O‘zbekiston | 20:32 / 10.02.2021
31763
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘llar bo‘yicha barcha tashqi loyihalarni 2 yilga to‘xtatamiz, bor kuchni ichki yo‘llarga qaratamiz - prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilgi davlat dasturida rejalashtirilgan vazifalarga bag‘ishlangan videoselektorda chekka hududlardagi yo‘llarni ta'mirlash va ichimlik suvi ta'minoti masalalari bo‘yicha topshiriqlar berdi.

«Ochilboy Ramatov rahbarligidagi kompleksga – yil yakuniga qadar 10 ming kilometrdan ortiq ichki va qishloq (mahalla) yo‘llarini ta'mirlash, 700dan ortiq aholi punktiga (3 million aholi) toza ichimlik suvi yetkazish asosiy vazifa bo‘lishi kerak.

Xorijdagi hamkorlarimizni ogohlantiringlar – yo‘llar bo‘yicha ikki yil barcha tashqi loyihalarni to‘xtatamiz, barcha kuchni ichki yo‘llarga qaratamiz. Sohadagi vaziyat meni mutlaqo qoniqtirmaydi. Yo‘llarni ta'mirlashda davlat-xususiy sherikchilik tizimini joriy qilishimiz kerak. Mana, pandemiya paytida DXSh ish berdi-ku, nega bu sohada qo‘llamasligimiz kerak? Odamlarimiz [Ramatovga qarata] yo‘l va suvdan norozi.

Bunda, qishloq va mahallalardagi ichki yo‘llarni ta'mirlashda «qum-shag‘al qorishmasi»dan foydalanish hisobidan, arzon va ko‘proq yo‘llarni ta'mirlashga joylardagi sektor rahbarlari, Xalq qabulxonalari va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari boshliqlari shaxsan bosh-qosh bo‘lishlari shart», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Energetika vaziri Alisher Sultonov va «Hududiy elektr tarmoqlari» raisi Ulug‘bek Mustafoyevga ikki oy muddatda ta'mirga muhtoj elektr tarmoqlari va transformatorlarni «mahallabay» xatlovdan o‘tkazib, ularni yangilash dasturini tasdiqlash vazifasi berilgan. Bunda yil yakuniga qadar 15 ming kilometr elektr tarmoqlari hamda 4 mingta transformator yangilanishi kerak.

Shuningdek, Ramatov, Mahkamov, Boboyev, Abduvaliyev viloyat hokimlari bilan birga bir oy muddatda 5,5 mingga yaqin ta'mirtalab katta-kichik ko‘priklarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha «manzilli dastur»ni tasdiqlaydi. Buning uchun avvalo Abduvaliyev, Adiz Boboyev boshchiligida ishchi guruhi tuzilib, ikki hafta muddatda barcha ko‘priklar qayta xatlovdan o‘tkazilishi zarur.

Ramatov, Kudbiyev, Kadastr agentligi (F.Umarov) ikki hafta muddatda ko‘priklar kadastrini shakllantirib, egalariga biriktirib berishi ko‘rsatma qilingan.

Shuningdek, Ramatov, Sh.Hidoyatov viloyat hokimlari bilan birga joriy yil 1 martga qadar aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilash bo‘yicha dasturni tasdiqlaydi. Bunda, ko‘p kvartirali uylarning 2 mingta liftini ta'mirlash va yangisiga almashtirish, 4,5 mingta ko‘p kvartirali uy-joy fondini ta'mirlash va hududlarni obodonlashtirish nazarda tutilishi zarur.

Davlat rahbari Ramatov, Zokirov, Sh.Hidoyatov viloyat hokimlari bilan birga, joriy yilda shaharlarda kamida 21 mingta, qishloqlarda 8 ming 800ta uy-joylar barpo qilishi lozimligi bo‘yicha ham topshiriq bergan.

Mavzuga oid