O‘zbekiston | 17:49 / 13.02.2021
10703
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon – «snos»lar bo‘yicha eng ko‘p noqonuniy qarorlar chiqqan hudud ekani ayon bo‘ldi

Yer egasining roziligi olinmagan, ijarachi bilan kelishilmagan, tegishli xalq deputatlari kengashlarining qarori yoki hukumat qarori chiqarilmagan, Adliya organlarining ijobiy xulosasi olinmagan, kelishuvlar notarial tasdiqlanmagan qarorlar eng ko‘p Andijon viloyatida qabul qilingan.

Bu haqda 13 fevral kuni AOKAda o‘tgan brifingda Bosh prokuratura boshqarma prokurori Abdurahim Muhiddinov ma'lum qildi.

Noqonuniy qarorlar Andijonda 48 ta, Toshkentda 11, Namanganda 7, Jizzaxda 6, Qoraqalpog‘istonda 4, Buxoroda 3 va Qashqadaryoda 1ta qabul qilingan.

Buning oqibatida, Respublika bo‘yicha 1 338 ta holatda mulk egalaridan 221,5 mlrd so‘m qarzdorlik yuzaga kelib, ularning huquq va manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Mahalliy hokimliklarning hisobidagi jamg‘armada qoldiq mablag‘lar mavjud bo‘lsa-da, Toshkent shahrida 76,4 mlrd so‘m, Toshkent viloyatida 49 mlrd so‘m, Sirdaryoda 51 mlrd so‘m, Qashqadaryoda 17 mlrd so‘m, Surxondaryoda 9,7 mlrd so‘m, Jizzaxda 7 mlrd so‘m, Samarqandda 5 mlrd so‘m, Farg‘onada 2,4 mlrd so‘m va Andijonda 2 mlrd so‘m qarzdorlik qoplanmagan.

Mavzuga oid