Buxorodagi gaz portlashidan jabrlanganlarning 6 nafariga uyga javob berildi. Bir kishining ahvoli og‘irligicha qolmoqda
12 nafar jabrlanuvchining 6 nafariga uyga javob berilgan. Shifoxonada qolayotgan 5 kishining ahvoli qoniqarli, bir bemorning holati esa nisbatan og‘irligicha qolmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi 4 fevral kuni Buxoro shahridagi 9 qavatli uyda ro‘y bergan gaz portlashi jabrlanuvchilarining ahvoli haqida ma'lumot berdi.
Voqeadan 22 soat o‘tib berilgan axborotga ko‘ra, 12 nafar jabrlanuvchidan 6 nafariga uyga javob berilgan. Bir kishining holati nisbatan og‘irligicha qolmoqda.
«Favqulodda holat yuzaga kelganda ko‘p qavatli uyda bo‘lgan 3 nafar, portlash jarayonida yo‘ldan transport vositalarida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 9 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olishgan. Ular zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga olib kelingan.
Portlashdan jabrlangan 12 nafar bemordan 5 nafari filialning neyroreanimatsiya bo‘limiga «miyaning yopiq shikastlanishi va miya chayqalishi» tashxisi bilan yotqizildi. Ahvoli o‘rta og‘irlikda.
2 nafar bemor umumiy reanimatsiya bo‘limiga joylashtirilgan. Ularning bir nafarining yuz va qo‘llarida 35 foiz kuyish aniqlangan, ahvoli nisbatan og‘irroq. Ikkinchi bemorda ko‘krak qafasining yopiq shikastlanishi kuzatilgan, uning ahvoli qoniqarli.
Qolgan besh nafar bemorga ambulator yordam ko‘rsatildi. Ularda situatsion nevroz (qattiq qo‘rqish) tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, zarur muolajalar amalga oshirilgach, uylariga javob berilgan.
Bugun neyroreanimatsiya bo‘limidagi bemorlardan biriga ahvoli yaxshilangani uchun javob berilgan», – deyiladi SSV axborotida.
Buxoro viloyati hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, ahvoli og‘ir bemor – kogonlik 39 yoshli erkak.
- Eslatib o‘tamiz, gaz portlashi 4 fevral kuni soat 17:30da, «White Group Trading» MChJ tomonidan qurilgan 9 qavatli uyning 3-qavatida ro‘y berdi.
- Hodisa tabiiy gazni ulash jarayonida gazning quvurdan sizib chiqishi natijasida yuzaga kelgan. Viloyat IIB hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochgan.
- Bino qurilishiga «White Group Trading» MChJ mas'ul. Loyiha bo‘yicha 3ta pod'yezdda jami 70ta xonadon qurilishi rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
18:02 / 04.12.2024
Qurilish maydonlarida atmosfera havosi talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanadi
12:17 / 04.12.2024
Turkiya qurilish kompaniyasi salkam 1500 o‘zbekistonlikni ishga olmoqchi
18:32 / 02.12.2024
“Uy qurilishini kechiktirgan tadbirkor jarimaga tortiladi” - Qurilish vazirligi
20:49 / 30.11.2024