O‘zbekiston | 20:32 / 16.02.2021
15210
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: Abay ko‘chasida ko‘p qavatli uylar orasidagi qurilish to‘xtatildi. Shahar hokimi qarori bekor bo‘lishi kutilmoqda

Poytaxt markazidagi Abay ko‘chasiga tutash 13-mavzeda, 11- va 13-uylar oralig‘ida ketayotgan qurilish ishlari to‘xtatildi. Tez kunlarda qazilgan kotlovan ko‘milib, o‘rnida bolalar o‘yin maydonchalari quriladi.

Toshkent shahri Shayxontohur tumani 13-mavzeda joylashgan ikkita besh qavatli uylarning o‘rtasidagi 20 sotixli bo‘sh yerda, amaldagi ShNK talablariga zid ravishda bunyod etilayotgan ko‘p qavatli uy qurilishi to‘xtatildi.

Toshkent shahar hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qarori bekor bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri.

Kun.uz yanvar oyida «Shayxontohurda ham «domlar ichra dom» qurilmoqda. Aholi noroziligi inobatga olinmadi» nomli tanqidiy maqola e'lon qilgan edi:

Ma'lum bo‘lishicha, bugun, 16 fevral kuni Shayxontohur tuman prokuraturasi, tuman hokimligi va IIB vakillari qurilish ishlaridan norozi bo‘layotgan aholi bilan uchrashgan.

Shayxontohur tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Behruz Hakimovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, tadbirkorga mazkur hududdan yer ajratish to‘g‘risidagi Toshkent shahar hokimining qarori bekor bo‘lishi kutilmoqda.

«Aholining noroziligi sabab qurilish ishlari to‘xtatildi. Toshkent shahar hokimining qarori yuridik jihatdan bekor qilinishini kutyapmiz. Chunki bu tumanning vakolatiga kirmaydi.

Shahar hokimining qarori bekor bo‘lishi bilan hududda qazilgan joylar quruvchi tomonidan to‘ldirilib, atrofi o‘rab olingan to‘siqlar olib tashlanadi va hudud obodonlashtiriladi. Mazkur bo‘sh yer maydonida shahar hokimining topshirig‘i bilan bolalar maydonchasi va sport maydonchalari quriladi», – dedi Behruz Hakimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Mavzuga oid