O‘zbekiston | 10:08 / 27.02.2021
23657
1 daqiqa o‘qiladi

Chilonzordagi kafeda yong‘in sodir bo‘ldi. FVV jabrlanganlar borligini ma'lum qildi

2021 yil 27 fevral soat 03:51da Toshkent shahri, Chilonzor tumani, “Sharq” MFY, Guliston ko‘chasi 9A-uy manzilida joylashgan “Shovotlandiya-1” MChJ kafesida yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, voqea joyiga 4ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilib, birinchi bo‘linmalar chaqiruv manziliga soat 03:54da yetib borgan. Soat 04:11da yong‘in qurshab olinib, soat 04:37da to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida kafening tom qismi hamda ichki jihozlari 150 kvadrat metr maydoni yonib jiddiy zararlangan. Yong‘in oqibatida jabrlanganlar mavjudligi aytiladi.

Voqea joyiga Toshkent shahar FVB, IIBB rahbariyati, prokuratura, Sog‘liqni saqlash va kommunal xizmatlar mutaxassislari, IIB tezkor-tergov guruhi hamda tegishli xizmatlarning kuch va vositalari jalb etilgan. 

Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Voqea yuzasidan vakolatli organlar tomonidan qo‘shimcha ma'lumot berilishi ta'kidlangan.

Mavzuga oid