«Rossiyani tovon to‘lashga majbur qilamiz» – Bayden tashqi siyosat haqida ilk marta ma'ruza qildi
AQSh prezidenti Jo Bayden ilk marta mamlakatning tashqi siyosati borasida rejalarini ma'lum qildi. Bayden bu borada AQSh Davlat departamentida chiqish qildi.
«Oldingi hamkasbimdan farqli o‘laroq Vladimir Putinga Rossiya saylovlarimizga aralashadigan, [kompaniyalarimizga] kiberhujum qiladigan, o‘z fuqarolarini zaharlaydigan va AQSh bularning barchasiga toqat qiladigan davr tugaganini aniq tushuntirdim. Biz Rossiyani olib borayotgan agressiv siyosati uchun tovon to‘lashga majbur qilamiz va xalqimizning xavfsizligini ta'minlaymiz», dedi Bayden nutqida.
AQSh prezidenti Aleksey Navalniyning ozodlikdan mahrum qilingani haqida ham gapirdi: «Siyosiy maqsadlar yo‘lida Navalniyning ozodlikdan mahrum etilishi va Rossiyadagi namoyish o‘tkazish huquqining cheklanishi nafaqat biz, balki butun dunyo uchun xavotirli holat. Janob Navalniy xalq tomonidan korrupsiyani fosh qilish uchun tanlangan odam va u hech qanday sharsiz qo‘yib yuborilishi kerak edi», degan demokrat.
Bayden Xitoyni AQShning asosiy raqobatchisi deb atadi. Shuningdek Xitoy Amerikadagi demokratiya uchun xatarli mamlakat ekanini ta'kidladi: «Xavfsizlik, demokratiya va mamlakat gullab-yashnashi uchun asoiy raqobatchimiz – Xitoy tomonidan bo‘ladigan chorlovlar bilan ham shaxsan shug‘ullanaman. Xitoyning iqtisodiy kuchini suiiste'mol qilishini cheklaymiz. Shuningdek, u yerda inson huquqlarining doimiy buzilishiga ortiq toqat qilmaymiz va bunga qarshi chora ko‘ramiz. Bu mamlakatning global boshqaruvga ta'sir qilayotgan shantajlariga chek qo‘yish ustida ishlaymiz. Biroq AQSh manfaatlari uchun Pekin bilan ishlashga, kuch borasida raqobatlashishga tayyormiz», dedi Bayden.
AQShning 46-prezidenti nutqi avvalida «Amerika qaytdi» deb aytdi va mamlakat xalqaro siyosatda yana dunyo uchun foydali bo‘lgan eng katta kuchga aylanishini ta'kidladi. Uning aytishicha, AQSh Yamandagi harbiy harakatlarni qo‘llash kabi mantiqsiz ishlardan chekinadi va xalqaro siyosatda yana demokratiyani birinchi planga qo‘yadi. Uning aytishicha, Yamandagi muammoni bartaraf etish uchun u yerga diplomatlarni yuborish eng samarali yo‘l. Shunga qaramay, demokrat AQSh Saudiya Arabistoniga yordam berishda davom etishini ma'lum qildi.
Bayden nutqidagi yana bir muhim masala – Germaniyadan amerikalik askarlarning olib chiqib ketilishiga e'tibor qaratdi. Oldingi prezident Donald Tramp NATO missiyasi doirasida Germaniyada bo‘lib turgan amerikalik askarlar mamlakatdan olib chiqilishini, bu harbiy xarajatlarni qisqartirish uchun amalga oshirilishini aytgandi. Bunday qaror haqida hatto Germaniya tomoni ham ogohlantirilmagan. Bayden bunday jiddiy qarorlarni maslahatlashmay qabul qilib bo‘lmasligini ta'kidladi. Uning aytishicha, tez kunlarda AQShning tashqi siyosat bo‘yicha rejasi ishlab chiqiladi. Bu jarayonda Pentagon ham qatnashadi va aynan shu rejaga ko‘ra Germaniyadagi askarlar dislokatsiyasi borasida yakuniy qarorga kelinadi. Bungacha askarlarning Germaniyadan chiqish rejasi to‘xtatib turiladi.
Bayden saylov kampaniyasi davomida aytganidek tashqi siyosatdagi asosiy maqsadi Amerikaning dunyodagi yetakchilik mavqeyini tiklash ekanini yana bir bor ta'kidladi. U AQShning tushib ketgan mavqeyini faqat diplomatiya orqali tiklash mumkinligiga ishonmoqda.
Mavzuga oid
20:16 / 24.12.2024
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
17:40 / 24.12.2024
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
23:11 / 21.12.2024