Jamiyat | 14:30 / 07.03.2021
14245
6 daqiqa o‘qiladi

Tashxislashdan dorilargacha bepul, lekin bemorlar nega pulga muhtoj? Onkogematologiya mutaxassisi bilan suhbat

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy markazi direktori Abdurahmon Qayumov Kun.uz bilan suhbatda onkogematologik kasalliklarni davolash bepul bo‘lsa-da, bemorlar mablag‘ga zarurat sezishi, onkopsixologiya xizmatiga ehtiyoj, qonning o‘sma kasalliklaridan tuzalish ko‘rsatkichlari haqida ma'lumot berdi.

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya markazi 1941 yildan beri ilmiy-tekshirish instituti maqomida faoliyat ko‘rsatib kelgan, 2020 yil fevral oyida ilmiy-amaliy markazga aylantirilgan. Markaz respublikada gematologik xizmatni shakllantirish, hududlar va markazda metodik yordam berish, davolash protokollari, tashxis standartlarini ishlab chiqish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi. Markaz filiallari viloyat ko‘p tarmoqli kasalxonalar qoshida kattalar gematologiya bo‘limlari hamda viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonalarida bolalar gematologiya bo‘limlari sifatida faoliyat yuritadi.

Markaz direktori Abdurahmon Qayumov Kun.uz bilan suhbatda onkogematologik (qonning o‘sma/saraton xastaliklari) kasalliklarni davolash bepul bo‘lsa-da, bemorlar mablag‘ga zarurat sezishi, onkopsixologiya xizmatiga ehtiyoj, qonning o‘sma kasalliklaridan tuzalish ko‘rsatkichlari haqida ma'lumot berdi.

«Bolalar murojaatlarining 20-25 foizi oqqon kasalliklari»

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya markazi 260ta yotoq joyga ega bo‘lib, ulardan 105tasi bolalarga, qolgani kattalarga moslashtirilgan. Hududlar kesimida 405ga yaqin bolalar uchun va xuddi shuncha kattalar uchun koyka o‘rinlari mavjud.

Yil davomida respublika bo‘yicha markaz poliklinikalariga 60 ming atrofida murojaat bo‘lib, ulardan 20-30 foizi bolalar bilan bog‘liqdir. Xususan, bolalarning tibbiy holati bo‘yicha qilingan murojaatlarda tashxis qo‘yilib, tahlillar o‘tkazilganda umumiy nisbatning 20-25 foizi oqqon kasalliklari ekani ayon bo‘ladi.

Qanday davo turlari qo‘llanmoqda?

Hozirgacha fanda ma'lum bo‘lgan qonning o‘sma kasalliklarini davolash bo‘yicha dunyo protokollari mavjud. O‘zbekistonda ham ularning davolashga  mablag‘, dori vositalari ajratilgan. Shuningdek, ajratilayotgan pul mablag‘lari yildan yilga ko‘paytirib borilmoqda. Xususan, yaqinda hujayra  darajasida tashxislashni yo‘lga qo‘yish uchun 200 ming dollar qiymatida uskuna va reagentlar xarid qilindi. Kimyoterapiya amaliyotlari uchun 48 turdagi kimyoviy preparatlar ham xarid qilingan. Suyak o‘zak hujayralarni ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirda oqqon kasalliklarini davolashda target, ya'ni nishonga oluvchi preparatlardan foydalanilmoqda. Ular juda qimmatbaho va yuqori samarador hisoblanadi. Ular faqatgina kasal hujayraga ta'sir ko‘rsatadi va sog‘lom hujayralarga zarar yetkazmaydi.

Abdurahmonov Qayumov

Barchasi bepul bo‘lsa, nega bemorlar davolanish uchun mablag‘ izlashadi?

Onkogematologik kasalliklarni tashxislashdan tortib, muolajalar va dori peraparatlarigacha barchasi bepul amalga oshiriladi. Shunga qaramay, onkologiyadan davolanayotgan bemorlarning moddiy ko‘mak so‘rab murojaat qilishlarini ko‘p kuzatamiz. Onkogematologik kasalliklarning boshqa xastaliklardan farqi ularning davriy davolanishidir. Bemor 2-2,5 yil davomida 6-10 marta kimyoterapiya oladi.

Gap shundaki, kimyoterapiya faqatgina o‘sma hujayralariga emas, balki boshqa organlarning sog‘lom hujayralariga ham ta'sir ko‘rsatadi. Shu bois, bemor kimyoterapiya bilan parallel ravishda boshqa yondosh terapiyalarni ham olishiga to‘g‘ri keladi. Yurak, jigar va boshqa organlarni mustahkamlovchi muolajalar o‘tkaziladi, virus yoki mikrob yuqmasligi uchun ehtiyot choralari ko‘riladi, qon mahsulotlari (plazma, trombotsitlar) yuborishga to‘g‘ri keladi. Ya'ni onkogematologik kasalliklarni davolash bir qancha yo‘nalishlarda amalga oshiriladi. Shuning uchun ham bemor moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoj sezishi mumkin.

Nafaqat rivojlanayotgan, balki rivojlangan davlatlarda ham onkologiya tashxisi qo‘yilgan bemorlarni davolashga katta mablag‘ talab etiladi va bu saxiy insonlar, homiylik mablag‘lari yordamida amalga oshiriladi.

«Bolalarda tuzalish ko‘rsatkichi kattalarnikidan yuqoriroq»

Onkogematologik kasalliklardan tuzalish ko‘rsatkichi kattalar va bolalarda turlicha. Bolalar o‘tkir limfoblast leykoz kasalliklarida 70-90 foizgacha tuzalish kuzatilmoqda.

Kattalarda esa tuzalish nisbatan sekinroq kechgani, ularda qo‘shimcha kasalliklarning ham mavjud bo‘lishi hisobiga bu ko‘rsatkich nisbatan kamroq, ya'ni 50-60 foizni tashkil qiladi.  

«Oqqon faqatgina gematolog va onkolog davolaydigan kasallik emas»

Onkogematologik kasallik tashxisi qo‘yilgan bemor va uning yaqinlari kayfiyatida o‘zgarish, tushkunlik paydo bo‘ladi. Shuning uchun bunda faqatgina kasallikni davolovchi onkolog va gematolog shifokorlarning emas, boshqa mutaxassislarning ham yordamiga zarurat paydo bo‘ladi.  

Hozirda bunday bemorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun nodavlat tashkilotlar, ko‘ngilli guruhlar konsertlar, to‘garaklar tashkil qilish orqali yordam ko‘rsatishadi. Ammo bemorning o‘z tuzalishiga ishonchini mustahkamlash uchun juda zarur bo‘lgan professionol psixologik xizmat yo‘lga qo‘yilmagan. Bu boradagi tadbirlarni yanada kuchaytirish lozim. Bemor faqatgina o‘z xastaligi haqida o‘ylamasligi, ruhiy tushkunlikdan chiqishi uchun kerakli mutaxassislarni jalb qilish kerak. Bu juda muhim. Ammo hozir bu vazifa volontyorlik guruhlari va nodavlat tashkilotlar yordamigagina asoslanib qolgan.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.
Tasvirchi: Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid