Jamiyat | 17:18 / 21.02.2021
20621
10 daqiqa o‘qiladi

30 yil oldingi xatolarni takrorlamaylik - shoir Faxriyor davlat tili haqida

Agar qonun yoki farmon qabul qilish bilan ish bitganda, davlat tiliga 2005 yilda, lotin alifbosiga esa 2010 yilda to‘liq o‘tib ketgan bo‘lar edik, deydi shoir Faxriyor. U Kun.uz’ga taqdim etgan maqolasida davlat tili bilan bog‘liq muammolar yechimi yuzasidan o‘z takliflarini ham ilgari suradi.

Biz ko‘pincha biror narsa haqida ko‘p gapirilayotganini, qonun, farmon yoki qaror qabul qilinayotganini, qandaydir tuzilmalar tashkil etilayotganini, ularga tegishli kampaniyabozlikni go‘yo shu bilan muammolar hal bo‘lib qoladiganday qabul qilamiz, do‘ppimizni osmonga otamiz, kimlarningdir otini turlash-tuslashga tushib ketamiz.

Biroq oradan 30 yil o‘tib qarasakki, hech narsa o‘zgarmabdi: hammom ham o‘sha-o‘sha, tos ham o‘sha-o‘sha.

Agar qonun yoki farmon qabul qilinishi bilan ish bitganda, davlat tiliga 2005 yilda, lotin alifbosiga esa 2010 yilda to‘liq o‘tib ketgan bo‘lar edik. Shuning uchun kampaniyabozlikka ishonmasdan, haqqimizni talab qilmas ekanmiz, bundan keyin ham vaziyat o‘zgarishi qiyin. Bu – masalaning faqat o‘zimizga tegishli bir jihati, xolos.

Undan ham kam bo‘lmagan yana bir tashqi ta'sir omili bor. U ham bo‘lsa, Rossiyada neoimperialistlar qayta bosh ko‘tarayotgani va jon-jahdi bilan sobiq SSSRni tiklashga urinayotganidir. Buning uchun Moskva «arsenali»dagi barcha vositalar ishga solinmoqda: qo‘shni respublikalar hududi Rossiyaniki deb da'vo qilinmoqda, «russentrizm» yo‘rig‘iga yurmayotganlarga har xil iqtisodiy bosimlar o‘tkazilmoqda (Moldova, Gruziya, qisman O‘zbekiston), til siyosati masalasida ularning ichki ishlariga aralashilmoqda (Ukraina, Moldova, O‘zbekiston).

Yaqindagina kuzatilgan pomidorga taqiq yoki rus siyosatchilari hadeb O‘zbekistonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishga undayotgani – bunday xatti-harakatlarning ko‘rinishlaridir.

Yana shuni ham qayd etish joizki, yangi mustaqil respublikalarda neoimperialistlarning bu ochko‘z talablariga «labbay» deb javob beradigan sovetparastlar ham, hokimiyatda qolish uchun Moskvaga yon berishga tayyor siyosatchilar ham, afsuski, istagancha topiladi.

Bundan 3–4 yil oldin Rossiyaning o‘z ta'biri bilan aytganda, ismi o‘zbek bo‘lgan «chet el agentlari»ning ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning O‘zbekistonga safari oldidan rus tilining maqomini oshirish talabini o‘zbek hukumati oldiga qo‘yishni so‘rab qilgan murojaatini eslaylik.

Eng achinarlisi, so‘nggi paytlarda til masalasida ham yon berish, ya'ni rus tilini ikkinchi rasmiy til sifatida saqlab qolish, ayrim atamalarni Kremlga yoqish uchun ruschalashtirish, milliy til davlat tili sanalgan mamlakatlarda rus tilining qo‘llanish doirasini kengaytirishga urinish, possovet respublikalari rahbarlarining nafaqat chet mamlakatlar vakillari bilan rus tili orqali muzokara qilish, hatto o‘z xalqiga ruscha murojaat qilish hollari ham uchramoqda. Bu tamoyilga aylanib ketayotgani yomon.

Shuning uchun tez orada davlat tili haqidagi qonun yangi tahrirda qabul qilinib, uning talablarini buzganlik uchun tegishli javobgarlik choralari aniq belgilanib, issig‘ida lotin alifbosiga o‘tib ketilmasa, hozirgi ikki alifboli sharmandali holat uzoq saqlanib qolaveradi, chunki so‘nggi yillarda Rossiyaning possovet makoni, xususan, Markaziy Osiyo respublikalariga bosimi tobora ortib bormoqda. Modomiki, hukumat O‘zbekistonning YeOIIga kirishi yuzasidan Rossiya bosimiga javoban tilni rivojlantirish haqida hujjatlar qabul qilib, Vazirlar Mahkamasi qoshida Davlat tilini rivojlantirish departamentini tuzgan ekan, milliy tilni asrab qolish va rivojlantirish nafaqat millatning ko‘tarilishiga, qolaversa, neoimperialistlarning bosimiga qarshi turishga xizmat qilishiga ishongisi keladi odamning.

Til siyosati

Takror bo‘lsa ham aytish kerakki, 30 yildan oshiq vaqt mobaynida milliy til borasida yuritilgan siyosat holva degan bilan og‘iz chuchimasligini aniq-ravshan ko‘rsatib berdi. Davlat tili haqida qonun qabul qilingani bilan uning talablarini buzganlik uchun javobgarlik, yana uni hayotga joriy qiladigan mexanizm bo‘lmagani, yanada to‘g‘rirog‘i, chala-chulpa mexanizm bir vaqtlar amal qilgani va u ham keyinchalik yo‘q qilingani oqibatini bugun ko‘rib turibmiz – til siyosati borasida tashqi ta'sirga bog‘liq bo‘lmagan ishlarimiz ham o‘lda-jo‘lda ekan.

Bular barchasi davlat tili haqidagi qonun talablari bajarilishini nazorat qiluvchi, tilimizga har kuni kirib kelayotgan o‘nlab, yuzlab atamalardan foydalanishni tartibga soluvchi mexanizm yo‘qligi bilan bog‘liq.

Bugungi kunning eng katta bosh og‘rig‘i – atamalarni tartibga solish masalasidir, deb bemalol aytish mumkin. Ularni har kim o‘z bilganicha ishlatib yotibdi. Masalan, «tamoyil» so‘zi allaqachon «prinsip» so‘zining muqobili sifatida darsliklarga ham kirib ketdi. Vaholanki, u «tendensiya», «trend» so‘zlarining o‘girmasidir. Qanday qilib, «moyillik»ni anglatuvchi so‘z «prinsip»ning muqobili bo‘lishi mumkin?

Yoki «fuqaro» so‘zini olaylik. Nazarimda, «siyosiy iroda»ni bunaqa xato atamalarni tiqishtirishga sarflamasdan, mutaxassislarning fikriga quloq tutib, mamlakat va aholisi uchun dolzarb bo‘lib turgan muammolarni yechishga yo‘naltirish ko‘proq foyda bergan bo‘lur edi. Nega biz ham qardosh xalqlardan o‘rnak olib, «citizen» so‘zini «azamat» (Qozog‘iston), «vatandosh» (Turkiya, Ozarboyjon) deb olmaymiz? Hatto arablar ham bizga «fuqaro» so‘zini «tortiq qilib yuborib», o‘z vatandoshlarini مواطن («muvatin» – «vatandosh») deb ataydi.

Yaqinda bir tarjima kompaniyasining buyurtmasini bajarayotib, «USCIVILAVIATION» birikmasini o‘zimizda qabul qilingan tartib-qoidalardan kelib chiqib, «AQSh fuqaro aviatsiyasi» deb tarjima qilishga to‘g‘ri keldi. «Fuqaro» so‘zining ma'nosidan yaxshi xabardor buyurtmachi arab yigit bunga qattiq e'tiroz bildirdi va «civil» so‘zining «fuqaro»ga qanday aloqasi borligini bilmay taajjublandi. Shunda men ham bu atamaga qarshi ekanimni, biroq o‘zbek tilida bu so‘z «citizen», «civil» so‘zlarining tarjimasi sifatida qabul qilinganini eshitib, hayron qoldi.

Shuning uchun bunaqa atamalarni qabul qilishda kabinetda o‘tirib emas, sal atrofga ham qarab, mutaxassislarning fikri bilan tanishib, keyin xulosa qilinsa, hozirgiday kulgili holga tushib o‘tirmas edik.

Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tuzilgani, uning rahbari hukumat amaldorlaridan chet ellarga chiqqanda ham o‘zbek tilida gapirishni talab qilayotgani yaxshi. Lekin amaliy ish-chi? Davlat tili haqidagi qonun ijrosini nazorat qiladigan, atamalarni tartibga soladigan, ularni saralab olib, barcha davlat idoralari qo‘llashi uchun majburiy qilib qo‘yadigan mexanizm joriy etildimi?

Bunaqa mexanizmni yaratish uchun qaytadan g‘ildirak kashf etishning mutlaqo keragi yo‘q.

Turkiya va Isroil singari mamlakatlar tajribasi buning uchun komissiya tuzish bilan cheklanib qolmasdan, alohida institut tashkil etilishi zarurligini va u til bilan bog‘liq barcha muammolarni hal etish ustida doimiy ish olib borishi, ular yuzasidan yechimlarni taklif etib, amaliyotga tatbiq etilishini nazorat qilish bilan shug‘ullanishi kerakligini ko‘rsatmoqda.

Masalan, Turkiyada Turk tili uyushmasi 1932 yilda Mustafo Kamol Otaturk tashabbusi bilan tashkil etilgan. Uyushma hozirgi kunga qadar turk tili tartib-qoidalariga rioya etilishini nazorat qiluvchi rasmiy idora hisoblanadi. Hozirgi kunda chet tillardan kirib kelayotgan atamalarning turkcha muqobilini topib ishlatish bilan shug‘ullanadi, bundan tashqari, lug‘atlar chop qiladi.

Yoki Isroilning Ibroniy tili akademiyasini olaylik. U davlat muassasasi bo‘lib, ivrit – ibroniy tili, uning tarixi va rivojlanishini o‘rganadi, shuningdek, ushbu til bo‘yicha me'yorlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Akademiya ibroniy tilini tartibga soluvchi idora bo‘lib, uning grammatik, leksik va atamashunoslik me'yorlarini belgilash, jumladan, yangi so‘zlarni ishlab chiqish va rasman tasdiqlash huquqiga ega. Akademiyaning til me'yorlariga oid qarorlari davlat hujjatlarining rasmiy to‘plamida chop etiladi hamda ular markaziy davlat va mahalliy hokimiyat organlari, davlatga qarashli va ilmiy muassasalar, jumladan, teleradioeshittirish boshqarmasi uchun majburiy hisoblanadi.

Bizda ham shunday tuzilmaga ehtiyoj bor.

Shoshilinch hal etilishi kerak bo‘lgan yana bir masala – davlat tili haqidagi qonun ijrosini nazorat qilish mexanizmini yaratishdir. Masalan, Fransiyada davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga rioya qilinishini iste'molchilar tashkilotlari nazorat qiladi. Nazarimda, bizda ham bunday vakolatni jamoat tashkilotlariga berish va buni davlat tili to‘g‘risidagi qonunning yangi tahririga kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Xullas, davlat tili haqida qonun qabul qilingandan beri oradan o‘tgan 30 yildan ko‘proq vaqt bu masalaga chala-chulpa yondashish qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatdi. Qonunni yangi tahrirda qabul qilishda o‘sha xatolarga yo‘l qo‘ymaslik zarur bo‘ladi.

Faxriyor

Mavzuga oid