Sport | 10:26 / 22.02.2021
9409
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2022 yilgi U23 Osiyo Kubogi mezbonligini qo‘lga kiritdi

2022 yilda o‘tkaziladigan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogiga O‘zbekiston mezbonlik qiladi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Osiyo futbol konfederatsiyasi bilan yirik xalqaro turnirlarga mezbonlik qilish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirmoqda. 

O‘FA 2022-yilgi U23 Osiyo kubogi O‘zbekistonda qabul qilish bo‘yicha OFKga so‘rovnoma yuborgan edi. O‘FA mutaxassislari mazkur chempionatni mamlakatimizda o‘tkazish bo‘yicha tender jarayoniga doir zaruriy hujjatlarni OFK vakillariga taqdim etdi va ko‘plab muzokaralarni olib bordi.

Natijada Osiyo futbol konfederatsiyasi U23 Osiyo kubogi-2022 bellashuvlarini yurtimiz yashil maydonlarida bo‘lib o‘tishiga rozilik bildirdi», — deyiladi xabarda.

Ma'lumot o‘rnida, 2013 yildan buyon tashkil etib kelinayotgan ushbu musobaqada hozirga qadar O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Yaponiya va Iroq U23 milliy jamoalari bosh sovrinni qo‘lga kiritishgan.

Mavzuga oid