O‘zbekiston | 12:20 / 05.02.2021
34339
3 daqiqa o‘qiladi

«Respublikamizda epidemik vaziyat barqaror» – Otabekov karantin qaytishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

30 yanvar kuni mamlakatda koronavirus infeksiyasining “britancha” shtammiga chalingan ilk bemor aniqlandi. Oradan ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda yana karantin joriy qilinishi haqida xabarlar tarqaldi. Bunga asos qilib ovozli xabar qoldirilgan. Audioxabarda bosh vazir o‘tkazgan yig‘ilishda bu haqda aytilgani, barcha chegaralar yopilishi, mamlakatga kirish-chiqish to‘xtatilishi ma'lum qilingan.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bu ovozli xabar unga tegishli ekanini va 2020 yilning 15 mart kuni sahifasida e'lon qilganini aytib o‘tdi.

“Shu kunlarda Telegram guruhlarida o‘tgan yili kanalimda e'lon qilingan eski xabarlar yana qayta tarqatilmoqda.

Birinchisi - 16 martdan karantin e'lon qilinishi haqidagi ovozli xabar. Bu 2020 yil 15 mart kungi xabar edi.

Joriy yilda karantin qayta e'lon qilinishi hozircha kutilmayapti (ilohim, bunga ehtiyoj ham bo‘lmasin)”, - deb yozgan bloger o‘z sahifasida.

Kun.uz bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov bilan bog‘landi.

Shtab a'zosining ta'kidlashicha, ayni kunlarda yangi shtammning kirib kelishi bilan bog‘liq holatlar sabab bunday xabarlar tarqalishi aholini sarosimaga solmoqda. Shu o‘rinda, fuqarolardan e'tiborli bo‘lish so‘ralgan. Turli yolg‘on ma'lumotlarga ishonishdan oldin uni asosli yoki asossiz ekanligini tekshirib ko‘rish lozim. Bu borada faqat Respublika maxsus komissiyasi topshirig‘iga binoan rasman xabar beriladi.

“Avvalambor, bu kabi “sovuq”, asoslanmagan, noto‘g‘ri xabarlarni tarqatganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244-5- moddasiga muvofiq javobgarlik bor. Ming afsuski, oramizda shu kabi yolg‘on xabarlarni tarqatishga ishqiboz, “kasal” odamlar ham uchrab turibdi. Karantin va cheklov tadbirlariga kelsak, unga sabab bo‘ladigan asos va holat yo‘q. Respublikamizda epidemik vaziyat barqaror”, - dedi Nurmat Otabekov.

Mavzuga oid