«Bu yil O‘zbekistonda suv tanqisligi 2008 yilgi og‘ir ko‘rsatkichga tushish ehtimoli mavjud» – Suv xo‘jaligi vazirligi
Vazirlik matbuot xizmati rahbari Shuhrat Suyunov suhbat davomida 2021 yilda kutilayotgan suv tanqisligini yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ham ma'lumot berdi.
Qishloq xo‘jaligi, dehqonchilik va oziq-ovqat xavfsizligini suvsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Global iqlim o‘zgarishlari ta'sirida O‘zbekistondagi bu ne'mat tanqisligi yildan yilga ko‘proq sezilmoqda.
Bu yil O‘zbekistonda sug‘orma dehqonchilik uchun suv ta'minoti qanday bo‘ladi? Yog‘ingarchilik miqdori-chi? Dehqon, fermer, klaster va tomorqa yer egalari qanday sharoit va vaziyatlarga tayyor turishi kerak?
Kun.uz muxbiri shu kabi savollar bilan vazirlik matbuot xizmati rahbari Shuhrat Suyunovga yuzlandi.
Suyunovning vazirlik mutasaddilariga tayanib ma'lumot berishicha, gidrometeorologik vaziyat tahlili va dastlabki baholash natijalari 2021 yil vegetatsiya (o‘simliklarning o‘suv davri, aprel, sentabr oylari – tahr) davrida Amudaryo va Sirdaryo havzalarining aksariyat daryolarida suv sarfi me'yorga nisbatan sezilarli kamayishini ko‘rsatmoqda.
«Bu Farg‘ona vodiysi janubidagi daryolarda 90-100 foiz, Vaxsh, Zarafshonda 85-95 foiz, Surxondaryo, Norinda 80-90 foiz, Qashqadaryoda 75-85 foiz, Qoradaryo, Chirchiq, Ohangaronda 70-75 foiz, Farg‘ona vodiysi shimolidagi daryolarda 60-70 foiz degani.
Bu ko‘rsatkichlar daryolar suvlari, yog‘ingarchilik miqdoridan kelib chiqib, ko‘p yillikka nisbatan shu yil kutilayotgan suv miqdori hisoblanadi.
Yog‘ingarchilik miqdori shunday davom etsa (suhbat 18 fevral kuni yozib olingan – tahr) 2021 yil yozgi sug‘orish mavsumida suv ta'minoti darajasi 2018 yildagi vaziyatga o‘xshash bo‘ladi (me'yorga nisbatan 25 foizga kam).
Agar fevral-mart oylarida yog‘ingarchilik yaxshi bo‘lmasa, 2008 yilgi ko‘rsatkichlarga yaqin, ya'ni suv tanqisligi bo‘lish ehtimoli mavjud», – dedi u.
Mulozimga ko‘ra, O‘zbekiston hududidagi suv omborlarida suv zaxirasi 10 mlrd m3 bo‘lib, bu 2020 yilga nisbatan 2,3 mlrd m3, o‘rtacha ko‘p yillikka nisbatan esa 1,5 mlrd m3 ga kam.
Hozirda Andijon va Chorvoq suv omborlarida ko‘p yillikka nisbatan 25-30 foizga kam suv zaxirasi yig‘ilgan bo‘lib, suv omborlariga suv zaxiralarini yig‘ish davom etyapti.
«Tog‘larda yog‘inlar va mavsumiy qor to‘planish jarayoni aprel oyigacha davom etishi sababli 2021 yilning vegetatsiya davriga suv sarfining dastlabki prognozi mart oyi boshlanishida tayyorlanadi.
Shundan kelib chiqib, 2021 yil vegetatsiya mavsumi uchun barcha manbalardan sug‘orish ishlariga 26,9 mlrd m3 suv limiti ajratilgan.
2020-2021 yillar kuzgi-qishki mavsumda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish, sho‘r yuvish va yaxob suvi berish ishlarini amalga oshirish uchun 10,6 mlrd m3 suv limiti ajratilgan bo‘lib, shu kunga qadar suv resurslaridan samarali foydalangan holda 6,8 mlrd m3 suv yetkazib berildi (2020 yilning shu davriga taqqoslaganda 1,5 mlrd m3 suv kam sarflangan), – dedi Suyunov.
Shuhrat Suyunov suhbat davomida 2021 yilda kutilayotgan suv tanqisligini yumshatish bo‘yicha Suv xo‘jaligi vazirligi ko‘rayotgan choralar haqida ham ma'lumot berdi.
«Joriy yilda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv bilan ta'minlash uchun ekin maydoni va hosildorligiga ta'sir ko‘rsatmagan holda oldingi yillarga nisbatan o‘rtacha 12 mlrd kub metr miqdordagi suvni iqtisod qilish talab etiladi.
Bu miqdordagi suv quyidagi tadbirlar hisobiga tejaladi:
– suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish hisobiga 3,1 mlrd kub metr;
– irrigatsiya tadbirlari hisobiga 3,3 mlrd kub metr;
– ekin maydonlarida qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish hisobiga 1,7 mlrd kub metr;
– ekinlarni joylashtirishda suvni kam talab qiladigan ekinlar ekish va sholini intensiv usulda ekish hisobiga 2,7 mlrd kub metr;
– yerlarni lazerli tekislash hisobiga 650 mln kub metr;
– suv xo‘jaligida axborot-kommunikatsiya va raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish hisobiga 571 mln kub metr», – dedi u.
Vazirlik mulozimiga ko‘ra, 2021 yilda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, suv xo‘jaligi obektlarining ishonchli ishlashini ta'minlash bo‘yicha joriy yilda quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
- 384,6 km kanal, 125,7 km lotok, 23 ta gidrotexnik inshoot, 580,4 km kollektor-drenaj, 130,5 km yopiq gorizontal va vertikal drenaj, 62 ta sug‘orish qudug‘i, 10 km bosimli quvur va boshqa obektlarni qurish ta'mirlash;
- 5 026 km magistral kanal, 4 746 ta gidrotexnik inshoot, 4 779 ta gidropost, 14 867 km melioratsiya tarmoqlarini ta'mirlash va tiklash;
- eskirgan 181 ta nasos agregatini hamda 354 ta elektrodvigatelni yangilash;
- vazirlik tizimidagi barcha 1688 ta nasos yordamida chiqarilayotgan suv miqdorini «onlayn» rejimda monitoring qilish qurilmalari o‘rnatish;
- hududlar (SIU) chegarasida suv resurslarini “onlayn” rejimda nazorat qilish uchun 18 576 ta «aqlli suv» qurilmalari o‘rnatish;
- 316 ming gektarda suvni tejaydigan texnologiyalar, shundan 276,2 ming gektarda tomchilatib sug‘orishni joriy qilish.
Ilyos Safarov tayyorladi.
Mavzuga oid
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
07:35 / 20.12.2024
Qishloq xo‘jaligi vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi
14:06 / 12.12.2024
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 16 foizga oshdi
15:43 / 05.12.2024