Jamiyat | 18:49 / 08.02.2021
7623
4 daqiqa o‘qiladi

Metsenat.uz loyihasida IT sohasiga qiziquvchilar uchun navbatdagi grant e'lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va IT-park o‘zaro hamkorlikda IT-mutaxassislarini kelgusida ish bilan ta'minlash maqsadida o‘qitish bo‘yicha yangi qo‘shma loyiha ishlab chiqdi.

Loyihaning maqsadi axborot texnologiyalari bo‘yicha keng qamrovli o‘quv dasturi orqali yuqori malakali IT-mutaxassislar sonini ko‘paytirishdir.

Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, ushbu qo‘shma grant talabalarning shartnoma to‘lovlarini to‘lab berishga emas, balki Respublika bo‘ylab IT sohasiga qiziquvchi yoshlarni professional tayyorlash va ularning orasidan eng salohiyatli va bilimlilarini ish bilan ta'minlashga qaratilgan.

Grantni kimlar qo‘lga kiritishi mumkin?

Loyihaning asosiy e'tibori «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»dan o‘rin olgan

  • maktab bitiruvchilari;
  • OTM talabalari;
  • OTMga kira olmagan abituriyentlar;
  • kam ta'minlangan va ehtiyojmand oilalardagi ishsiz shaxslarni IT sohasida professional tayyorlashga qaratilgan.

Hujjat topshirgan nomzodlar orasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 100 nafardan yoshlar o‘qitish uchun saralab olinadi. Jami 1400 nafar yoshlar IT sohasi bo‘yicha mutaxassis qilib tayyorlanadilar.

Shuningdek, yuqoridagi talablarga javob bergan yoshlar mantiqiy test, kompyuter savodxonligi bo‘yicha test va ingliz tili bo‘yicha sinov-testdan muvaffaqiyatli o‘ta olishlari lozim.

O‘quv dasturi qay tartibda amalga oshiriladi?

Saralab olingan talabalar o‘quv dasturining 10ta yo‘nalishidan (Veb dasturlash, mobil robototexnika, mobil ilovalar ishlab chiqish, grafik dizayn, 3D modellashtirish, ma'lumotlar bilan ishlash, grafik dizayn, IT-xavfsizlik, ingliz tili, mobil o‘yinlarni ishlab chiqish, IT-menejment) birini tanlaydilar hamda o‘quv kurslari uchun dastlabki to‘lovni (400 ming so‘m) amalga oshiradilar.

O‘quv kurslari 9 oy davomida haftasiga 3 marta kuniga 3 soat 2 smenada amalga oshiriladi.

Grantning afzalligi nimada?

Ariza topshirgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlarning barchasiga o‘quv kurslarida kelgusida o‘qish uchun 50 foiz chegirma (200 ming so‘m) qilib beriladi. O‘quv kurslari so‘ngida barcha yoshlar malakaviy bitiruv ishini tayyorlashadi va malaka komissiyasining bahosiga ko‘ra eng yaxshi deb topilgan 30 foiz talabaga o‘quv kursida ta'lim olish uchun qilgan barcha xarajatlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 100 foiz qoplab beriladi.

Undan tashqari, ushbu 30 foiz yoshlar ish bilan ta'minlanadi, qolgan yoshlar esa turli tashkilotlarga tavsiya qilinadi.

Hujjatlar qayerda qabul qilinadi?

Hujjatlarni www.futureskills.uz, www.metsenat.uz va www.it-istedod.uz saytlari orqali topshirish mumkin.

Ariza topshirishning oxirgi muddati: 15 fevral.

Ma'lumot o‘rnida: Kun.uz nashri Metsenat.uz loyihasining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi va saytda e'lon qilinayotgan barcha grant hamda stipendiyalarni targ‘ib qilishga ko‘maklashadi. Shu o‘rinda yurtimizdagi barcha korxona, tashkilot, kompaniyalar hamda saxovatpesha tadbirkorlarni ilm-fanga, ta'limga beminnat homiylik qilishga chorlab qolamiz.

Mavzuga oid