O‘zbekiston | 13:43 / 01.03.2021
35577
5 daqiqa o‘qiladi

Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha tergov yakunlandi. Bloger JKning 3ta moddasi bilan ayblanmoqda

Tergov natijasiga ko‘ra, surxondaryolik bloger Jinoyat kodeksining uchta moddasi bilan ayblanmoqda.

Foto: Otabek Sattoriy / Facebook

Tergov departamentining ma'lum qilishicha, jinoyat ishini tergov qilish jarayonida Otabek Sattoriy sakkiz nafar fuqaroning sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma'lumotlarini oshkor qilish bilan qo‘rqitishda, bu orqali moddiy manfaat ko‘rib kelganlikda, fuqarolarga Telegram, Facebook, YouTube orqali tuhmat qilish, haqorat qilish kabi jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblangan.

«Olib borilgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 2021 yilning 24 fevral kuni Sattoriy Otabek Abdumanonzodaga Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a”,“b” bandlari va 3-qismi “a” bandi (Tovlamachilik), 139-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari (Tuhmat) hamda 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Haqorat qilish) bilan avvalgi ayblov to‘ldirilib, shu kuni dastlabki tergov tamomlangan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudlovga oshirish uchun Surxondaryo viloyat prokuraturasiga yuborilgan», deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, mahalliy amaldorlarni tanqid qilib kelgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy 30 yanvar kuni qamoqqa olingan edi. Blogerning hibsga olinishi aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar keltirib chiqardi.

Munozaralar ortidan IIV Tergov departamenti bloger Sherobod tumanidagi bozor bozorqo‘mining arizasiga ko‘ra qo‘lga olingani, u tergov organiga Otabek Sattoriy bilan bo‘lgan so‘zlashuvlarni taqdim etganini ma'lum qilgandi. Biroq departament rasmiy munosabatida jinoyat ishini nima uchun Termiz shahar IIB emas, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi qo‘zg‘atganiga oydinlik kiritilmagan. Shuningdek, blogerning bozorqo‘mga qo‘ng‘iroq qilib, tarqatib yuborish bilan tahdid qilingani iddao qilingan video aslida tarqatilgani yoki tarqatilmaganiga ham oydinlik kiritilmagan.

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev voqea aslida boshqacha bo‘lgani, Otabek qo‘lga olinishidan oldin unga qo‘ng‘iroq qilib maslahat so‘raganini aytmoqda. Kusherbayev mazkur voqeani «surxondaryolik amaldorlarning bitta blogerga emas, butunboshli so‘z erkinligiga, prezidentning ochiqlik siyosatiga qarshi isyoni» deb baholagan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishining qonuniyligini o‘rgangan Bosh prokuratura viloyat IIB huzuridagi TB tomonidan qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlanmagani, shuningdek, tergov organiga 7ta holat bo‘yicha O. Sattoriyning xatti-harakatlari ustidan murojaatlar kelib tushganini ma'lum qilgan.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov fond nomidan qat'iy bayonot bilan chiqib, nima uchun blogerning uyida eng xavfli jinoyatchidek tintuv o‘tkazilgani, sud majlisi nega yopiq tarzda o‘tkazilganiga e'tibor qaratgan. U Otabek Sattoriyning qamalishi yuzasidan IIVdan izoh talab qilgan.

10 fevral mazkur holat yuzasidan rasman bayonot bergan IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov ijtimoiy tarmoq faollarini «davlat idoralari harakatlarini shubha ostiga qo‘yish, ularni obro‘sizlantirishga qaratilgan xabarlarni ko‘paytirish, masala mohiyatini tushunmasdan turib ommani chalg‘itish»dan tiyilishga chaqirgan va bu harakat jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi «qonunbuzilishga yo‘l qo‘ysa, kim bo‘lishidan qat'i nazar, u jurnalist bo‘ladimi, blogermi yoki boshqa kasb egasimi, albatta, qonunda belgilangan tartibda javob berishi shart»ligini ta'kidlagan.

Mazkur voqea xalqaro tashkilotlarning ham e'tiborini tortdi. Jumladan, bosh qarorgohi AQShning Nyu-York shahrida joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi — CPJ (Commitee to Protect Journaliss) O‘zbekiston hukumatini hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyni ozod qilishga chaqirdi. Tashkilotning ishonishicha, bloger korrupsiyaga qarshi kurashgani ortidan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida qamoqqa tashlangan.

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot ham Twitter sahifasida voqeaga munosabat bildirar ekan, «tovlamachilikni isbotlaydigan dalillar bo‘lmasa, mazkur hibs voqeasi nafaqat xavotirli, balki so‘z erkinligiga raxna soluvchi yana bir harakatdir», deb yozdi.

Blogerning advokati Shavkat Shokirov Gazeta.uz'ga bergan ma'lumotga ko‘ra, Otabek Sattoriy o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni mutlaqo tan olmasligini bildirgan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, tergov organi haligacha uning aybini tasdiqlaydigan hech qanday dalil taqdim etmagan.

Mavzuga oid