Jahon | 14:49 / 04.03.2021
12790
7 daqiqa o‘qiladi

Innovatsion urush yoki AQShning global texnologik ustunligi barham topmoqdami?

2000 yilda Xitoyda yangi texnologiyalarni rivojlantirish uchun budjetdan 5 foiz mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yilda 23 foizga yetdi. Bu davr mobaynida AQShda yangi texnologiyalar taraqqiyotiga davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘ mamlakat YaIMga nisbatan kamayib bormoqda.

Foto: The New York Times

Sovuq urush boshlangandan beri AQSh texnologiya bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilmoqda. Amerika asri deb atalmish davrda mamlakat kosmosni zabt etdi, internet tarmog‘iga rahbarlik qildi va dunyo bozoriga iPhone ni olib kirdi. Ammo, so‘nggi yillarda, Xitoy texnologik yetakchilikka da'vogarlik qilish uchun juda ta'sirli harakatlarni amalga oshirdi, robototexnika, sun'iy intellekt, mikroelektronika, «yashil energiya» va boshqa ko‘plab sohalarga yuz milliard dollardan ziyod sarmoya kiritdi.

AQSh texnologik innovatsiyalarni harbiy sohaga jalb qilayotgan paytda, Xitoy kompaniyalari butun dunyo bo‘ylab 5G simsiz infratuzilmasini sotmoqda, oziq-ovqat ta'minotini kuchaytirish uchun sintetik biologiyadan foydalanmoqda va kichikroq hamda tezroq ishlaydigan mikrochiplarni yaratish bo‘yicha o‘zaro poyga qilmoqda. Bularning barchasi Xitoy texnologik qudrati yuksalishiga zamin yaratdi.

AQSh siyosatchilari hukumatni ilmiy-tadqiqot ishlariga sarflanadigan mablag‘ni ko‘paytirish, viza cheklovlarini yumshatish va mahalliy iste'dodlarni rivojlantirish, shuningdek, ittifoqchi davlatlar bilan yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga chaqirayotgan bo‘lsa-da, ammo Qo‘shma Shtatlar uchun haqiqiy muammo ancha chuqurroq: qaysi texnologiyalar muhimligi va ularning rivojlanishiga qanday yordam berish kerakligi to‘g‘risida hukumatda noto‘g‘ri tushuncha shakllangan.

AQSh hukumati innovatsiyalarni joriy qilishdagi yetakchiligini yo‘qotdi

AQShda yillar davomida yangi texnologiyalarga davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar mamlakat YaIMga nisbatan kamayishda davom etmoqda. Davlat tomonidan moliyalashtirishning asosiy qismi mudofaa vazirligi manfaatlari yo‘lida sarflanib, fuqarolarning kundalik turmushi uchun zarur bo‘lgan sohalardagi ilmiy-tadqiqotlarga yetarli mablag‘ sarflanmagan.

Bundan tashqari, Vashington va mamlakatdagi xususiy kompaniyalar o‘rtasidagi munosabatlarda ziddiyat kuchayib ketdi. Natijada xususiy kompaniyalarda shaxsiy manfaat asosiy o‘rinni egallay boshladi. Masalan, Apple xalqaro maydonda o‘z maqomini yo‘qotmaslik uchun FQBga o‘z «qulf»ini ochishdan bosh tortgan.

Xitoyning «to‘xtatib bo‘lmas» texnologiyalari

Foto: Getty images

So‘nggi 20 yil ichida Xitoy texnologiyani o‘g‘irlaydigan va taqlid qiladigan mamlakatdan uni takomillashtiradigan va kashf qiladigan mamlakatga aylandi. 2000 yilda Xitoyda yangi texnologiyalarni rivojlantirish uchun budjetdan 5 foiz mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yilga kelib 23 foizga yetgan. Xitoy 2025 yilga borib bu borada dunyoda yetakchiga aylanishi prognoz qilinmoqda. Xitoyning asosiy maqsadi - «harbiy va fuqarolik birlashmasi» strategiyasini hayotga to‘liq targ‘ib qilishdir.

AQShdan farqli o‘laroq, Xitoy hukumati mahalliy kompaniyalarni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, Xitoyning Huawei kompaniyasi dunyoda 5G texnologiyalarini sotish bo‘yicha yetakchiga aylandi. Buning asosiy sababi – yuqori sifatli 5G texnologiyali mahsulotlarini Finlandiya va Janubiy Koreyadagi raqobatchilardan arzon narxlarda taklif qilmoqda. The Wall Street jurnali ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoy hukumati kompaniyaga 75 milliard dollarlik qarz, soliq imtiyozlari va grantlar taqdim qilgan (taqqoslash uchun, O‘zbekiston YaIM 2020 yilda 57 milliard dollarni tashkil qilgan). Shuningdek, ushbu kompaniya «Bir makon, bir yo‘l» dasturida ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Xitoyning sun'iy intellekt sohasidagi eng katta muvaffaqiyati milliardlab aholisini yagona axborot tizimiga birlashtirishga erishdi va cheksiz ma'lumotlar bazasini yaratdi. Mamlakatda elektron tijorat giganti Alibaba, WeChat dasturini ishlab chiqqan Tencent, dronlar bozorida hukmronlik qiladigan DJI kabi sun'iy intellektga asoslangan korporatsiyalar paydo bo‘ldi.

SenseTime Xitoyning videokuzatuv tarmog‘i uchun yuzni aniqlash texnologiyasini taqdim etdi va dunyodagi eng qimmat sun'iy intellekt kompaniyasi sifatida baholanmoqda. Qonun bo‘yicha, ushbu kompaniyalar razvedka maqsadlarida davlat bilan hamkorlik qilishlari shart, ya'ni ikki tomonlama hamkorlikning kuchli mexanizmi yillar davomida yaratildi.

Ko‘proq va kengroq o‘ylash

AQSh Xitoyning texnologik taraqqiyotini o‘zining harbiy qudrati yordamida yengishga intilmoqda. Ammo kengroq o‘ylaganda, Xitoyning 5G, sun'iy intellekt, kvant hisoblash va biotexnologiya sohasidagi yutuqlari hech qanday o‘q otishni talab qilmaydigan ulkan raqobat maydoniga AQShni tortmoqda. Texnologik ustunlik Xitoyga juda katta ta'sir o‘tkazish imkoniyatini beradi.

Xitoy tizimlarini sotib olayotgan mamlakatlar shunchaki elektr tarmoqlari, sog‘liqni saqlash texnologiyalari yoki onlayn to‘lov tizimlarini olamiz deb o‘ylashlari mumkin, ammo aslida ular muhim milliy infratuzilmani va fuqarolarning ma'lumotlarini Pekin qo‘liga topshirishlari ham mumkin. Xitoyning eksport texnologiyalari qaysidir ma'noda «Troya oti» vazifasini bajaradi. AQSh hukumati 5G tarmog‘iga egalik qiluvchi Huawei kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar qo‘lladi. G‘arb mamlakatlari Xitoyning 5G tarmog‘ini ichki ma'lumotlarni o‘g‘irlash vositasi yoki inqiroz paytida aloqa tarmoqlarini sabotaj qilishi yoki buzishi mumkin deb hisoblashmoqda. AQSh hukumati o‘zining G‘arbdagi ittifoqchilariga Xitoyning 5G tarmog‘ini qabul qilsalar, ular bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni to‘xtatish bo‘yicha ultimatum qo‘ygan.

AQSh siyosatchilarining fikriga ko‘ra, Jo Bayden hukumati ham harbiy ham aholining kundalik faoliyatida ishlatiladigan texnologiyalarining innovatsiyasiga yetarli miqdorda mablag‘ ajratmasa, ichki bozor o‘z ehtiyojlarini Xitoy mahsulotlari yordamida ta'minlashga intiladi.

Prezident Jo Baydenning «orqaga qaytib, yaxshiroq qurish» dasturida ilmiy-tadqiqotlarni kuchaytirish uchun 300 milliard dollar sarmoya ajratishini e'lon qildi. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Bayden hukumati davrida yetarli choralar ko‘rilmasa, bu davr AQShning global iqtisodiy va texnologik hukmronligining oxirgi bosqichi bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid