Iqtisodiyot | 21:00 / 01.03.2021
30003
6 daqiqa o‘qiladi

«Obnalchilar», mahallabay ishlash va minimal iste'mol xarajatlari. Hafta iqtisodiy xabarlari tahlili

Moliyachi Otabek Bakirov hamda Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev fevralning so‘nggi haftasida kuzatilgan iqtisodiy xabarlar tahliliga to‘xtalib o‘tishdi. Xususan, ko‘rsatuvda DSQ va «obnal» mojarosi, mahalla oralab ishlayotgan amaldorlar va kutilayotgan minimal iste'mol xarajatlari haqida so‘z yuritildi.

O‘tgan hafta Davlat soliq qo‘mitasi va «obnalchilar» masalasi shubhasiz keng jamoatchilik e'tiborida bo‘ldi. Avval qo‘mita shubhali korxonalar ro‘yxatini e'lon qildi, keyin ular bilan shartnoma tuzgan kompaniya faoliyati tekshirildi. Oqibatda 10 minglab tadbirkorlar «obnalchilar» xizmatidan foydalanganlikda ayblanib, tuzilgan shartnomalar bekor qilindi, to‘lanmagan QQS undirilishi belgilandi.

Ushbu holat yuzasidan DSQ raisi Sherzod Kudbiyev parlament qo‘mitasi eshituvida ham axborot berdi. Bu haqda deputat Doniyor G‘aniyev shunday fikr bildirdi:

Doniyor G‘aniyev

«DSQ raisining pozitsiyasi – «eng yaxshi himoya bu – hujum»  tarzida bo‘lmoqda. Ya'ni o‘zlari amalga oshirgan harakatlarining yuz foiz haqligi bu hammasi xalq manfaati nuqtayi nazaridan qilinayotgani ilgari surilmoqda.

Shaxsiy qarashim shuki, «obnalchi»  firmalar bilan kurashish – yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda to‘g‘ri yo‘l. Faqat bizdagi e'tiroz: DSQning maqsad sari qo‘yayotgan qadami belgilangan qonunchilikka zidligidir. Davlatga belgilangan miqdorda QQS to‘lanmagan bo‘lsa, buni undirish kerak. Lekin masala bu soliqning qay tartibda undirilishidadir. Ya'ni soliq qo‘mitasining pozitsiyasi 266-modda bilan yondashib bitim qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgani yuzasidan dalillar bo‘lsa, soliq organlari hisobga olingan soliqqa o‘zgartirish kiritishga haqqi bor. Lekin qo‘mita Soliq kodeksining 14-moddasida agar soliq to‘lovchilar tuzatishdan norozi bo‘ladigan bo‘lsa, soliq organi sudga murojaat qilish kerak va bu o‘zgartirish oqibatlari ijro etilishi kerak, deyilganini unutyapti.

E'tirozimiz oqibatning ijro etilishi bo‘lmoqda. Agar organ taqdim etgan dalillarda chalkashliklar bo‘lsa yoki dalillar yetishmasa, Soliq kodeksida belgilangan soliq to‘lovchining «aybsizlik prezumpsiyasi»ga ko‘ra, ish soliq to‘lovchi foydasiga hal bo‘ladi. Deputatlar e'tirozi shuki, bir tomonning noqonuniy harakatini ikkinchi tomon noqonuniy jazolashi kerak emas».

Kun.uz’da e'lon qilingan iqtisodchi Yuliy Yusupovning maqolasida ham soliqchilarning harakati qonuniyligi shubha ostiga olingan.

Moliyachi Otabek Bakirovning aytishicha, maqsad qanday qo‘yilishidan qat'i nazar, maqsadga yetish yo‘lidagi hamma protsesslar qonun doirasida bo‘lishi kerak.

Otabek Bakirov

«Bu yerda juda katta savollar paydo bo‘ldi. Ikkinchidan, qonun normalari barchaga baravar qo‘llanishi kerak. Yilning birinchi choragida budjetda daromadlardan ko‘ra, xarajatlar yuqori. Chunki budjetda barcha xarajatlar teng taqsimlangan. Shu nuqtayi nazardan operativlikka zarurat bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblayman», – deya qayd etgan u.

DSQ budjet daromadlari barqarorligiga mas'ul tashkilot ekani vajidan, barcha harakatlar favqulodda tezkor amalga oshirilayotgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ayrim qonun talablari buzilmoqda.

«Bizni karantin payti qutqargan omillardan biri oltin narxining oshib borgani va bu budjetni qo‘llagani bo‘lsa, bu yil – 2021 yil boshidan bunday vosita yo‘q. Karantin davridan keyingi uyg‘onish hamma sektorlarda ham baravar yuz berayotgani yo‘q va biznes o‘z og‘irligini sezmoqda.

Maqsad QQSni budjetga qaytarish bo‘lsa, buning oqibati qanchalik natija keltiradi, milliardlik mablag‘ning iqtisodiyotdan birdaniga olinishi iqtisodiyotga bir milliarddan kamroq yoki ko‘proq ziyon keltirishi haqida o‘ylash kerak edi. QQS iste'mol tovarlari orqali iste'molchilarga va narx-navoga borib taqaladi. Bizda zanjirlar uzun emasligi tufayli ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda soliqning ekstra yuklarini iste'molchi hisobidan chiqarib yuboradi. Biz inflatsiyani bir xonali raqamga tushirishimiz kerak edi. Bu har bir omilni e'tiborga olishni taqozo etadi», – deya fikr bildirdi Bakirov.

Ushbu masala bir martalik aksiya kabi yo‘q bo‘lib ketadimi yo kurash jiddiy kechadimi? Bakirovga ko‘ra, juda ko‘p masalalarda siyosiy iroda asosiy masalaga aylangan.

«Agarda soliq qo‘mitasining hozirgi menejmenti biz kutayotgan siyosiy iroda darajasida qo‘llab-quvvatlov bo‘lsa, buni amalga oshirish mumkin, jamiyatda hali bunday qo‘llab-quvvatlov yo‘q», – deydi u.  

Deputatning fikricha, bu masala nega endi bugun yuzaga chiqmoqda kabi savolning javobi quyidagicha: bu muammo rahbarlarning e'tiboriga endi yetib keldi. Tadbirkorlarga to‘lagan QQSni qaytarib olish o‘tgan yildan kuchga kirdi va ko‘ryaptiki, tushgan soliq va qaytarib olingan soliq 915 mlrd so‘m farq qilyapti. Shunda qizil chiroq yona boshladi. Soliq qo‘mitasi «obnalchilar»  bilan oxirigacha kurashadi, ammo kurash sababdan ko‘ra oqibatga yo‘naltiriladi.

«Agar DSQ obnalchilar bilan ishlagan tadbirkorning ortidan quvib yuraversa, katta ehtimol bilan obnalchilar alternativ yo‘l topishadi. Bu obnalchilar hozirgi xatodan xulosa chiqarib boshqa alternativ topib davom etaveradi. Bu kurashda sabablarga qarshi kurashilmaguncha resurs sarf qilinaveradi», – deydi G‘aniyev.

Ushbu suhbat davomida mahallabay ishlash tizimi va kutilayotgan minimal iste'mol xarajatlari amaliyotining joriy etilishi haqida mulohazalar bildirilgan.

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi.

Mavzuga oid