Namangan shahriga yangi hokim tayinlandi
Prezidentning Namangan shahridagi Bunyodkor mahallasiga tashrifi ortidan, shahar hokimi ishdan olindi. Olimjon Isayevning o‘rnini Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari G‘ofir Jamolov egalladi.
23 fevral kuni xalq deputatlari Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Sessiyada tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishdagi muammolar muhokama qilindi va tashkiliy masala ko‘rildi.
Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov tuman hokimligiga shu paytga qadar Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari – uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan G‘ofir Jamolov nomzodini taklif qildi.
Deputatlar va faollar nomzodni ma'qulladi, u haqdagi fikrlarini bildirdi.
G‘ofir Jamolov 1974 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1997 yilda Namangan sanoat-texnologiya institutini, 2006 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
1997-2009 yillar davomida Namangan shahar va Namangan viloyati hokimliklarida turli mas'ul lavozimlarda mehnat qilgan.
2009-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Demografiya va mehnat bozori bo‘limi bosh mutaxassisi, bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi uy-joy, kommunal xizmat vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
2020 yildan shu kunga qadar Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari – uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.
Namangan shahrini bir yildan buyon «O‘zagrokimyohimoya» AJning sobiq raisi Olimjon Isayev boshqarib kelayotgandi.
O‘tgan hafta prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi chog‘ida shaharning Bunyodkor mahallasida bo‘lib, mahalladagi infratuzilma holati yuzasidan shahar hokimi va sektor rahbari – prokurorga tanbeh bergan edi.
Shundan so‘ng mahallada obodonlashtirish ishlari boshlandi. Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov shu mahallaga konteyner o‘rnatib, unda yashashini e'lon qildi.
- Bugun, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori Muhammadzokir Mamatxonov Namangan viloyati Uychi tumaniga hokim etib tasdiqlandi.
Mavzuga oid
16:31 / 04.11.2024
O‘zbekistonning Indoneziyadagi yangi elchisi tayinlandi
15:44 / 01.11.2024
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari qamoqqa olindi
18:28 / 30.10.2024
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga yangi birinchi o‘rinbosar tayinlandi
18:32 / 28.10.2024