi bosqich natijalarini e'lon qildi.

ARTEM GEODAKYAN/TASS

Ma'lumotlarga ko‘ra, vaksinaning SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi samaradorligi 91,6 foizni tashkil qilgan. Olimlarning alohida ta'kidlashicha, bunday samaradorlik 60 yoshdan katta odamlarda ham kuzatilgan. Gamaleya nomidagi markaz rahbari Aleksandr Ginsburg brifingda aytishicha, olimlar «Sputnik» bilan emlangandan so‘ng immunitet «kamida ikki yil va undan ko‘proq saqlanib qoladi», degan xulosaga kelishgan.

Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi raisi Kirill Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, vaksina koronavirusning Buyuk Britaniya va Janubiy Afrika Respublikasida aniqlangan yangi shtammlariga ham samarador.

Tadqiqotchilarning ma'lumotlariga ko‘ra, «Sputnik» koronavirusning o‘rta va og‘ir shakllaridan 100 foiz himoyalay oladi. «Tadqiqotlar mobaynida bir necha ko‘ngillilar vafot etdi, lekin ularning o‘limi vaksina bilan bog‘liq emas», deyiladi Lancet jurnalida chiqqan maqolada.

Samaradorligi
20 ming kishida o‘tkazilgan oraliq sinovlar natijalariga ko‘ra, vaksina koronavirusga qarshi 91,6 foiz samaradorlik ko‘rsatgan.

«Sputnik» vaksinasini olgan 14 ming 964 kishidan iborat ko‘ngillilar guruhidan jami 16 kishi yoxud emlanganlarning 0,1 foizi kasallangan. 4902 kishilik platsebo guruhida esa 62 kishi yoki vaksina olganlarning 1,3 foizi kasallangan. Kasallanganlar preparatning birinchi dozasini olib 21 kun o‘tgach kasallanish holati qayd etilgan.

«Tajribada qatnashayotganlardan birlamchi skrining paytida va ikkinchi doza yuborilishidan avval koronavirusga PZR test olingan», deyiladi maqolada. Shuningdek, qatnashchilar O‘RVI simptomlari borligini aytishgan taqdirda ham test olingan.

Ikkinchi tahlillar doirasida mualliflar vaksinaning koronavirusning o‘rta va og‘ir o‘tishiga qarshi samaradorligi tadqiqotlar chegarasini aniq belgilab olishdi. Ma'lum qilinishicha, birinchi dozadan 21 kun o‘tib emlanganlar orasida o‘rta va og‘ir shaklda kasallanish kuzatilmagan va platsebo guruhida 20ta holat qayd etilgan. Bu esa o‘rta va og‘ir shakllarga qarshi 100 foizlik samaradorlik bor degani.

Tadqiqotlarda ma'lum bo‘lishicha, vaksina nafaqat gumoral immunitet reaksiyasini bergan (antitanachalar paydo bo‘lgan), balki hujayra vositasidagi immunitet ham kuzatilgan – bu 342 (vaksina) va 44 (platsebo) qatnashchilarda tasdiqlangan. 342 qatnashchining olti nafarida emlangandan so‘ng immun reaksiyasi shakllanmagan. Bu yoshning kattaligi yoki individual xususiyatlar tufayli bo‘lish ehtimoli bor, deyiladi maqolada.

Nojo‘ya ta'sirlar
Har ikkala ko‘ngillilar guruhida kasalxonaga yotqiziladigan darajada holatlar juda kam kuzatildi – platsebo guruhida 0,4 foiz, vaksina guruhida 0,2 foiz. Og‘ir holatlarning birortasi vaksinatsiya bilan bog‘liq emasligi ta'kidlangan.

Lancet’dagi maqolada aytilishicha, tadqiqot davomida to‘rt nafar ko‘ngilli vafot etgan (3 nafari vaksina va yana biri platsebo guruhida) va o‘limlarning hech biri bevosita preparat ta'sirida emas.

Vaksina guruhidagi bir o‘lim sinish holati bilan bog‘liq. Ikki holatda vafot etganlarning yondosh kasalliklari bo‘lgan va ular vaksinaning birinchi dozasini olgandan so‘ng koronavirus simptomlari paydo bo‘lgan. Tadqiqotchilar PZR testlari manfiy bo‘lsa-da, har ikki qatnashchini ham tadqiqotgacha kasallangan deb qayd etishgandi. Platsebo guruhida esa o‘lim insult bilan bog‘liq bo‘lgan.

2020 yilning 7 sentyabridan 24 noyabriga qadar 21 ming 977 nafar voyaga yetgan qatnashchilar guruhlarga bo‘lib chiqildi. Pirovardda 16 ming 501 kishiga vaksina qilindi, 5476 kishi esa platsebo olishdi. Bu tadqiqotning oraliq natijalarda ko‘rsatilgandan ko‘proq – uyoqqa preparatning ikkala komponentini ham olganlar tanlab olingan.

Preparatning aqalli bir dozasini olganlarning barchasida noxush nojo‘ya ta'sirlar paydo bo‘lish-bo‘lmasligi kuzatuv ostiga olindi. Qatnashchilar elektron tibbiyot kartalar, elektron kundalik va teletibbiyot konsultatsiyalari orqali kuzatib borildi. Xabar berilishicha, nojo‘ya ta'sirlar qatnashchilarning 68 nafarida kuzatilgan. Ularning 45 nafari vaksina, 23 nafari esa platsebo guruhida edi. Bular qanday ta'sirlar ekani aniq emas, lekin ularning hech biri oxir-oqibat vaksinatsiya bilan bog‘liq emas.

Noxush nojo‘ya ta'sirlarning aksari yengil o‘tgan. Gripp simptomlari, bosh og‘rig‘i, inʼeksiya qilingan joydagi og‘riq hamda charchoq va lanjlik shular jumlasidan.

Vaksinaning 60 yoshdan oshganlarga ta'siri

Tadqiqotlarda 60 yoshdan oshgan 2144 nafar ko‘ngilli qatnashdi va bu guruhda vaksinaning samaradorligi 91,8 foizni ko‘rsatdi. Nojo‘ya ta'sirlar ko‘proq gripp simptomlari va kichik reaksiyalar ko‘rinishida bo‘ldi. Shuningdek, platsebo guruhida 3ta jiddiy nojo‘ya ta'sir qayd etildi (siydik yo‘lida kasalligi, sinusit va grippga o‘xshash kasallik) va vaksina guruhida ham 3ta (buyrak og‘rishi, ichki venalarda tromboz va harakat a'zolarida abssess). Tadqiqotda nojo‘ya ta'sirlar va vaksinatsiya o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qligi qayd etilgan.

«Koronavirus pandemiyasini to‘xtatish uchun har xil ta'sir mexanizmlariga ega turli vaksinalarni qo‘llab ko‘rish darkor. Shundagina global talabni qondirish mumkin. Bizning vaksina koronavirusga qarshi boshqa vaksinalar bilan bir qatorda tanlash imkonini oshiradi», deya Gamaleya direktori o‘rinbosari va tadqiqot mualliflaridan biri Denis Logunovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi jurnal.

Mualliflarning ta'kidlashicha, kasallanish holatlari qatnashchilar simptomlar haqida o‘zlari xabar bergandagina aniqlangani bois samaradorlik tahlili bor-yo‘g‘i kasallikning simptomatik namoyon bo‘lishi va vaksinaning samaradorligini anglab yetish uchun nisbatan simptomsiz koronavirus va uning yuqishi istiqboldagi zaruriy tadqiqotlarni qamrab oladi.

«Qatnashchilarni kuzatishning o‘rtacha muddati birinchi doza olingach 48 kunni tashkil qilgan, binobarin, tadqiqot muhofazaning to‘liq muddatini baholay olmaydi», deyiladi maqolada.

Tadqiqot formati vaksinani bir martalik qo‘llash samaradorligini baholay olmasa-da, natijalar himoya ilk emlash amalga oshirilganidan 16-18 kun o‘tib ishga tushishi aytiladi. 15-kundan 21-kungacha kasallikning o‘rta va og‘ir shakliga qarshi samaradorlik 73,6 foizni tashkil qilgan. Lekin bu kuzatuvlardan ishonarli xulosalar chiqarish uchun yana tadqiqotlar zarur.  

Adenovirus vektor vaksinalar ilgari ham qo‘llangan va ularning xavfsizligi bir necha klinik tadqiqotlar bilan isbotlangan.

Olimlar xavotiri

Lancet jurnalida sentyabr oyida «Sputnik» vaksinasining ikkinchi fazasi natijalari nashr qilingan edi. O‘sha maqoladan keyin olimlarning xalqaro guruhi jurnalga klinik sinovlarning natijalari haqida batafsilroq ma'lumot taqdim qilishni so‘rab murojaat qilishdi. Biroq ularga ma'lumot berilmadi. Olimlarda sinovlarda qatnashayotgan turli guruhlarning hayratlanarli va biroz nomutanosib ko‘rsatkichlari shubha uyg‘otgandi.

Shuningdek, olimlar maqolalarni chop etish tezligi va ma'lumotlar chalkashligiga e'tibor qaratishdi. Sinovlar 10 avgustda tugagan va bu kabi tadqiqot haqida 3 haftada maqola tayyorlab chop etishga ulgurish aql bovar qilmas ish edi.

Olimlar o‘z xavfsirashlarini Lancet jurnaliga ochiq xat ko‘rinishida yozib, «Sputnik»ning klinik sinovlari protokoliga ochiqcha foydalanish huquqi berishni so‘rashdi. Ammo iltimosga berilgan javob tanqidchilarni qoniqtirmadi va tadqiqotga nisbatan xavotirlarni kuchaytirdi.

«(Rossiya taraf yozgan maqola mualliflari) baribir hech qanaqa ma'lumot taqdim etishmadi. Bizga hatto tadqiqotlarning asl manbalaridan foydalanish huquqini ham berishmadi», deydi ochiq xat mualliflaridan biri, Templ Universiteti professori va ilm-fandagi yolg‘onlarga qarshi kurashi bilan tanilgan Enriko Buchchi.

«Savollarimizga javoblar rasmiy bo‘ldi, ma'lumotlarni esa, ko‘rganimiz yo‘q», deydi Northwestern University doktoranti va Lancet jurnaliga bitilgan xatga imzo chekkan olimlardan biri Konstantin Andreyev.

Lancet rossiyalik olimlarning maqolasi nashrga qanday tayyorlangani haqidagi tafsilotlarni oshkor qilishni rad qilgan edi.

Mavzuga oid