O‘zbekiston | 19:37 / 11.02.2021
21920
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aholisi shahar markazidagi bog‘ni yo‘qotishdan xavotirda. Faollar imzo to‘playapti

O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga atab quriladigan majmua uchun Toshkent markazidagi serdaraxt xiyobon tanlangani jamoatchilik e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. Shahar hokimligi qurilish uchun joy tanlashda aholi fikri bilan qiziqib o‘tirmadi.

Markaziy univermag yonida, «Moviy gumbazlar» nomi bilan atalib kelinadigan bog‘ – poytaxt markazidagi eng serdaraxt xiyobonlardan. Bu yer uch yil oldin obodonlashtirilgan edi.

Xiyobonning o‘ziga xosligi – u turli attraksionlar joy olgan sershovqin park emas. Bog‘ – ko‘plab daraxtlar, maysazor, sayr yo‘laklari va o‘rindiqlar, ovqatlanish va muzqaymoq shoxobchalari, kitob do‘konlari bir joyda jamlangan, osuda hordiq chiqarish mumkin bo‘lgan poytaxtdagi kam sonli maskanlardan.

Poytaxt rasmiylari mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlab barpo etiladigan «Istiqlol» majmuasi uchun shu bog‘ hududini tanlagani jamoatchilik e'tirozini uyg‘otdi.

Hokimlik bog‘dagi daraxtlar himoya qilinishiga va'da beryapti, lekin faol fuqarolar so‘nggi yillardagi «daraxtlar genotsidi»dan shunchalik yurak oldirishganki, hokimiyatning va'dasi ularni ishontira olmayapti.

Boz ustiga, rasmiylar majmua uchun joy tanlashda nega shaharning haqiqiy egalari – aholi fikrini inobatga olmagani borasida sukut saqlashmoqda.

Hokimlik majmua loyihasi bo‘yicha tanlov e'lon qilganidan ko‘p o‘tmay, bir guruh faol fuqarolar «Moviy gumbazlar»ni saqlab qolish uchun petitsiya boshladi.

«Biz ushbu maskan o‘z holatida qoldirilishi uchun ovoz beramiz.

Biz ushbu joy qayta qurilishiga va daraxtlar kesilishiga qarshimiz.

Biz shahar hokimiyati va tegishli tashkilotlarga ushbu majmua qurilishi boshqa yerga, masalan, poytaxtning buzilayotgan mahallalaridan bo‘sh qolgan joylarga ko‘chirilishini so‘raymiz», – deyiladi  petitsiya matnida.

Ayni paytda petitsiyada ovoz berganlar soni 7500dan oshdi. Telegram'da «Kosmonavtlar bog‘imizni himoya qilamiz» nomli kanal ham ochishdi.

Virtual makondan tashqari, faollar shahar ahlidan bevosita imzo ham to‘plashmoqda. Dastlabki bosqichda bog‘ himoyasi uchun 5 mingdan ortiq fuqaro imzo qo‘ygan va imzolar prezidentning Xalq qabulxonasiga topshirilgan.

Kun.uz muxbiri kuni kecha bog‘da bo‘lib, faollar muhokamasini kuzatdi, Ekologik partiyaning yangi raisi Narzulla Oblomurodov va partiyaning boshqa vakillariga savollar bilan murojaat qildi.

Partiya mas'ullari majmua uchun tanlangan joy borasida qat'iy fikr bildirishdan tiyilgan holda, jamoatchilik fikri inobatga olinishi lozimligini qayd etishdi.

Narzulla Oblomurodovning fikricha, holat jamoatchilik fikrini ham inobatga olish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish kerakligini ko‘rsatyapti.

«Mavjud amaldagi qonunchilikda ham tartib-qoidalar belgilangan. Shu bilan birgalikda, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda loyihalarni kengroq muhokama, taqdimot qilib amalga oshirish bo‘yicha takliflarni tegishli organlarga kiritamiz», – dedi Ekopartiya raisi.

Siyosiy partiyaning bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Pirmuhammedovga ko‘ra, partiya bog‘dagi daraxtlarni ichki xatlovdan o‘tkazgan.

«Bu yerda katta-kichik aralash 1500dan ortiq daraxt borligi ma'lum bo‘ldi. Oqsayotgan daraxtlar 220dan ortiqligi aniqlandi», – deydi u.

Pirmuhammedovning ma'lum qilishicha, partiya tez orada masala yuzasidan jamoatchilik eshituvi tashkil etadi.

«Holat bo‘yicha ketma-ketlikda ish boshladik. Hozirda jamoatchilik fikrini eshitishga asosiy e'tiborimizni qaratdik. Jamoatchilik eshituvi rivojlangan davlatlarda qanday kuchga ega bo‘lsa, bizda ham shunday kuchga ega bo‘ladi», – dedi «yashillar» partiyasi mas'uli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir daraxtni kesishdan oldin lokatsiyasi bilan elektron platformaga qo‘yib, e'lon beriladi.

«Platformani yaqin orada taqdim qilmoqchimiz. U ishga tushsa, har bir daraxt kesilishidan oldin jamoatchilik xabardor qilinadi. Shu orqali jamoatchilik va OAV vakillari daraxtlar kesilishi jarayonini kuzatishlari mumkin bo‘ladi», – dedi Ulug‘bek Pirmuhammedov.

Kun.uz mavzuni yoritishda davom etadi.

  • Eslatib o‘tamiz, Toshkentda «Istiqlol» kompleksi qurilishi prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil dekabrda imzolagan, mamlakat mustaqilligining 30 yillik bayramiga doir qarorda ko‘zda tutilgan.
  • Qaror bilan poytaxtda «Istiqlol» majmuasi qurilishi bo‘yicha bir nechta tashkilotlar kiritgan taklif ma'qullangan. Hujjatda majmua Toshkentning aynan markazida bo‘lishi kerakligini ko‘rsatuvchi band yo‘q.

Mavzuga oid