O‘zbekiston | 20:51 / 17.02.2021
16909
3 daqiqa o‘qiladi

«Istiqlol» stelasining joylashuv maketi taqdim etildi

Toshkent shahar hokimligi Markaziy univermag yonidagi bog‘da tashkil etiladigan «Istiqlol» majmuasining joylashuvi maketini taqdim etdi.

Maketda, avval aytilganidek, bog‘ning daraxtzor qismida qurilish bo‘lmasligi, faqat xiyobonning ochiq maydon qismiga stela (yodgorlik monumenti) o‘rnatilishi aks etgan.

Mustaqillikning 30 yilligiga atab qo‘yiladigan stela hozirgi metall konstruksiya va kiyik installyatsiyalari qo‘yilgan joyda bo‘ladi. Stela shamoyili va butun bog‘ hududini obodonlashtirish bo‘yicha e'lon qilingan loyihalar tanlovi 7 martda yakunlanadi.

Maket 17 fevral kuni xiyobonga joylandi. Taqdimotda qatnashgan hokim o‘rinbosari Furqat Mahmudxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, hozir bog‘da 1698ta daraxt bor. U daraxtlarning barchasi xatlovga olingani va hech biri kesilmasligini eslatib o‘tdi.

Mahmudxo‘jayev qo‘shimcha qilishicha, bog‘da steladan boshqa inshoot qurilmaydi.

Stelani qurish chog‘ida bog‘ landshaftiga zarar yetishi mumkinligi haqidagi xavotirlarga munosabat bildirarkan, hokim o‘rinbosari qurilish texnikalari xiyobon hududiga qanday kirib-chiqishi masalasi «ko‘rib chiqilayotgani»ni aytdi. Buning uchun Sharof Rashidov ko‘chasi tomondagi to‘siqlar vaqtincha olib turilishi mumkin.

Bog‘ rekonstruksiya sababli yopiladimi-yo‘qmi, hali ma'lum emas.

Yodgorlikni boshqa joyga o‘rnatish masalasida jurnalistlar bergan savolga Furqat Mahmudxo‘jayev bergan javobdan anglashiladiki, stelaning aynan shu yerga o‘rnatilishi bo‘yicha hokimlikning qarori qat'iy va bu borada yakuniy qarorga kelib bo‘lingan.

Eslatib o‘tamiz, majmua loyihasi bo‘yicha tanlov g‘oliblarini O‘zFA Tarix instituti direktori Azamat Ziyo raisligidagi komissiya aniqlaydi. Komissiya tarkibi e'lon qilinmagan.

Mavzuga oid