O‘zbekiston | 13:56 / 06.02.2021
16218
6 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt va Toshkent viloyati o‘rtasida talash bo‘layotgan hudud: voqealarning keyingi rivoji

Kun.uz o‘ziga xos yuridik voqelikni yoritishda davom etadi. Toshkent shahri va viloyati chegarasidagi 1,1 gektar yer ikkala hudud va uch nafar tadbirkor o‘rtasida nizo obekti bo‘lib qolmoqda.

Muammo tarixi bilan Kun.uz e'lon qilgan quyidagi maqolalar orqali tanishishingiz mumkin:

Kadastr sohasida uzoq yil faoliyat yuritgan Oliy Majlis deputati Nuriddin Sultonov jumboqli vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida soha mutaxassislari bilan joyiga chiqib o‘rganish o‘tkazilishini aytib, bunga Kun.uz vakillarini ham taklif qilgan edi.

Kun.uz deputat taklifiga asosan mazkur nizoli hududning bevosita o‘zida olib borilgan o‘rganishlarni kuzatdi.

Nizoli yer bo‘yicha dastlab Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi Yer nazorati shu'ba rahbari Bekzod Toshxo‘jayev fikr bildirdi.

Uning aytishicha, nizoli yer 1994 yilda Toshkent shahri hududiga o‘tgan va qandaydir tushunarsiz sabablarga ko‘ra Zangiota hududiga o‘tib ketgan. U nizoli yer Toshkent shahri hududi bo‘lib kelgan vaqtda Toshkent viloyati bu hududdan sug‘oriladigan yer sifatida foydalanib kelganini, ammo bu yerning viloyatga o‘tib qolishini anglatmasligini bildirdi.

Shuningdek, Bekzod Toshxo‘jayev hudud Toshkent viloyatiga o‘tadigan bo‘lsa, avval Toshkent shahar hokimi bilan kelishilishi lozim bo‘lgani, biroq bu ish qilinmaganini ta'kidladi.

«Toshvilerloyiha» bo‘linmasi direktor o‘rinbosari Kamoliddin Umarovning fikrlari esa biroz boshqacharoq bo‘ldi.

Unga ko‘ra, 1996 yildagi 464-sonli Hukumat qaroriga asosan, nizoli yer to‘liq Toshkent shahriga o‘tkazilgani bilan, shu paytgacha Toshkent viloyatining yer balansida turgan, 2017 yilda Senat qaroriga asosan Toshkent viloyatiga o‘tgan.

Deputat Nuriddin Sultonov esa Senatning bu qarori Toshkent viloyati tarkibida Toshkent tumanini tuzish to‘g‘risida ekani va qanday qilib viloyat ichidagi hududiy masalani hal qiluvchi ushbu qaror bilan Toshkent shahrining bir qismi viloyatga o‘tib ketganidan hayratda ekanini yashirmadi.

Kadastr agentligi xulosasida bir qism yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olgani aytilgan tadbirkorning vakili ham fikr bildirib, vaziyat aslida boshqacha ekani, ularga yer ajratish masalasi qonuniy bo‘lganini ta'kidladi va unga kadastr sohasi mas'ullari rasmiylashtirib bergan hujjatlarni ko‘rsatdi.

«Univer Business House» MChJ ish yurituvchisi Kamolxo‘ja Zayniddinov qurilish jarayonida kadastrchilar chizib bergan hududdan bir santimetr ham tashqariga chiqilmaganini bildirdi.

Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdusattor Hasanov esa nizoli yer 1994 yildan beri poytaxtga tegishli bo‘lib kelganini va hech qanaqasiga Toshkent viloyatiga qaytib berilmaganini bildirdi.

Uning fikricha, Toshkent viloyati tarkibida Toshkent tumanini tuzish to‘g‘risidagi 2017 yilgi Senat qarorining ilovasida tushunarsiz ravishda poytaxt hududidan 16 gektar yer maydonini Toshkent viloyatiga o‘tkazish masalasi tasdiqlatib yuborilgan.

Aytish joizki, ayni shu 16 gektar yer maydoni tarkibidagi 1,1 gektar yer bir nechta tadbirkor o‘rtasida nizo keltirib chiqarmoqda.

Abdusattor Hasanov poytaxt hududining bir qismi Toshkent viloyatiga «o‘tib ketganidan» Toshkent shahri hokimi va shaharning boshqa mas'ullari bexabar qolganini ma'lum qildi.

Vaholanki, o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan «O‘zbekiston Respublikasida ma'muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida»gi qonunda viloyatlar va tumanlarning chegaralarini o‘zgartirish tegishli viloyatlar, Toshkent shahri hokimlarining iltimosnomasiga asosan, Vazirlar Mahkamasining taklifiga muvofiq, Oliy Majlis tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Abdusattor Hasanovning qo‘shimcha qilishicha, agar Toshkent shahrining chegarasi o‘zgarganida Toshkent shahrining hududiy tuzilishiga doir bir qator hujjatlar, jumladan Oliy Kengash Rayosatining 1994 yil 16 martdagi 1031-XII-sonli hamda Hukumatning 1996 yil 28 dekabrdagi 464-sonli qarorlariga o‘zgartirish kiritilishi lozim edi, amalda esa bunday bo‘lmagan.

O‘rganish yakunida deputat Nuriddin Sultonov mas'ullar yer ajratish haqidagi dastlabki qarorlarni, ularga ilova qilingan hujjatlar va xaritalarni hali taqdim etishmagani tufayli vaziyat hanuz o‘z yechimini topmayotganini bildirdi.

Shuningdek, deputat o‘rganish olib borishdan maqsad tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish emas, balki nizoli yerning 2018 yilda qaysi hududga tegishli bo‘lganini hamda kadastr sohasi mutaxassislarining yer ajratish jarayonida qonuniy harakat qilgan-qilmaganligini aniqlash, qolaversa, nizolashayotgan uchala tadbirkor uchun ham masalaning ijobiy yechim topishiga erishish ekanini ta'kidladi.

Mas'ullar deputatga so‘ralgan hujjatlarni taqdim etishga va'da berishdi.

Kun.uz o‘ziga xos yuridik voqelikni kuzatishda va yoritishda davom etadi.

Abbos Salaydinov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid