Sport | 22:23 / 10.03.2021
9827
2 daqiqa o‘qiladi

Tomas Bax XOQ prezidenti lavozimiga qayta saylandi

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining amaldagi prezidenti Tomas Bax yangi 4 yillik muddatga qayta saylandi. Bu haqda XOQning 137-sessiyasi davomida ma'lum qilindi.

Foto: Matt King/Getty Images

Bax ushbu lavozimga yagona nomzod bo‘ldi. Uning qayta saylanishiga 93 kishi ovoz bergan, bir kishi qarshi chiqqan, 4 kishi betaraflik bildirgan.

“Qadrdon do‘stlar va hamkasblar, sizlarga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildiraman. Biz o‘tgan qiyinchiliklar va islohotlarni hisobga olsak, bu ajoyib natijadir. Men XOQga saylovoldi shiorim “Birdamlik turfa xillikdadir”ga muvofiq holda rahbarlik qilmoqchiman va barcha uchun prezident bo‘lmoqchiman. Biz Olimpiya shiorimiz “Tezroq, balandroq, kuchliroq”ga muvofiq yashay olamiz”, deb aytgan Bax.

U, shuningdek, Olimpiya shioriga “birgalikda” so‘zini qo‘shishni taklif qilgan.

XOQ prezidentining yangi muddat uchun vakolatlari Tokioda 23 iyuldan 8 avgustgacha o‘tadigan Olimpiada yakunlangandan keyin kuchga kiradi.

67 yoshli Bax XOQga 2013 yildan beri rahbarlik qilib keladi. U o‘shanda 8 yillik muddatga saylangandi. Tartib-qoidaga ko‘ra, Bax 4 yillik yana bir muddatga saylanishi mumkin bo‘lgan. 

Bax qilichbozlik bo‘yicha 1976 yilgi Olimpiya chempioni hisoblanadi. Nemis mutaxassisi 1991 yilda XOQ a'zosi bo‘lgan, 1996 yildan 2000 yilgacha tashkilotning ijroiya qo‘mitasi tarkibiga kirgan, 2000 yildan XOQ vitse-prezidenti lavozimini egallagan.

Mavzuga oid