«Sardoba nafaqat gidroenergetika, barcha soha uchun saboq bo‘ldi» - Toshkentda gidroenergetika xalqaro anjumani o‘tkazilmoqda
2021 yil 17-18 fevral kunlari Toshkent shahrida gidroenergetika sohasida so‘nggi besh yillikda an'anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan «Gidroenergetika. Markaziy Osiyo va Kaspiy» beshinchi xalqaro anjumani va ko‘rgazmasi tashkil etilmoqda.
Anjuman mintaqalardagi gidroenergetika sohasining rivoji va taraqqiy etishi, gidroenergetik inshootlar qurilishi, modernizatsiyasi, muammo va istiqbollari bo‘yicha o‘ziga xos o‘zaro tajriba almashish, uzviy hamkorlik va muloqot maydonchasi bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur yirik kongressda 150dan ortiq kompaniya hamda 20dan ortiq davlat vakillari, jumladan, Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqalari vakillari – O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon, Eron, Armaniston, Rossiya, Gruziya, Turkiya ishtirok etmoqda.
Anjuman gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni rivojlantirish, sohaga yangi innovatsion texnologiyalar hamda xorijiy investorlarni jalb qilish, olib borilayotgan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, shuningdek, soha mutaxassislari ishtirokida asosiy masalalarni muhokama qilish hamda tajriba almashish maqsadida o‘tkazib kelinadi.
Kongressning birinchi kuni Markaziy Osiyo va Kaspiyorti mamlakatlarida qurilish sohasida olib borilayotgan ishlar, qo‘llanilayotgan texnologiyalarni tatbiq qilishga bag‘ishlandi.
«O‘zbekgidroenergo» AJ boshqarma bosh mutaxassisi Azimjon Zaydullayev jamiyatning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi o‘rni, gidroenergetika sohasidagi ishlar haqida fikr bildirdi.
«Gidroenergetika sohasi tarixiga nazar solinsa, gidroelektr stansiyalar 20-asr 30-40-yillaridan boshlab qurilgan. O‘zbekistondagi mavjud suv potensiali 27 ggvattni tashkil etadi. Hozirgi kunda AJ tarkibidagi stansiyalar quvvati 2005 megavattni tashkil etadi, 2030 yilga borib esa 3600 megavattga ko‘tarish rejalashtirilgan. Kompaniyaning kelajak maqsadlariga kichik gidroelektr stansiyalarni ko‘paytirish kiritilgan», dedi Azimjon Zaydullayev.
Azimjon Zaydullayev so‘zlariga ko‘ra, «O‘zbekgidroenergo»da hozir respublika bo‘yicha jami elektr ishlab chiqarish quvvatlarining 13 foizi tashkil qilmoqda, bu yiliga 6.5 mlrd kilovatt/soat elektr toki degani.
«Respublika bo‘yicha jami elektr ishlab chiqarish quvvatlarining 13 foizi jamiyat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, bu degani yiliga 6.5 mlrd kilovatt/soat elektr toki ishlab chiqaradi. Rejaga asosan 2030 yilda 23 foizga chiqarish maqsad qilingan», deya ma'lum qildi Azimjon Zaydullayev.
Jamiyat apparat rahbari Suhrob Hamroyev joriy yilda foydalanishga topshiriladigan gidroelektr inshootlari haqida ma'lumot berdi.
«2020 yilda umumiy quvvati 118.3 megavatt bo‘lgan 6ta loyiha foydalanishga topshirildi. Bu yiliga 550 mln kilovatt/soat elektr ishlab chiqarishga imkon yaratadi. 2021 yilda 3ta loyiha foydalanishga topshiriladi. Bular - «Farhod» GeSi modernizatsiyasi, Surxondaryoda «Zarchob-2» va Toshkent viloyatida «Kamolot» GESni qurish.
Gidroenergetika tizimida xavfsizlik bo‘yicha gapiradigan bo‘lsak, oxirgi voqea — Sardoba fojiasi nafaqat gidroenergetika, balki barcha sohalar uchun saboq hisoblandi. Shuning uchun har bitta amalga oshirilayotgan loyihamizni ishlab chiqish, qurilishidan oldin monitoring qilish ishlari xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda uning sifatiga alohida e'tibor berilmoqda. Yirik loyihalarning hujjatlari xalqaro konsultantlar tomonidan ekspertizadan o‘tkazilmoqda», deya ta'kidladi Suhrob Hamroyev.
«O‘zbekgidroenergo» bo‘lim boshlig‘i Hasan Hasanov gidroelektr stansiyalar davlat mulki sifatida ko‘rilishi, mahalliy tadbirkorlar davlat-xususiy sheriklik asosida mikro GESlar qurilishiga hissa qo‘shishi mumkinligini aytib o‘tdi.
«Hozirgi kunda gidroenergetika sohasiga investitsiya kiritishga mahalliy investorlar ham qiziqish bildirmoqda. Lekin «Energetika to‘g‘risida»gi qonunning 10-moddasiga qaraydigan bo‘lsak, yagona tizimga ulangan barcha gidroelektr stansiyalar davlat mulki deb hisoblanishi yozib qo‘yilgan. Shu jihatdan mahalliy tadbirkorlar uchun to‘sqinlik bor. Balki, ma'lum ulush hisobiga davlat-xususiy sheriklik faoliyati asosida kirishishi, katta GESlar emas, mikro GeSlar uchun investitsiya jalb etib, qatnashishi mumkin», deydi « Hasan Hasanov.
Mavzuga oid
23:37 / 06.05.2024
Sirdaryodagi maktabda o‘quvchilar klip tomosha qildi, sinf rahbaridan direktorgacha ishdan olindi
07:34 / 20.04.2024
Tadbirkorning 943 mln so‘mlik materiallarini o‘zlashtirgan sobiq menejer aniqlandi
23:56 / 02.05.2023
Sardoba fojiasiga 3 yil: oldini olish mumkin bo‘lgan falokat va uning oqibatlari
12:58 / 04.04.2023