2021 yilda joriy etilishi kutilayotgan 60ta elektron davlat xizmati ro‘yxati e'lon qilindi
Davlat xizmatlari agentligi 2021 yilda taqdim etilishi ko‘zda tutilayotgan elektron davlat xizmatlari ro‘yxatini e'lon qildi. Ushbu ro‘yxatdan 60ta elektron xizmat o‘rin olgan.
“Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida 2021 yilning oxiriga qadar elektron davlat xizmatlarini 60taga ko‘paytirib, ularni 300taga, masofaviy xizmatlar ulushini esa kamida 60 foizga yetkazish zarurligi ta'kidlangan.
Bundan tashqari, 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida 2021 yilda talabgorligi yuqori bo‘lgan 60ta davlat xizmatini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy qilish hamda takomillashtirish maqsadida ustuvor davlat xizmatlari ro‘yxatini shakllantirish va tasdiqlash uchun kiritish belgilangan.
Shundan kelib chiqib, mavjud davlat xizmatlari tahlil qilingan holda, 2021 yilda davlat xizmatlarini ustuvor ravishda elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi”, deya agentlik axborot xizmati rahbari Sevara Zokirovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Qayd etilishicha, chora-tadbirlar dasturi hozircha loyiha maqomida bo‘lib, u ayni paytda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Muhokama 16 fevralga qadar davom etadi. 2021 yilda qaysi davlat xizmatlari elektron shaklga o‘tkazilishini xohlovchilar ushbu havola orqali loyiha yuzasidan o‘z takliflarini bildirishi mumkin.
Muhokamalardan so‘ng “2021 yilda davlat xizmatlarini ustuvor ravishda elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” bosh vazir tomonidan tasdiqlanishi belgilangan. Dastur davlat boshqaruvi organlari, vazirlik va idoralar tomonidan an'anaviy tarzda yoki boshqa manbalar orqali elektron ko‘rsatilayotgan talabgorligi yuqori bo‘lgan davlat xizmatlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishini ko‘zda tutadi.
Mavzuga oid
13:30 / 29.10.2024
Elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar 100 mlrd so‘mdan ortiq soliq to‘ladi
16:00 / 21.10.2024
Yana to‘rtta vazirlikning 160 xodimi tadbirkorlik qilayotgani ma’lum bo‘ldi
22:14 / 19.10.2024
“Pora olish kamayib, budjet mablag‘larini talon-toroj qilish ortgan” - Akmal Burhonov
16:47 / 26.09.2024