O‘zbekiston | 08:02 / 04.02.2021
12768
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 9-sinf o‘quvchisi bosqinchilik sodir etdi

2021 yilning 1 fevral kuni soat 15:00larda voyaga yetmagan shaxs, 9-sinf o‘quvchisi Erlan Z. Toshkent shahar Bektemir tumani hududida joylashgan “Vodiy” shohbekati oldida Cobalt avtomashinasi haydovchisi 29 yoshli Abdunabi X. bilan uni va oila a'zolarini Andijon viloyati Asaka tumaniga olib borishiga kelishgan.

Foto: Tergov departamenti

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u oila a'zolarini Ohangaron tumani hududidan olib ketishlarini aytib, avtomashinaning old o‘ng tomon o‘rindig‘iga o‘tirgan va yo‘lni ko‘rsatib borgan.

Qayd etilishicha, ular O‘zar qishlog‘iga yetmasidan Erlan Z. yonida bo‘lgan oshxona pichog‘ini Abdunabi X.ning bo‘yin qismiga tirab, yonida bo‘lgan bor pullari va buyumlarini berishini talab qilgan hamda haydovchi Abdunabi X.ga tegishli bo‘lgan narxi 1 500 000 so‘mlik uyali telefon apparatini, avtomashinasi boshqaruv pultini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Shundan so‘ng Erlan Z. haydovchi Abdunabi X.dan avtomashinasini Nurafshon shahar yo‘nalishi bo‘ylab boshqarishini talab qilgan, haydovchi Abdunabi X. mashinasini Ohangaron tumani Oybuloq MFY O‘zar qishlog‘idan chiqishdagi avtobus bekati ro‘parasida to‘xtatib, bekatda turgan notanish shaxslardan yordam so‘ragan va avtobus bekatida o‘tirgan notanish fuqarolar Erlan Z.ni ushlab, IIB xodimlariga topshirishgan.

Mazkur holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Erlan Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “a” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid