O‘zbekiston | 10:04 / 08.02.2021
53758
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisiga qattiq tanbeh berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga safari doirasida Farg‘ona shahridagi «Shodiyona» mahallasiga kutilmagan tashrif bilan bordi. 

«Maxsus rakurs» ko‘rsatuvida xabar qilinishicha, davlat rahbari mahalla idorasi qayerda ekani bilan qiziqqan.

«Mahalla idorasi qayerda? Nega olib bormaysan o‘sha yerga, mahallaning raisi qani, nahotki bilmaysan?» - dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev ko‘p qavatli uyda yashovchilar bilan muloqotni to‘xtatmagan, bu yerdagi mahalla fuqarolar yig‘ini binosini ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rish istagini bildirgan.

Prezident mahalla fuqarolar yig‘ini binosi va yo‘llar achinarli ahvolda ekanini tanqid qilib, shaharning endilikda sobiq hokimi Hamid Habibidinovga qattiq tanbeh bergan.

«Nega ahvol bunday xarob? Nega shu paytgacha joyiga qo‘yilmagan, nega men kelishim kerak? Qachon hammang kabinetda o‘tirishni bas qilib, galstukni yechib, etik kiyasan? Bu nima ahvol? Surxondaryoni borib ko‘rgin, bunaqa mahalla raisi qolmagan u yerda. Nega ishlamaysizlar, yo‘llarning qandayligini qara, binoni qara, odamlarni qara. Bu Farg‘ona-ku, og‘ayni. Birorta uyingning oldida bir baraka yo‘q, hamma yer chiqindi bo‘lib yotibdi», - degan prezident unga.

Ko‘rsatuvda qayd etilishicha, yo‘llardagi nosozliklar sababli tanbehlardan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbari (Abdurahmon Abduvaliyev) ham quruq qolmagan.

«Mana shu yo‘llarga kim javob berishi kerak? Sen shuncha yonimda yurgan odamsan, nega shuni aytmaysan? Bu yo‘llar sifati sharmandalik emasmi? Mayli, tumanlarda hech balo qilmabsan, shaharda-chi? Nega men aytmasam qilmaysan shuni, to‘rt yildan beri yonimda yuribsan-ku? Shuncha pul beryapman, nega o‘zingni qiynamaysan? Nega taklif bermaysan, nega hammang befarqsan? Hozir yana ketasizlar, yana eski hammom, eski tos bo‘ladi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

  • Bundan oldinroq Farg‘ona shahri hokimi Hamid Habibidinov va boshqa sektor rahbarlari - prokuror Atham Mamataliyev, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Shavkat Dadaxonov va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Vohidjon Bobobekov prezident tashrifi doirasida ishdan olingani xabar qilingandi.
  • 2017 yil martidan buyon Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi bo‘lgan Abdurahmon Abduvaliyev yanvar oyi boshida bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi yig‘ilishdan keyin hayfsan olgandi. 

Mavzuga oid