Pensiya jamg‘armasi aholiga to‘lovlar kech yetib borayotgani bo‘yicha izoh berdi
Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati ayrim holatlarda bank xodimlarining qonunga zid harakatlari pensionerlarga pensiya pullari o‘z vaqtida yetib bormayotganini ma'lum qildi.
Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 14 martda 2980-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan «O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat «Xalq banki» bo‘linmalari orqali ishlamaydigan pensionerlarga pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlarni to‘lashni tashkil etish to‘g‘risida»gi Yo‘riqnoma 10-bandiga asosan, «Xalq banki» filiali tomonidan pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlar ularni yetkazib berish (topshirish)ning tasdiqlangan jadvaliga asosan har oyning 27 sanasiga qadar uzluksiz yetkazib beriladi (topshiriladi).
Mazkur yo‘riqnomaning 46-bandida ushbu talablarning buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi belgilangan.
Pensiya jamg‘armasi ishonch telefoniga pensiya to‘lovi mablag‘larni yetkazib berishda tasdiqlangan jadvalga rioya qilinmasdan «Xalq banki» sayyor kassasi nazoratchilari tomonidan qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani kuzatilmoqda.
Misol uchun, Namangan viloyati, Uchqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro T.Mning 2020 yil 15 noyabr kuni Pensiya jamg‘armasi «Ishonch telefoni»ga 2020 yil dekabr oyi uchun boquvchisini yo‘qotganlik pensiya pulini olmagan bo‘lsa-da, dasturda «to‘landi» belgisi qo‘yilgani bo‘yicha murojaat qilgan.
Murojaat o‘rganilganda, fuqaro T.M.ga dekabr oyi uchun tayinlangan boquvchisini yo‘qotganlik pensiya puli AT «Xalq banki» Uchqo‘rg‘on tumani sayyor kassasi kassiri tomonidan o‘rnatilgan qonunchilikka zid ravishda, ya'ni ishonchnomasiz MFY xodimiga tashlab ketilgan.
Shuningdek, Jizzax viloyati, Zomin tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.A.ning 2020 yil 28 dekabr kuni Pensiya jamg‘armasi «Ishonch telefoni»ga 2020 yil avgust oyi uchun pensiya hamda un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha kompensatsiya puli to‘lovlari to‘lab berilmagani bo‘yicha murojaat qilgan.
Murojaat o‘rganilganda, fuqaro M.A.ga avgust oyi pensiya un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha kompensatsiya puli to‘lovlari bank Zomin tumani sayyor kassasi kassiri tomonidan o‘zlashtirilgani aniqlandi.
Pensiya jamg‘armasi aralashuvi bilan fuqaroga 2020 yil 31 dekabr kunida pensiya hamda un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha kompensatsiya puli to‘lovlari o‘rnatilgan tartibda sayyor kassa kassirlari tomonidan yetkazib berilgan.
Pensionerga pensiya to‘lovi belgilangan tartibda yetkazib berilmagani hamda ishonchnomasiz to‘lash holati yuzasidan bank Boshqaruviga tegishli chora ko‘rish bo‘yicha xat yuborilgan.
«Yuqoridagilarga asosan, joylarda pensiya va nafaqalarni yetkazishda kech to‘lab berish holatlari, yetkazib berishda xizmat haqi talab etish, to‘liq miqdorda berilmaslik yoki to‘lovlardan chegirib qolish yoki boshqa holatlar aniqlansa, fuqarolardan Pensiya jamg‘armasining 1140 raqamli «Ishonch telefoni»ga murojaat qilishlarini so‘raymiz», deyiladi Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabarida.
Mavzuga oid
11:03 / 08.06.2024
Putin ishlayotgan fuqarolarga pensiya indeksatsiyasini qaytarishni taklif qildi
21:54 / 01.05.2024
Eng kam pensiyalar minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga yetkazildi
20:30 / 11.08.2023
Pensiya jamg‘armasi xalqaro tashkilotga a’zo bo‘ldi
19:43 / 28.03.2022