Jamiyat | 17:51 / 26.02.2021
6122
3 daqiqa o‘qiladi

«Yoshlar-kelajagimiz» davlat dasturi doirasida yana bir holatda 1 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ talon-toroj qilindi

Kasbida «Yoshlar-kelajagimiz» davlat dasturi doirasida ishlab chiqarish uskunasini xarid qilish uchun ajratilgan 944 mln so‘m talon-toroj qilingani aniqlangan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamentining Kasbi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tumandagi xususiy firmalardan birining rahbari bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib budjetdan ajratilgan pullarni o‘zlashtirishni rejalashtirgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, «Yoshlar-kelajagimiz» davlat dasturi doirasida ishlab chiqarish uskunasini xarid qilish uchun ajratilgan 1,6 mlrd so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit AQSh dollariga konvertatsiya qilinib, xorij korxonasi hisobiga o‘tkazilgan. Hujjatlarga ko‘ra, 200 ming 850 dollarga qog‘oz ishlab chiqarish uskunasi xarid qilingan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aslida mazkur uskuna uchun o‘rnatish xarajatlari bilan birga 66 ming dollar sarflangani ma'lum bo‘ldi. Natijada budjetning 944 mln so‘m mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlandi.

Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamentining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 207-moddasi 1-qismi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

  • Avvalroq Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi asosida ajratilgan yer sotib yuborilgani haqida xabar berilgandi.
  • Shuningdek, «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi markaziy apparatining sobiq bosh hisobchisi jamg‘armaning 1,2 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ini o‘zlashtirgani fosh etilgandi.
  • Surxondaryo viloyatida Jarqo‘rg‘on tumani qurilish bo‘limi boshlig‘i «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi doirasida 4,5 sotix yer maydoni auksion savdolari o‘tkazmasdan jiyani nomiga ajratilishiga erishib, uni katta pulga sotmoqchi bo‘lganda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingandi.

Mavzuga oid